00:00 / 23.05.2021
9543
Shengen vizasi: U qanday paydo bo‘lgan?
Foto: Reuters / Scanpix

Sayohat qilishni sevuvchi yoki dunyo kezishni orzu qilgan kishi borki, sayohati qiyinchiliksiz va xavfsiz o‘tishini istaydi. Biroq ba'zi davlatlardagi mavjud viza rejimi sayohatchilar uchun ayrim muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Ammo dunyoda shunday vizalar ham borki, birgina vizaning o‘zi bir necha davlatlararo ortiqcha hujjatlarsiz harakatlanish imkonini beradi. Shunday vizalardan biri Shengen vizasidir. UzbekLife ushbu maqola orqali mazkur viza haqida atroflicha ma'lumot beradi.

Fransiya va Germaniya tomonidan dastlabki qadam

Yevropa davlatlari o‘rtasidagi fuqarolarning erkin harakatlanishi konsepsiyasi tarixi o‘rta asrlarga borib taqaladi. Biroq ushbu konsepsiya amalga oshirilishi Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrga to‘g‘ri keldi. 1984 yil 17 iyunda Fransiya hamda Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida Fonteynblau shahrida ikki mamlakat fuqarolarining erkin harakatlanishiga imkon beruvchi shartnoma tuziladi.

Keyinchalik ushbu shartnoma 1985 yilning 14 iyunida, Germaniya Federativ Respublikasi, Belgiya, Niderlandiya hamda Lyuksemburg davlatlari tomonidan Lyuksemburg janubidagi Mozell daryosi bo‘yidagi kichik qishloqchada imzolanib, uning sharafiga shartnoma Shengen (Schengen) nomi bilan ataldi.

1985 yil 14 iyun – Katerine Lalumer (Fransiya), Valdemar Shrekenberger (GFR), Pol De Kirsmeker (Belgiya),
Robert Gebbels (Lyuksemburg) hamda Uim van Eyekelen (Niderlandiya) tomonidan Shengen shartnomasi imzolanmoqda.

Mazkur shartnomaning tuzilishidan asosiy ko‘zlangan maqsad davlatlar orasidagi chegaralarda hujjat tekshiruvlariga chek qo‘yish edi.

Lyuksemburgdagi Shengen shartnomasi sharafiga qo‘yilgan monument

Besh yildan so‘ng, aniqrog‘i, 1990 yilning 19 iyuniga kelib, Shengen kelishuvining aniq vazifalarini belgilab beruvchi Konvensiya imzolanadi. Unga ko‘ra, a'zo davlatlar orasidagi o‘zaro ichki chegara nazorati bekor qilinib, tashqi chegaralar nazoratiga urg‘u berildi.

Shuningdek, Shengen Axborot Tizimi – SIS (Shengen Information System) barcha a'zo davlatlar uchun umumiy bo‘lgan ma'lumotlar bazasi tashkil etilib, yagona shakldagi viza ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, immigratsiya hamda ichki nazoratchilar orasida uzviy hamkorlik tizimi tashkil etildi.

Shengen hududi konsepsiyasi asta-sekin rivojlanib, a'zolar safi kengaya boshladi. Xususan, 1990 yil 27 noyabrida Italiya, 1991 yilning 25 iyunida Portugaliya va Ispaniya va 1992 yilning 6 noyabrida Gretsiya davlatlari shartnomaga a'zo bo‘lishdi.

Shengen shartnomasi Nizomida bir qator qonun-qoidalarni nazarda tutgan bo‘lsa-da, uning haqiqiy hozirgi Shengenga aylanishi unga a'zo bo‘lgan Germaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Ispaniya hamda Portugaliyaning 1995 yilning 25 martida o‘zaro ichki chegaralaridagi tekshiruvlarga butunlay barham berishidan boshlanadi.

Aynan mana shu voqea Shengen Kelishuvi a'zolari safini yanada kengaytirdi. 1995 yilning 28 aprelida Avstriya, 1996 yilning 19 dekabrida Daniya, Finlandiya, Islandiya, Norvegiya hamda Shvetsiya davlatlari mazkur kelishuvni imzoladilar. Shuningdek, 2000 yillarning boshida birin-ketin Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya hamda Shveytsariya davlatlari ham ushbu shartnomaga qo‘shildilar. Shu tariqa, 2008 yil fevralida Lixtenshteynning 26-davlat sifatida shartnomaga a'zo bo‘lishi bilan Shengen hududining yaratilish jarayoni yakunlandi.

