20:05 / 11.05.2021
12309
O‘zbekistonda «Zakotim» onlayn dasturi ishlab chiqildi

Moli nisobga yetgan musulmonlarga zakot miqdorini aniq va oson hisoblab chiqish imkoniyatini beruvchi «Zakotim» onlayn dasturi ishlab chiqildi.

Bugun, 11 may kuni Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida «Zakotim» onlayn zakot hisoblash platformasining taqdimoti o‘tkazildi.

Dastur islom moliyasi mutaxassislari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari hamda Toshkent islom instituti pedagoglari hamkorligida ishlab chiqilgan.

«Zakotim» yordamida moli nisobga yetgan musulmonlar o‘z moliyaviy ibodat va majburiyatlari bo‘lgan zakotni aniq va oson hisoblab chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Ta'kidlanganidek, zakotning beqiyos umuminsoniy, ijtimoiy va iqtisodiy foydalari bor.

fwKkQsiN9LtPzvSCg4yqeeWObPgfKkEK.jpg (1280×853)

Ijtimoiy uyg‘unlik va adolat. Zakot – kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi ko‘prikdir. Zamonaviy iqtisodiyotda boylik bir necha kishi qo‘lida to‘planadi, kambag‘allarning moddiy ahvoli esa yomonlashib boraveradi. Zakotning maqsadlaridan biri ana shunday ijtimoiy tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslikdir.

Ijtimoiy himoya. Zakot – ijtimoiy himoya vositasidir. Bugun qo‘lida yetarlicha mablag‘i borlar muhtojlarga yordam beradi. Agar ertaga vaziyat o‘zgarib, o‘sha odamlarning o‘ziga moliyaviy yordam zarur bo‘lib qolsa, ular zarur bo‘lgan mablag‘larni boshqalardan olishi mumkin.

Mol-mulkka hirs qo‘yganlar uchun eng yaxshi ta'sir vositasi. Zakot pul mablag‘lari va to‘plangan mol-mulkdan olinadi, shu sababli, har yili zakot beradigan kishi mol-mulkini sarmoya sifatida biror bir tijorat/tadbirkorlik faoliyati orqali ko‘paytirishga harakat qiladi, ya'ni zakot to‘lovchi mol-mulki yildan yilga kamayib boravermasligi uchun uni ko‘paytirishga intiladi. Uning moli ko‘paygan sari u ko‘proq zakot to‘laydi, bu bilan bo‘ynidagi farzni bajaradi va jamiyatga foydasi tegadi. Bunda zakot so‘zining «o‘sish» degan lug‘aviy ma'nosi ko‘rinadi.

Boyliklarning jamiyatda aylanishi. Zakot sababli boylik bir joyda to‘planmay, aylanma mablag‘ ko‘rinishida butun jamiyatga foyda keltiradi. Zakot qashshoqlikning kamayishiga sezilarli darajada ta'sir qiladi. Agar zakot tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, jamiyatda kambag‘allikka to‘liq barham berilishi mumkin.

Insoniy birodarlik. Zakot kishilar orasidagi oqibatni va ular orasidagi birodarlik ruhini kuchaytiradi.

O‘z vazifasini bajarish va o‘zini hurmat qilish. Zakot – boylar uchun majburiy amaldir. Bu ularning kambag‘allarga nisbatan saxovatpeshaligini anglatmaydi, balki ular Alloh tomonidan farz qilingan vazifani bajarish orqali o‘zlarini oxiratda Allohning g‘azabiga duchor bo‘lishdan saqlashga harakat qilishlarini bildiradi.

Tilanchilikka barham berish. Agar zakot berishga qodir har bir kishi o‘z vazifasini ado etsa, jamiyatda kambag‘al yoki muhtoj kishilar tilanchilik qilishgacha bormaydilar. Islom dini boylarning muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishlarini shart qilishi barobarida kambag‘allarni tilanchilik qilishdan qaytargan.

Tinchlik va taraqqiyot. Zakot jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasida moliyaviy muvozanatni ta'minlashi orqali, ijtimoiy adolatni ta'minlaydi. Buning natijasida jinoyatchilik darajasi ham pasayadi. Shu tarzda butun jamiyat hamjihatlikda taraqqiyotga intiladi, rivojlanadi. Moddiy boyliklarning adolatli taqsimlanishi ishsizlik darajasini pasaytiradi va iqtisodiy inqirozlarning oldini oladi.

Agar zakot berishga qodir kishilar o‘zlariga farz qilingan bu amalni chin dildan va to‘laqonli ado etsalar, davlatning ijtimoiy dasturlari bilan bir qatorda, zakot – butun bir jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy holatini ijobiy tomonga o‘zgartira oladigan vositadir.

«Zakotim» onlayn zakot hisoblash dasturi esa zakot mablag‘larini yig‘ish, jamg‘arish va samarali taqsimlash imkoniyatini beruvchi ishonchli onlayn platforma sifatida ishlab chiqildi.

Top