12:20 / 22.04.2021
6441
Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Izohlanishicha, mazkur qaror inflatsiya darajasini pasaytirish va iqtisodiyotning tiklanib borishi sharoitida iqtisodiy faollikni ko‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlash, tashqi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha xatarlar fonida inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayuvchi dinamikasini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Rasmiy relizga ko‘ra, yilning 1-choragida va aprel oyida kuzatilayotgan makroiqtisodiy vaziyat pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining bazaviy ssenariysida keltirilgan shartlar doirasida shakllanmoqda.

Xususan, 2021 yilning fevral-mart oylarida iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari tiklanishda davom etdi. Tovar-xomashyo birjasidagi operatsiyalar hajmi, banklararo tranzaksiyalar, savdo va pullik xizmat ko‘rsatishdan tushumlar o‘zgarishlari asosida hisoblab chiqiladigan Iqtisodiy faollik indikatorining barcha komponentlari ham yanvar oyidagi pasayishdan so‘ng mart oyida sezilarli darajada tiklandi.

Statqo‘m ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yil I choragida YaIM hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 3 foizga o‘sdi.

Fevral oyidagi budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlari ish haqi hamda stipendiyalarining oshirilishi, markazlashmagan manbalar hisobidan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmining o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ldi.

Xususan, birinchi chorak davomida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 35,6 trln so‘mni tashkil etdi. Yanvar-mart oylarida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga 32,9 trln so‘mlik, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foiz ko‘p kreditlar ajratildi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Jahonda va asosiy savdo-hamkor davlatlarda iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanib borishi kuzatilmoqda.

Jahonda iqtisodiy faollikning tiklanib borishi asosiy birja tovarlari narxlarini o‘zgarishida ham o‘z aksini topmoqda. Xomashyo mahsulotlari narxlaridagi o‘sish dinamikasi yilning birinchi choragida tovarlar eksporti hajmining (oltin va gazni hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga o‘sishiga xizmat qildi. Bunda, rangli metallar eksporti 58 foizga, tekstil mahsulotlari 38 foizga va kimyo mahsulotlari 21 foizga oshdi.

Yilning dastlabki uch oyida transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sib, 1,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ushbu tendensiyalar, o‘z navbatida ichki valuta bozorining barqarorligiga xizmat qildi va 2021 yil 1 aprel holatiga milliy valuta almashuv kursining yil boshidan devalvatsiyasi 0,2 foizni tashkil etdi.

Inflatsiya va inflyatsion kutilmalar

Mart oyida yillik inflatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 0,7 foiz bandga pasaydi.

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik o‘sishi 13,9 foizni tashkil etib, umumiy inflatsiya darajasiga ta'siri yuqoriligicha (5,8 foiz band) saqlanib qolmoqda.

Birlamchi ahamiyatga ega asosiy iste'mol tovarlari narxlarining yuqori sur'atlarda oshishi tashqi bozorlarda hosildorlik va logistika bilan bog‘liq sabablar ta'sirida yuzaga kelgan konyunktura hamda ichki bozorlardagi raqobat sharoitlari va ishlab chiqarish hajmining cheklangani kabi omillar bilan izohlanadi.

Nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari o‘sishi mos ravishda 8,8 va 8,4 foizni tashkil etib, ushbu guruhlar umumiy inflatsiyaga pasaytiruvchi ta'sir ko‘rsatmoqda.

Joriy yil mart oyi yakunlari bo‘yicha bazaviy inflatsiya (umumiy inflatsiyadan mavsumiy va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlangan) 11,6 foizni tashkil etdi va umumiy inflatsiyadan biroz yuqori bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyotda inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Yil boshidan boshlab aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, joriy inflatsiya ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda.

