18:48 / 29.05.2021
7993
«Deklaratsiyalashdan avval davlat xizmatchilarining mol-mulki va aktivlariga bir martalik amnistiya berilishi mumkin» – Akmal Burhonov bilan intervyu

Kun.uz Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari Akmal Burhonov bilan intervyu uyushtirdi.

Intervyu o‘tgan hafta e'lon qilinib, ilk qismi matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

 — Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash qonuni haqida bizda bir necha yildan buyon gapirib kelinadi. Xo‘sh, bu qonun qachon qabul qilinadi va u amalda qanday ishlaydi?

— Bizda bu bo‘yicha siyosiy iroda bor. Davlat rahbari tomonidan oldimizga deklaratsiyalash tizimini tezlashtirish masalasi qo‘yilgan. Bugungi kunda qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Bunda bizga mahalliy va xorijiy ekspertlar, hamda qator xalqaro tashkilotlar ham yordam berdi.

Biz bu deklaratsiyaning ishlab ketishi uchun puxta tizim yaratishimiz kerak.

Bu yerda bizga beriladigan eng katta savol: kimlar deklaratsiyaga kiradi? Davlat xizmatchisi tushunarli, ya'ni davlat xizmatidan oylik oluvchi hamma doiraga kiradi. Eng yuqori rahbardan to eng quyi xizmatchigacha.

Bizga bu borada takliflar ham bo‘lyaptiki, davlat xizmatchisining qaynota-qaynonasidan tortib, boshqa qarindoshlarining ham mol-mulki deklaratsiyaga kirsin degan. Lekin keyin bizda boshqa savol ham paydo bo‘ldiki, nima uchun kimdir qarindoshi uchun javob berishi kerak? U nima uchun mol-mulkini o‘zining kuyovi yoki qayni ukasi uchun jamoatchilikka ochiqlashi kerak? Ya'ni daxlsizlik masalasi bor bu yerda.

Yana bir masala ham borki, davlat xizmatchisi shu paytgacha olgan, yiqqan mol-mulkini deklaratsiyaga kiritsa, manbasini qanday isbotlab beradi? O‘n, o‘n besh yil avval olingan mol-mulk. Uni qanday isbotlaydi? Oldimizda bu savol ham turibdi. Masalan, menga o‘xshab xorijda yaxshi stipendiyaga o‘qigan va nimadir mulk qilganlar bor. Ular bu mol-mulkini isbotlab berishi uchun yana xorijga borib, hujjat olib keladimi?

Bizda uchinchi va eng asosiy masala ham turibdiki, bu tizim. Deklaratsiyalash tizimi shunday bo‘lishi kerakki, har qanday davlat xizmatchisi o‘z ma'lumotini unga kirita olsin. Bu ma'lumotlar jamoatchilikka ochiq va himoyalangan bo‘lishi kerak.

Bizda hozir shunday taklif ham borki, xizmatchilarning qaysidir vaqtga qadar olgan daromadlari mol-mulkiga bir martalik amnistiya e'lon qilish. Ya'ni biz aytayotgan qonun 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirsa, davlat xizmatchisi 1 yanvargacha bo‘lgan mol-mulkining manbasini deklaratsiyada ko‘rsatishi, isbotlashi shart emas.

2022 yil 1 yanvardan boshlab esa u qilgan har bir xarajati, mol-mulkini qaysi pulga olgani, qayerga sarflagani va u pul qayerdan kelganini isbotlay olmasa, javobgarlikka tortiladi. Bunda jinoiy javobgarlikka qadar choralar ko‘zda tutilgan.

Biz hozir shu tahlillardan kelib chiqib o‘ylayapmiz. Ikkinchi masala kimlar bu doiraga tushishi. Biz o‘z tahlillarimiz bo‘yicha davlat xizmatchisining o‘zi, turmush o‘rtog‘i va ota-onasining mol-mulkini bu doiraga kiritmoqchimiz.

Albatta, bu taklif va uni hali jamoatchilik muhokamasiga taqdim qilamiz.

— Deklaratsiyalash tartibi qachondan kuchga kirishi kutilyapti?

— O‘ylashimcha, bu tartibni 2022 yildan joriy qilish boshlanadi. Agar bu yil qonunimiz qabul qilinsa, tizimimiz ham parallel ravishda tayyor bo‘lib qoladi.

— Aksilkorrupsiya agentligi uchun qaysi davlat idorasi bilan ishlash qiyinroq?

— Bizdagi barometr tashkilotlarni biz bilan ishlashini emas, o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi qay darajada kurashayotgani va irodasi bilan o‘lchaydi.

Bu birinchidan, o‘sha idoraning rahbariga va ikkinchidan, tizimga bog‘liq. Biz bilan ko‘proq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi yaqindan ishlayapti. Ular o‘z tizimida korrupsiya illatiga qarshi samarali kurashyapti.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi vazirligi va «O‘zkimyosanoat» AJ rahbariyatini o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etishga bo‘lgan ishtiyoqi uchun e'tirof etishim kerak. Lekin ayrim vazirliklar borki, ular hali o‘zlari buni xohlashmayapti. Masalan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi yoki yana turli uyushmalar.

Biz endilikda har bir idora va tashkilotni korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etishga majburlovchi qonun loyihasini ishlab chiqyapmiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Top