09:49 / 15.04.2021
9950

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonning yangi parlamenti yuqori palatasi raisi etib saylandi   

Foto: Kommersant

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatning yangi ikki palatali parlamentining yuqori palatasi – Xalq Maslahati raisi etib saylandi. Turkmanistonda ikki palatali parlament tizimiga o‘tishga 2020 yil sentyabrda qaror qilingandi.  

Parlament Milliy Gengesh (Milliy kengash), uning quyi palatasi esa Mejlis nomini oldi. Berdimuhamedov Xalq Maslahati raisi lavozimiga yagona nomzod bo‘ldi va ushbu lavozimga yuqori palataning 14 apreldagi ilk yig‘ilishi davomida o‘tkazilgan yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra saylandi. 

«Men ushbu lavozimga saylanishimni katta hurmat va xalqimiz oldidagi ulkan mas'uliyat deb qabul qilaman. Palatalar va parlament to‘laqonli ishlashi uchun har tomonlama ko‘mak ko‘rsataman», deb aytgan Turkmaniston prezidenti. 

Yuqori palata yig‘ilishida, shuningdek, rais o‘rinbosari ham saylangan va 5ta qo‘mita tashkil etilgan. 

Xalq Maslahati tarkibiga 56 kishi kiradi. Ulardan 48 nafari 28 martda o‘tgan umumxalq ovoz berishi davomida saylangan. Palataning yana 8 a'zosini prezidentning o‘zi tayinlaydi. Turkmanistonning sobiq prezidentlari Xalq Maslahati a'zosiga aylanadi. Parlament deputatlarining vakolat muddati 5 yilni tashkil qiladi.  

Turkmaniston parlamentining yuqori palatasi Mejlis qabul qilgan konstitutsion o‘zgarishlar, qonunlarni ma'qullaydi yoki rad etadi, mamlakatda referendumlar o‘tkazilishi, chegaralarni o‘zgartirish, prezident taklifiga ko‘ra oliy sud raisi, bosh prokuror, ichki ishlar vaziri va adliya vazirini tayinlash va bo‘shatish bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi. Shuningdek, palata prezidentni davlat mukofotlari bilan taqdirlaydi, unga harbiy va boshqa davlat unvonlarini beradi. Agar prezident o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, unda Xalq Maslahati raisi vaqtincha prezident vazifasini bajaradi.    

Top