Xususan, mart oyida kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 15,5 foizni, tadbirkorlik sub'yektlariniki esa 15,9 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, inflyatsion kutilmalar darajasining bosqichma-bosqich pasayib, 2020 yilning boshidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashayotgani, kutilmalarda o‘tgan yilgi pandemiya bilan bog‘liq oshiruvchi ta'sirlar rolini kamayayotganini bildiradi. O‘z navbatida, o‘simlik yog‘i va shakar narxlarida kuzatilayotgan joriy tendensiyalar inflyatsion kutilmalarni oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

Pul-kredit sharoitlari

2021 yilning yanvar-mart oylarida nisbatan qat'iy pul-kredit sharoitlari shakllandi. Pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyida 14,4 foiz yoki real hisobda

3 foizlik ijobiy darajada bo‘ldi. «Uzonia» indeksi ham birinchi chorak davomida to‘liq asosiy stavka foiz koridori doirasida shakllandi.

Muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarning 2020 yil dekabr oyidagi 14,8 foizdan 2021 yil mart oyida 17,8 foizgacha o‘sishi, birinchi chorakda muddatli depozitlar hajmining 10,5 foizga, jumladan jismoniy shaxslarning muddatli depozitlarini 13,8 foizga oshishiga xizmat qildi.

Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyida 21,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 foiz bandga pasaygan holda 2020 yil dekabr oyi ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllandi.

Prognoz va xatarlar

2021 yil yakunlari bo‘yicha YaIM hajmining real o‘sishi bazaviy ssenariyda keltirilgan 4,5-5,5 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilangan prognozlar iqtisodiy o‘sish sur'atlari ushbu prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda ham iqtisodiyotni fiskal rag‘batlantirishning davom ettirilishi va pul-kredit sharoitlarining o‘zgarishsiz qolishi fonida yalpi talabning tiklanib borishi, iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishining jadallashishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda asosiy omillardan bo‘ladi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilishi ko‘zda tutilayotgan kreditlar, hududlarda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilsa, aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturlari doirasida yo‘naltiriladigan mablag‘lar qurilish sohasini va unga tutash tarmoqlarni rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.

Iqtisodiyotga ajratilgan kredit qo‘yilmalari o‘sish sur'atlarining YaIM nominal hajmi o‘sishi darajasida bo‘lishi moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Markaziy bank tashqi bozorlar va asosiy oziq-ovqatlar taklifidagi o‘zgarishlarning yil oxirigacha inflatsiyaga ta'sirlarining saqlanib qolishi va yalpi talab o‘sishining narxlarni oshiruvchi xususiyati ortib borishini inobatga olgan holda 2021 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiyaning 9,0-10,0 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilmoqda. Bunda, yil so‘ngiga qadar inflyatsion jarayonlar va kutilmalar ham monetar ham nomonetar omillarning turli yo‘nalishdagi ta'sirlari ostida shakllanadi.

Avval ta'kidlanganidek, joriy yil oxirigacha tartibga solinadigan narxlar oshirilmasligi, o‘tgan yilning aprel oyi va oktabr oylaridagi yuqori baza effekti, 2020 yilning IV choragi va 2021 yilning I choragida so‘m almashuv kursining nisbatan barqaror bo‘lganligi kelgusi choraklarda yillik inflatsiya darajasini pasaytiruvchi omillardan bo‘ladi.

O‘z navbatida, qisqa muddatli istiqbolda ayrim turdagi asosiy oziq-ovqat narxlarining sezilarli o‘sishi, bir tomondan, hosildorlikning kam bo‘lgani va ayrim davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga nisbatan kiritilayotgan cheklovlar ta'sirida tashqi bozorlardagi narxlarning o‘sishi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, ushbu mahsulotlarni import qilishda konsentratsiya darajasi va ichki ishlab chiqarishda tannarx xarajatlarining nisbatan yuqoriligi bilan izohlanadi.  

Oziq-ovqat narxlari dinamikasi bo‘yicha xatarlarning oshib borishi sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlashda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlash bo‘yicha yagona davlat strategiyasi, import bozorlarini diversifikatsiya qilish, importda konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish va transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Shuningdek, meva, sabzavot va ozuqa-yem mahsulotlari hajmlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish va ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun zaruriy yer maydonlarini hamda suv resurslari ajratilishi kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini muvozanatlashishiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, ichki va tashqi omillar ta'sirida inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kutilganidan uzoqroq muddat saqlanib qolishi joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2021 yil 10 iyunga belgilangan.

Top