08:33 / 26.04.2021
6891
Hukumat iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qildi

 Vazirlar Mahkamasi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat Prezidentning "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida" 2021 yil 3 fevraldagi farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Qaror bilan davlat dasturining 166-bandiga muvofiq quyidagilar:

  • hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ular ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilmiy dasturni amalga oshirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari mablag‘lari hisobidan 50 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi;
  • yoshlar uchun e'lon qilinadigan startap loyihalari tanlovi talablarining soddalashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi;
  • 2021 yildan boshlab iqtidorli yoshlar o‘rtasida "Akademik harakatchanlik" dasturi va "Bo‘lajak olim" tanlovi tashkil qilinishi;
  • iqtidorli yoshlar ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularning xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarga qisqa muddatli stajirovkalari tashkil etilishi va boshqalar nazarda tutilgani ma'lumot uchun qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • "Akademik harakatchanlik" dasturi doirasida respublikadagi yosh olimlar o‘rtasida tanlovlarni tashkil qilish muddati va tartibi, loyihalarga qo‘yilgan talablar, loyihalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini tashkil etish, loyihalarni ko‘rib chiqish, tanlab olish va amalga oshirish, shuningdek, ularni moliyalashtirish va monitoringini yuritish tartibini nazarda tutuvchi "Akademik harakatchanlik" dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • ilmiy g‘oya, ilmiy va startap loyihalarni shakllantirish va ularni ko‘rib chiqib, tanlab olish, tanlov komissiyasi faoliyatini tashkil etish, loyihalarni moliyalashtirish va monitoring qilish tartibini nazarda tutuvchi "Bo‘lajak olim" tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • yosh olimlarning yetakchi ilmiy tashkilotlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar o‘tashi tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Hujjat bilan "Akademik harakatchanlik" dasturini amalga oshirish, shuningdek "Bo‘lajak olim" tanlovini tashkil etish va o‘tkazish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari belgilandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagilar topshirildi:

  • 2021 yildan boshlab har yili kamida bir marotaba respublikadagi ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlar o‘rtasida "Bo‘lajak olim" va "Akademik harakatchanlik" dasturi doirasida tanlovlar tashkil etish;
  • iqtidorli yoshlarni xorijiy oliy ta'lim muassasalar va ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovka o‘tashga davriy ravishda, tanlov asosida, har yili kamida bir marotaba yuborishni tashkil etish va boshqalar.
Top