16 may kuni Toshkent shahrida Azon TV tashabbusi bilan marhum Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab «Qur'on musobaqasi – 1442» tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qur'on musobaqasiga qatnashish uchun O‘zbekiston bo‘ylab mingdan ziyod arizalar kelib tushgan bo‘lib, ilk bosqichda ulardan 280 nafari saralab olingan. Finalga esa 28 nafar qori yetib keldi.

Andijonlik Muhammadibrohim Karimov musobaqaning hifz yo‘nalishida (Qur'onni to‘liq yod olgan qorilar) mutlaq g‘olib bo‘ldi va «Spark» avtomobili bilan taqdirlandi.
Kun.uz jamoasi Andijonda Muhammadibrohim Karimov xonadonida bo‘lib, qorining otasi Tohirjon Karimov va ustozlaridan biri bilan suhbatlashdi.

«O‘g‘lim Muhammadibrohim qorini yoshligidan Islomga qiziqishi baland bo‘lgan. 6 yoshida 1 pora Qur'onni yod olgan bo‘lsa, 12 yoshda to‘liq 30 pora Qur'on yodlagan. Bobolari Andijondagi Devonaboy masjidiga olib borgan, u yerda Husanxon qori aka degan ustozdan ta'lim olgan. Shundan so‘ng Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi masjidlarda ramazon vaqtida xatmlarga o‘tib yurdi. O‘zining ilmi va harakati bilan O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilindi.
Mana, Allohning fazli bilan Qur'on musobaqasida ham g‘olib bo‘ldi. Bu yo‘lda onalari va bobolarining xizmatlari katta bo‘lgan», – deydi qorining otasi Tohirjon Karimov.

«Muhammadibrohim qori – Andijondagi yetuk qorilardan biri. U kishiga o‘zi xalq bahosini berib bo‘lgan. Alloh taolo Qur'onni tushirgan zamon va makonni ulug‘ qilgan. Qur'on yozilgan qog‘ozlar va bitiklar ham e'zozlanib yuqoriga qo‘yilar ekan, Qur'onni o‘ziga jo qilgan qalblar ham insonlar tomonidan e'zoz qilinadi.
Qur'onning qiyomatgacha saqlanish vositalaridan biri – uning kitoblarga yozilish bo‘lsa-da, ammo uning asosiy saqlanish joyi – mo‘minlarning qalblaridir. Chunki Qur'oni Karim qalblardan qalblarga o‘tadi. Uning zikri qachonki, ustozni oldida o‘tirgan vaqtda oson bo‘ladi», – deydi ustozlaridan biri Muhammadayyub Fayzulloh.

















