Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkmanistonda «Do‘zax darvozasi» olovini o‘chirish usuli topilgani ta’kidlanmoqda
Darvoza qishlog‘i yaqinidagi tabiiy gaz krateri 60 yildan buyon yonyapti. Turkmaniston prezidenti uni o‘chirishni bir necha bor talab qilgan edi.
Foto: Carolyn Drake
«Turkmengaz» davlat konsernining Tabiiy gaz ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari 1963 yildan beri tabiiy gaz yer yuzasiga chiqib, yonayotgan Markaziy Qoraqumdagi «Darvoza» kraterining nazoratsiz yonishini bartaraf etish usulini ishlab chiqdi. Yechim yangi quduq burg‘ilash va gaz oqimlarini qayta yo‘naltirishga asoslangan. Bu haqda «Nebit-Gaz» nashriga tayanib «Turkmenportal» xabar berdi.
«Aniqlangan geologik va gidrodinamik xususiyatlarni inobatga olgan holda Tabiiy gaz ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan Chaljulba konida ekspluatatsion baholash qudug‘ini burg‘ilash taklifi berildi. Zaxiralari bo‘yicha eng sig‘imli qatlamdan gazni jadal olish hisobiga filtratsiya oqimlari yo‘nalishini o‘zgartirish va kraterga gaz chiqishini sezilarli darajada kamaytirish imkoniyati yaratildi», deyiladi xabarda.
Yonayotgan krater Ashxoboddan 260 km shimoldagi Darvoza qishlog‘i yaqinida joylashgan. U yarim asrdan ko‘proq vaqt oldin, 1963 yilda (ba’zi manbalarda 1971 yilda) geologik ishlar natijasida paydo bo‘lgan. Gaz konini o‘rganish paytida geologlar quduqni burg‘uladi va bo‘shliqqa duch keldi, oqibatda tuproqning yuqori qatlamlari va burg‘ulash qurilmasi qulab tushdi. Teshik hosil bo‘lib, undan tabiiy gaz sizib chiqa boshladi.
Mahalliy aholi va hayvonlar gazdan zaharlanmasligi uchun krater qasddan yoqib yuborildi. Gaz bir necha kundan keyin yonib tugashi rejalashtirilgan edi, ammo u ko‘p qatlamli kon bo‘lgani sababli bugungi kungacha yonishda davom etmoqda. Kraterning kengligi taxminan 60 m, chuqurligi esa taxminan 20 m. Krater rasmiy ravishda «Qoraqum shu’lasi» va norasmiy ravishda «Do‘zax darvozasi» deb nomlangan mahalliy diqqatga sazovor joyga aylandi.
2010 yilda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kraterning yonishi yaqin atrofdagi gaz konlarini o‘zlashtirishga xalaqit bermasligi uchun uni o‘chirishni buyurgan edi. 2022 yilda u o‘z talabini takrorladi. Prezident yer ostidan sizib chiqayotgan gaz mahalliy aholi salomatligi va hududdagi ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, tabiiy gazni eksport qilish va foyda olish mumkin bo‘lgan holda isrof qilinayotganini aytdi.
Mavzuga oid
22:57 / 22.12.2025
Farg‘onada metan muammosi: shoxobchalar ochilmadi, vazir va’da qilgan konteynerlardan darak yo‘q
20:33 / 22.12.2025
Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksporti 2030 yilda to‘rt barobar o‘sishi mumkin
11:37 / 19.12.2025
Neft-gaz sohasida kutilgan natijalarga erishilmayapti - Qo‘chqorov
18:06 / 16.12.2025