22:05 / 17.05.2021
11705
Reportaj: O‘zbekistonda ilk marta onlayn Qur'on musobaqasi o‘tkazildi

16 may kuni Toshkent shahridagi Dubay restoranida AzonTV tomonidan Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab «Qur'oni Karim musobaqasi – 1442» final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri tashkilotchilar, ishtirokchilar va tomoshabinlar bilan suhbatda bo‘ldi.

Qorilar musobaqasi tashkilotchisi, AzonTV asoschisi Mubashshir Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, mas'ullar aholining Qur'oni karimni o‘rganishidan qo‘rqmasligi lozim.

«Ushbu yilda o‘tkazilayotgan Qur'on musobaqasi o‘ziga xos tarzda bo‘ldi. Sababi Qur'on musobaqalarini butun dunyoda juda katta tantana bilan o‘tkazadigan mamlakatlar ham pandemiya sharoiti tufayli o‘tkaza olmadi. Lekin bizning diyorimizda bu an'ana davom etdi. Boshqa biror davlat onlayn Qur'on musobaqasini o‘tkazgani haqida eshitmadik, O‘zbekistonda shu narsa amalga oshdi. Qolaversa, ishtirokchilarning ko‘pligi tufayli bu tadbir yanada qiziqarli bo‘ldi.

Mubashshir Ahmad

Mingdan oshiq qori saralash bosqichlarida qatnashdi, ularning ichidan tanlab olingan 280 nafar qori onlayn musobaqalarda ishtirok etdi. Bulardan ham 28 nafari tanlab olinib, ularning o‘rtasida bugun yakuniy bosqich o‘tkazildi.

Ma'lumki, har bir ish boshlanishida mukammal bo‘lmaydi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Biroq oldingi Qur'on musobaqalaridan chiqarilgan xulosalar asosida, qorilarning ham bu musobaqaga qiziqishlari boshqacha bo‘lgani ilgari o‘tkazilgan musobaqalardan farqlanadi.

Avvallari saralash bosqichlari qorilar yashaydigan mintaqada o‘tkazilgan bo‘lsa, endi Toshkentdagi studiyamizdan turib saralash bosqichlari o‘tkazildi. Bunda qorilarimizdan nafaqat Qur'on to‘g‘risidagi bilimlari, balki zamonaviy aloqa vositalari, texnologiyalarini ham bilish talab etildi. Yana yildan yilga musobaqalarning saviyasi oshgani uchun oldingi musobaqalardan ko‘ra qorilarning Qur'on yodlash, tajvid borasidagi ilmlari mukammallashganiga guvoh bo‘ldik.

Boshida biz haftasiga ikki yo‘nalish bo‘yicha 20 nafar qorini imtihon qilamiz, deb o‘ylagan edik. Birinchi haftada mingdan ortiq qori ariza topshirdi. Bu biz kutganimizdan 10-12 baravar ko‘p va qiziqish katta ekanini ko‘rsatadi.

Alhamdulillah, yurtimizdagi ochiqlik siyosati tufayli Qur'on kurslari tashkil etildi, masjidlarimizda ham imomlarimiz qo‘llaridan kelgancha ta'lim berishyapti. O‘quv markazlarida arab tili bo‘yicha ta'lim olganlar Qur'on harflarini tanishadi, kelajakda masjidlar qoshida yana Qur'on kurslari ochilishidan umid qilamiz.

Bu har tomonlama yaxshi ish bo‘lardi, inson qalbiga Qur'on kirib borar ekan, yaxshilik qilishni xohlaydi. Jamiyatda ezgulik keng tarqaladi. Shuning uchun mas'ullarga murojaat qilib aytar edimki, Qur'oni karimdan qo‘rqmasligimiz kerak. Qur'on odobimiz, axloqimizni kuchaytiradi», – deydi ulamo.

Musobaqa bosh hakami Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid ham Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid

«Ba'zi hududlarda internet tezligi sifatli va yetarli darajada bo‘lmagani uchun ayrim qorilarimiz qatnasha olmadi. Saralash bosqichlarida qorilar o‘z uylaridan turib aloqaga chiqishdi va biroz hayajondan xoli holda, erkin javob bera olishdi. Ikkinchi tomondan, hakamlarga mas'uliyatni oshirdi, chunki ovozlar bilvosita texnik qurilmalar vositasida eshitildi va baholashda biroz murakkabliklar kuzatildi, lekin alhamdulillah, hakamlar katta tajribaga ega ekani qo‘l keldi.

Albatta, bu musobaqa keyingilari uchun ulkan tajriba bo‘lib xizmat qiladi. Yana shu kabi qorilar musobaqasida ishtirok etish istagi tug‘ilgan yurtdoshlarimizga Qur'oni karim tajvid ilmi va maqomlarini puxta egallashlarini, dunyo tan olgan ustoz qorilar qiroatlarini ko‘p eshitishlarini tavsiya etib qolaman», – deya fikr bildirdi musobaqa bosh hakami Hasanxon qori.

«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Muhammadaminxon Najmiddinov musobaqadagi ishtiroki va o‘zining Qur'on bilan bo‘layotgan safari haqida aytib berdi.

Muhammadaminxon Najmiddinov

«Men Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilib o‘sganman. 2019 yilda «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurtiga o‘qishga kirib birinchi kursda Qur'oni karimni to‘liq yod oldim.

Mazkur Qur'on musobaqasi o‘tkazilishi haqida eshitib juda ham xursand bo‘ldim va unda ishtirok etishga qaror qildim. Men qorilar musobaqasida tilovat yo‘nalishida ishtirok etyapman», – deydi u.

Ustoz Yahyo qori Turdiyev yaqin-yaqinlargacha Qur'on musobaqalari o‘tkazish mumkin bo‘lmagani haqida so‘z yuritdi.

Yahyo qori Turdiyev

«Qur'on musobaqasi yoshlar uchun bir karra yaxshi bo‘lsa, biz yoshi kattalar uchun nihoyatda ulkan hodisa bo‘ldi desam yanglishmayman. Yoshim 85ga borayotgan bo‘lsa, avvallari xayolimizga ham kelmas edi. Bu kabi musobaqalarni prezidentimiz o‘zlari boshlab bergan edilar, ana endi xalqimiz o‘zi ham qorilar musobaqasini tashkil qila boshladi.

Qur'onni hamma o‘qishi kerak. Buning uchun avvalo ota-onaning sa'y-harakati zarur bo‘ladi, ota-onada din mustahkam bo‘lishi lozim. Keyin ustozlarning mehnati va qorining jidd-u jahdi kerak.

Qur'on bilan hamnafas odamda yomon illatlar, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik bo‘lmaydi. Biz ham bolalarimizni shunday yo‘l bilan tarbiyalasak, yoshligidan Allohdan qo‘rqib o‘sha ishlarni qilmaydigan inson bo‘lib yetishadi», – deydi Yahyo qori Turdiyev.

Musobaqa g‘oliblari haqidagi dastlabki xabarimizdan ma'lum olishingiz mumkin:

Top