22:15 / 01.06.2021
46955
100 yildan beri «yopiq qolayotgan qozon»: Tulsa qatliomi qanday ro‘y bergan?

Bundan roppa-rosa 100 yil oldin, 1921 yil 31 may va 1 iyun kunlari AQShning Oklahoma shtatida joylashgan Tulsa shaharchasi mamlakat tarixidagi eng mudhish qirg‘inlardan birining guvohiga aylangandi.

McFarlin Library / The University of Tulsa / AP / Scanpix / LETA

1921 yil Oklahomadagi umumiy muhit qanday edi?

1921 yil Oklahoma shtatida irqiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan keskin atmosfera hukm surardi. Birinchi jahon urushidan keyin ko‘plab askarlar qaytib kelgandi. Garchi 1865 yilda tugagan bo‘lsa-da, Amerika fuqarolar urushi hamon odamlar ongida yangi bir xotira sifatida saqlanib turgandi. Imkonlaridan mahrum etilgan insonlar esa fuqarolik huquqlaridan ham mosuvo edi. Boz ustiga, «Ku-Kluks-Klan» qayta tiklangandi.

Rivojlangan neft shahri Tulsada oliy ma'lumotli afroamerikaliklar iqtisodiy jihatdan farovon yashardi. Ushbu elementlarning birlashuvi keyinchalik sodir bo‘luvchi keskinlikning avj olishida muhim rol o‘ynadi.

Shimoliy Oklahoma aksariyati sobiq qullar bo‘lgan tub aholi vakillarini janubi-sharqdan ko‘chirish uchun tashkil etilgandi. Oklahoma 1907 yil 16 noyabrda shtatga aylangach, yangi shtatning qonun chiqaruvchi organi Jim Krou qonunlari deb nomlanuvchi irqiy ayrim to‘g‘risidagi qonunlarni birinchi bo‘lib qabul qiladi.

«Hanuz tutun hidini his qilyapman»

Tulsa qirg‘inidan omon qolgan so‘nggi guvohlardan biri Viola Fletcher bugun 107 yoshda.

Fletcher AQSh Kongressidagi chiqishida oradan 100 yil o‘tgan bo‘lsa ham boshidan kechirganlarini hamon unuta olmasligini ta'kidladi. «Hanuz tutun hidini his qilyapman. Men adolat istayman... Tulsada 1921 yilda sodir bo‘lgan voqeani mamlakatim qabul qilishini istayman», dedi u.

Kamida 300 nafar afroamerikalik o‘ldirilgan va minglab qora tanlilarning uylari va ish joylari yoqib yuborilgan ushbu voqealar 1921 yil 31 mayda boshlangan.

Voqealar rivoji

Uchqun olov olishiga sabab bo‘lgan voqea, aslida, yolg‘onga asoslangan bir mish-mish edi. O‘shanda shaharda qora tanli yigit liftda bir oq tanli qizga tegajog‘lik qilgani haqidagi gap-so‘zlar aylana boshlaydi.

Ayblanuvchi yigit Dik Roulend hibsga olinadi, sud binosi oldida shaharning oq tanli aholisi linch sudi o‘tkazish uchun to‘planib, sherifdan uni topshirishni talab qilishadi. Yigitni himoya qilish uchun 70 nafar atrofidagi afroamerikaliklar qurol ko‘tarib kelishadi. Lekin son jihatdan ko‘p bo‘lgan oq tanlilar qurolli to‘qnashuvda ustun kelishadi.

Shundan keyin yuzlab oq tanlilardan iborat guruh Tulsa shimolidagi, boy qora tanlilar yashaydigan Grinvud mahallasiga bostirib boradi va aholini o‘qqa tutib, binolarga o‘t qo‘ya boshlaydi. Minglab qora tanlilar uylaridan haydab chiqariladi.

Guvohlarning aytishicha, olomon uylarni yoqib yuborayotgan bir paytda yengil motorli samolyotlardan ham olov bombalari tashlangan, bu harakatlarda urush faxriylari faol ishtirok etgan.

