18:04 / 28.05.2021
3347
Timur Ishmetov 2020 yilgi davlat budjeti defitsiti qanday qoplanganini aytdi

Moliya vaziriga ko‘ra, o‘tgan yili davlat budjetiga 12,8 trln so‘m kam daromad tushgan va kamomadni bir necha choralar bilan qoplashga to‘g‘ri kelgan.

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2020 yilda iqtisodiy faollikning kamayishi hisobiga davlat budjetiga ayrim soliq turlaridan 12,8 trln so‘m kam daromad tushgani va kamomad qanday qoplangani haqida gapirdi.

«Yil boshidagi prognozga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘idan 13 trln so‘m kam mablag‘ tushdi va prognoz 70,5 foizga ijro etildi. Aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha 1,1 trln so‘m yoki 55 foizga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 927 mlrd so‘m yoki prognozga nisbatan 94 foizga hamda mol-mulk solig‘idan 395 mlrd so‘m yoki 83 foizga kam tushumlar shakllandi. Buning natijasida, hisobot yili tugamasdan prognozlar qayta ko‘rib chiqildi.

Hukumat tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar, shuningdek, budjetimiz uchun foydali bo‘lgan boshqa omillar tufayli yuqorida ta'kidlangan yo‘qotishlar ortig‘i bilan qoplandi.

Jumladan, oltin narxining yil boshidagi prognoz (1 ming 350 AQSh dollari) miqdoridan (yillik o‘rtacha 1 ming 768 AQSh dollari) baland bo‘lishi hisobiga 9,3 trln so‘m qo‘shimcha daromad shakllantirishga erishildi.

Markaziy bankning 2,8 trln so‘m foydasi (2019 yilda 133 mlrd so‘m) hamda vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalaridagi 385,3 mlrd so‘m qoldiq mablag‘larining budjetga yo‘naltirilishi (VM ning 232-sonli qaroriga asosan) ham yo‘qotishlarning bir qismini qoplashga yordam berdi.

Bundan tashqari, 2020 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun talablarini bajarish borasida hukumatning jiddiy yondashuvi hisobiga 1,1 trln so‘mlik (2019 yilda 235 mlrd so‘m) davlat ulushiga hisoblangan dividendlar va davlat korxonalarining sof foydasi budjetga qo‘shimcha daromad sifatida yo‘naltirildi (oltin va mis qazib chiqaruvchi tarmoq korxonalaridan tashqari)», dedi vazir Senat yig‘ilishidagi hisobotida.

Moliya vazirligi rahbarining aytishicha, o‘tgan yili davlat budjeti daromadlari 132,9 trln so‘mni tashkil etgan. Mazkur mablag‘larning 77,9 foizi soliq tushumlaridan, 18,6 foizi bojxona va 3,5 foizi boshqa tushumlardan shakllantirilgan. Budjeti xarajatlari esa 144,1 trln so‘m bo‘lgan.  

«Xarajatlar oshishiga budjetdan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi orqali 12,8 trln so‘m qo‘shimcha xarajat amalga oshirilishi sabab bo‘ldi.

O‘tgan yili budjet tashkilotlaring 46,1 trln so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 9,6 trln so‘mlik ish haqiga nisbatan ajratmalar to‘liq moliyalashtirildi.

Ijtimoiy soha xarajatlari uchun davlat budjetidan 74 trln so‘m, ya'ni umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi.

Shundan ta'lim sohasiga qariyb 30 trln so‘m, sog‘liqni saqlash xarajatlari 19,4 trln so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 20,5 foizga o‘sdi.

Madaniyat va sport sohasiga 2,3 trln so‘m ajratildi. Iqtisodiyot xarajatlariga 16,7 trln so‘m mablag‘ sarflandi. Investitsiyalarga davlat budjetidan 18,8 trln so‘m mablag‘ berildi», dedi Timur Ishmetov.

Top