12:37 / 31.05.2021
11807
«Barcha ijtimoiy tarmoqlarni o‘chirib qo‘ysak, Shimoliy Koreya bo‘lamiz-qo‘yamiz-ku!» – Komil Allamjonov xorijiy mulkdorlarga qo‘yilgan yangi talablar haqida   

Bir necha oy avval biz bilan suhbatlashgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov hozirgi zamon matbuotining ajralmas qismi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarga doir qonunchilikdagi o‘zgarishlar va xorijiy mulkdorlarga qo‘yilayotgan talablar haqida gapirib o‘tgan edi.

«Aslida har bir davlat fuqarolarining ma'lumotlar bazasi o‘sha davlatning o‘zida bo‘lgani to‘g‘ri. Masalan, Facebook’dagi O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari joylashgan serverlari o‘zimizda bo‘lishi to‘g‘ri. Xuddi shunaqa boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham.

Lekin, bu qanchalik ular [xorijdagi mulkdorlar] uchun iqtisodiy tarafdan ma'qul narsa? Bu katta savol. Chunki sizni hech kim Facebook, Instagram yoki Twitter’ga majburlab kirgizmaydi. Ular servisni yaratdi va hammaga imkoniyatni teng qilib qo‘ydi. Xohlang kiring, xohlamasangiz yo‘q, aslida.

Ushbu dasturlarga kirib foydalanayotgan har bir insonning telefonida ilovalarni o‘rnatishdan avval, rasmlar, kontaktlar, joylashuv va boshqa ma'lumotlar uchun dostup so‘raladi. Biz tushunmasdan rasm yuborishim uchun kerakdir deb rozilik berib yuboramiz, aslida ilova rasmlaringizdan tortib barcha shaxsiy ma'lumotlaringizni olib chiqib ketishga huquqi bor.

Barcha fuqarolarning shunday ma'lumot bir joyda jamlanganidan keyin bu katta bir qurolga aylanadi. Bu har qanday davlatga nisbatan ularning imkoniyatlari va ta'sir kuchini oshiradi. Shu kabi xavfsizlik nuqtai nazaridan ham [serverlarning] O‘zbekistonda bo‘lishi muhim.

Lekin, bu qonun bo‘lishi va ishga tushishini sal ertaroq deb hisoblayman. Chunki bunday qonunni chiqarib, uni amalga oshirishimizdan oldin, o‘zimizda shularga nisbatan alternativ resurslarni yaratib olishimiz kerak edi. Masalan, Rossiyada ham shu qonun bor, matbuotda o‘qiyapmiz, hozir ularda shu mavzuda «jang» ketyapti. Yaqinda ularning shu sohadagi rahbariyati chet elning barcha ijtimoiy tarmoqlarini yopish kerak degan fikrni bildirdi.

Ularda Google yopilsa, Yandex bor, Facebook yopilsa Vkontakte va Odnaklassniki bor, Whatsapp yopilsa Telegram bor. Xohlaymizmi yo‘qmi baribir, Telegram ularda boshlangan. Shuningdek, Xitoy ham shunaqa qonunlarni talab qilib, ijtimoiy tarmoqlarga talablar qo‘yyapti. Lekin ularda ham Wechat kabi messenjerlari, Youtube'ga o‘xshash juda katta video joylash mumkin bo‘lgan resurslari bor.

Bizda bunda alternativ resurslar yo‘q-ku? Ertaga o‘sha xorijiy mulkdorlar bizni shartlarimizga rozi bo‘lmasa-chi? O‘chirib qo‘yamizmi? Qonunga asosan rozi bo‘lmasa jarimaga tortishimiz yoki qo‘pol qilib aytganda o‘chirib [bloklab] qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Hammasini o‘chirib qo‘ysak, unda biz Shimoliy Koreya bo‘lamiz-qo‘yamiz-ku!

Men bilmadim, bu qonunning taqdiri nima bilan tugaydi. Deputatlarimiz va partiyalar a'zolariga shuni tavsiya qilardimki, har bitta berayotgan taklifni juda ham chuqur va keng o‘ylash kerak. Trendlarga ishqiboz bo‘lib qadam bosishdan oldin, oqibatini har doim o‘ylash kerak, deb o‘ylayman.

Mana shuni qonun nima bo‘ladi endi? Vaqt ko‘rsatadi. Eng yomoni bu narsa bizning xalqaro reytinglarimiz va har-xil indekslarimizga ta'sir qiladi. Bu esa o‘z navbatida bizning investitsion muhitimizga va chet el davlatlari bilan munosabatlarimizda baribir o‘z aks-sadosini beradi. Bu juda salbiy oqibatlarni olib kelishi mumkin” – dedi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan yangi 27-1-modda 2021 yil 16 apreldan qonuniy kuchga kirdi. Ushbu moddaga ko‘ra, Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlashi shart.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hukumatdan bu modda talabini tezroq bajarishni talab qilmoqda.

Mavzuga doir:

Top