Shengen hududi hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tafovutlar

Yevropa davlatlarining ko‘pchiligi bu shartnomalarning ikkisiga ham a'zo bo‘lsalar-da, ular vazifasiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Yevropa Ittifoqi siyosiy-iqtisodiy kelishuv bo‘lib, hozirda unga 28 ta davlat a'zo. Bundan tashqari, YeIda bojxonadan ozod qilingan ichki yagona bozor mavjud. Qolaversa, fuqarolarning ittifoq tarkibidagi 28 ta davlat ichida erkin harakatlanishi qonun bilan kafolatlangan.

Shengen vizasi uni olgan shaxslarga ushbu shartnomaga a'zo davlatlar hududida tekshiruvlarsiz, erkin harakatlanishga ruxsat beradi, xolos.

Shengen vizasining turlari

Shengen vizasi mazkur shartnomaga a'zo bo‘lgan istalgan davlat tomonidan berilishi mumkin. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ushbu viza o‘z egasiga shartnomaga a'zo mamlakatlar hududida erkin harakatlanish huquqini berib, tashrif maqsadiga qarab 4 toifaga bo‘linadi:

  • «A» toifa – aeroportga kirish uchun olinadigan tranzit vizasi;
  • «B» toifa – Shengen zonasi ichida 5 kun davomida amal qiluvchi tranzit vizasi;
  • «C» toifa – Shengen zonasida qolish uchun beriladigan qisqa muddatli viza. Bunda ruxsat berilgan muddat davomiyligi vizada ko‘rsatiladi.

Sayohat maqsadiga qarab:

-        Bir martalik – Shengen hududidagi har qanday mamlakatga bir marta kirishga ruxsat beriladi. Shengen hududidan chiqib ketgandan so‘ng, viza muddati hali ham tugamagan bo‘lsa-da, qayta kirishga ruxsat berilmaydi.

-        Ikki martalik – ushbu viza Shengen hududiga ikki marta kirish huquqini beradi va uning amal qilish muddati vizada ko‘rsatiladi. Shengen zonasidan ikkinchi marta jo‘nab ketilgach, viza muddati amalda bo‘lsa ham, qayta kirishga ruxsat etilmaydi.

-        Bir nechta martalik – mazkur viza Shengen hududiga kirish sonini cheklamaydi. Biroq uning amal qilish muddati berilgan kunidan boshlab 6 oy ichida shartnomaga a'zo istalgan davlatda 90 kungacha qolish imkoniyatini beradi. Shengen hududiga birinchi kirish kuni vizaning birinchi kuni hisoblanadi. Qisqa muddatli tashriflar hamda Shengen hududiga takroriy kirish kunlarining umumiy soni maksimal 90 kunga yetgunga qadar umumlashtiriladi. Umumiy kunlar miqdori 90 kundan oshgach hududga kirishga ruxsat berilmaydi.

LTV (Limited Territorial Validity) vizasi:

Ushbu toifadagi viza egasi faqat ma'lum bir Shengen hududida yoki viza olish uchun ko‘rsatilgan mamlakatlarda sayohat qilishi mumkin. Ushbu turdagi viza asosan maxsus holatlarda, masalan, gumanitar maqsadlar uchun beriladi.

• Nihoyat «D» toifasi – Shengen hududida o‘qish, yashash yoki ishlash kabi maxsus holatlarda berilgan milliy viza.

Ushbu viza:

-        Bir martalik – Shengen mamlakatda muayyan vaqtdan keyin qolish shart bo‘lmagan shaxslar uchun;

-        Ko‘p martalik – Shengen mamlakatlariga bir necha marta kirish imkonini beradi.

Mazkur turdagi viza quyidagi hollarda beriladi:

- o‘qish uchun bir yilgacha (uzaytirish imkoniyati bilan);

- ilmiy ish yoki tadqiqot o‘tkazish uchun, shuningdek, yaqin qarindoshlarinikiga tashrif uchun;

- mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun safar qilayotgan mutaxassislar;

- favqulodda holatlarda, masalan, davolanish maqsadida muayyan muddatga cheklangan holda.

Shengen vizasini olish narxi hozirda 80 yevroga teng. Bundan tashqari, yodda tutish joizki, viza olish uchun tashrif buyuruvchi shaxs sug‘urta qilinishi lozim. Mazkur sug‘urta favqulodda holatlar, baxsiz hodisalar vaqtida viza egasiga kamida 30 000 yevro sug‘urta puli ajratadi.

Maqolaning ikkinchi qismi tez kunda e'lon qilinadi.

Asliddin Annayev,
UzbekLife kolumnisti

Top