09:05 / 29.05.2021
846
Xitoyda ta'lim olib kelgan gulchi Namanganda gullar parki yaratmoqchi

Azizbek Abdullayev 10 yoshdan beri gul parvarishlaydi. U gul yetishtirishni onasidan o‘rgangan.

Foto: KUN.UZ

«Yoshligimdan shu ishni ko‘rib ulg‘aydim. 2013 yilda Xitoy davlatiga borib gulchilik bo‘yicha ta'lim olib keldim. 15-20 yildan beri shu sohadamiz. Biz gullarning eng noyob turlarini ko‘paytirib, O‘zbekiston iqlimiga moslashtiramiz», — deydi gulchi.

Azizbekning ta'kidlashicha, gullarga Allohning nazari tushgan. Gullarni parvarish qilish uchun esa insonlarda eng avvalo gulga muhabbat bo‘lishi kerak ekan. 

«Bu ilohiy tuyg‘u. Ba'zilarga shunchaki qalamchasidan bersangiz ham parvarish qilib, ko‘paytira oladi, ba'zilar esa tayyor sovg‘a qilsangiz ham parvarishlay olishmaydi, chunki o‘zlarida ishtiyoq bo‘lmaydi. Gullar ham tashqi muhit ta'sirini seza olishi aniqlangan. Urush-janjal bo‘ladigan xonadon yoki joylarda tez nobud bo‘lib qoladi, tinch va osuda joylarda esa yashnab o‘sadi», — deydi u. 

Qahramonimiz yetishtirayotgan gullar orasida Yevrosiyodan keltirilgan noyob gullar juda ko‘p bo‘lib, ular hatto maxsus pasportga ham ega ekan. 

Bu yilgi gullar festivaliga mana shu noyob gullarning ko‘chatlaridan tayyorlab olib chiqdik, qiziqqanlar uchun ularni parvarishlash sirlarini ham o‘rgatyapmiz», — deydi Azizbek.

Gulchi mutaxassis hozirda 5 ming xildan ortiq gul turlarini parvarish qilmoqda. U har yili o‘tkaziladigan an'anaviy gul bayramiga yangilik qilib maxsus gul tayyorlab olib chiqar ekan. Qahramonimiz bu galgi gullar festivalining yubileyi uchun Gollandskiy xrizantemani tayyorlab olib chiqibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu noyob gul hozircha O‘zbekistonda yagona nusxada ekan.

«Maqsadlarim katta, mana shu noyob gullarni ko‘paytirib, narxini 10 barobargacha tushirmoqchiman. Namangan gullar shahri deymiz-u, lekin gullar parki yo‘q bizda.1000 gektar joyda gul plantatsiyasini yaratib, gullar parkini yaratish niyatidaman. Uning ichida qariyalar uchun maxsus sihatgohlar, yoshlar uchun esa gullarni parvarishlash sirlarini o‘rgatadigan maxsus kurslar ochamiz. Yaponiyada va ko‘plab chet davlatlarida gullar tog‘i, bog‘lar, gullar yo‘lakchalari juda ko‘p, ana shunday maxsus maydonchalarni o‘zimizda bunyod etishni istayman. Bu rejalar bo‘yicha o‘zimizdagi «kattalar» bilan gaplashish imkoni bo‘lmayapti. Agar menga imkon yaratib berishsa, shu rejalarimni amalga oshirardim. Hozir ham soham bo‘yicha chet mamlakatlardan talabgorlar bo‘lyapti, lekin men o‘zimizda gulchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shsam deyman», — deydi gulchi.

Top