20:04 / 26.04.2021
841
Samarqandda ayol tanishining suratlarini tarqatish bilan tahdid qilib pul olgan erkak ushlandi

Samarqand viloyati Narpay tumanida ayol tanishining nojo‘ya ko‘rinishda tushgan suratlarini tarqatish bilan tahdid qilib pul olgan erkak qo‘lga olingan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 23 aprel kuni soat 13:00 da 30 yoshli Q.Ozodjon Narpay tumani Amir Temur mahallasida tanishi 28 yoshli R.Feruzaning nojo‘ya ko‘rinishdagi suratlarini tarqatish bilan tahdid qilgan. U suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik evaziga R.Feruzadan 1,5 million so‘m pul so‘ragan. So‘ng, ushbu pullardan 1 million so‘mni tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida Narpay tumani IIB JQB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tovlamachidan kimyoviy ishlov berilgan 1 million so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Q.Ozodjon 2021 yil aprel oyining boshida R.Feruzaning nojo‘ya ko‘rinishidagi rasmlarini telefonidan o‘chirib tashlash evaziga undan 300 ming so‘m pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olganligi aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Q.Ozodjonga nisbatan jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Top