16:39 / 08.04.2021
11602
Tashqi ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

G‘ayrat Fozilov tashqi ishlar vazirining Yevropa davlatlari bilan hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘ayrat G‘aniyevich Fozilovni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

U Yevropa davlatlari bilan hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalar bo‘yicha vazir o‘rinbosar vazifasini bajaradi.

G‘ayrat Fozilov 1996 yili Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetini tamomlagan. U 2015 yildan buyon Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida mehnat qilib kelgan. Undan avval, 2012-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining NATO huzuridagi missiyasi maslahatchisi, 2010-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Kadrlar va o‘quv yurtlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i sifatida xizmat qilgan.

U 2017 yilga qadar ham tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2017 yil O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlangandi.  

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil martidan buyon tashqi ishlar vazirining Yevropa davlatlari bilan hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Sherzod Asadov 2021 yil martida Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari - prezidentning matbuot kotibi etib tayinlandi.

Top