O‘nlab tijoriy binolarga o‘t qo‘yiladi — do‘konlar, restoranlar, kafe va boshqa muassasalar, — bir qancha cherkovlar, maktablar, shifoxonalar va mingdan ortiq uylar. Xunrezlik faqat 1 iyun kunining ikkinchi yarmiga kelib Milliy gvardiya kuchlari tomonidan to‘xtatiladi.

Gazetalardagi dastlabki xabarlarda o‘nlab qurbonlar haqida yoziladi — asosan qora tanlilar va otishma vaqtida halok bo‘lgan bir necha oq tanlilar. Ammo keyingi tekshiruvlarda qurbonlar soni kamida 300 kishi bo‘lgani, minglab kishilar yaralangani ma'lum bo‘ladi. Afroamerikaliklar orasidagi talafotlarni hisoblashni shaharning shimolidagi shifoxonalarga ham o‘t qo‘yib yuborilgani qiyinlashtiradi.

Keyingi o‘n yillar davomida Tulsadagi voqea tarixdan o‘chirib yuboriladi: qirg‘in haqida gazetalarda yozilmaydi va maktablarda tarix darslarida eslanmaydi. Tulsada yashab kelgan afroamerikaliklar shaharni tark etishadi, shahardagi qora tanli aholi kamayib boradi.

Qirg‘in haqidagi rasmiy tekshiruv voqealardan 75 yil o‘tib, 1996 yilda boshlanadi, bu vaqtda guvohlardan hech kim qolmagandi. Oklahomada tarix darsliklariga Tulsadagi qirg‘in voqealari faqat 2020 yilga kelib kiritiladi.

Hech kim javobgarlikka tortilmagan

Yuzlab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan Tulsa qirg‘ini aybdori sifatida biror odam hibsga olinmaydi. Ushbu voqeadagi qotillik, talon-toroj qilish yoki vayrongarchiliklar uchun hech kim jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Shuningdek, voqealarga tomoshabin bo‘lgan politsiya amaldorlari ham Amerika fuqarolarini himoya qilmagani uchun javobgarlikka tortilmaydi.

«Qirg‘indan keyin qora tanlilar ham xuddi oq tanlilar kabi ushbu voqealarni yashirishdi, chunki ular tirik qolish haqida o‘ylashlari kerak edi. Ular bu haqda og‘iz ochish ayni voqeaning qaytadan sodir bo‘lishini anglatishini, bu esa chidab bo‘lmas darajada og‘riqli ekanini aytishardi», deydi hududning tarixiy merosini saqlab qolish uchun tashkil etilgan Grinvud madaniyat markazining dastur koordinatori Mexel Braun.

Ammo Tulsa irqiy qirg‘inining 100 yilligi arafasida shahar o‘z o‘tmishi bilan yuzlasha boshladi.

Garchi koronavirus epidemiyasi sababli qazish ishlari kechiktirilgan bo‘lsa-da, voqea qurbonlarining qabrlarini topish va ularning shaxsini aniqlash maqsadida komissiya tuzildi.

Oklahoma shtatidagi maktablarda Grinvud tarixini o‘quv dasturiga kiritish bo‘yicha rejalar tuzildi. Mahallani madaniy va sayyohlik hududi sifatida targ‘ib etishga qaror qilindi.

Trampning Grinvudga safari nima uchun qarshilikka uchragandi?

Shtatning respublikachi gubernatori Kevin Stitt 2020 yil saylov mitingidan oldin prezident Tramp va uning o‘rinbosari Mayk Pensni Grinvud safari uchun taklif qiladi. Ammo aholi bundan qattiq g‘azablanadi.

Ular prezidentni Minneapolisda oq tanli politsiya zobiti tomonidan Jorj Floydning o‘ldirilishi ortidan tashkil qilingan norozilik namoyishlariga qarshi kuch ishlatishda ayblashadi. Tulsa shahrining ba'zi aholisi esa prezidentning Grinvudga tashrifini hurmatsizlik deb biladi.

«Bu odamlarning shtatimizga kelishi, ustiga ustak, mahallamizgacha kirib kelib, Grinvud madaniyat markazini ziyorat qilishi bizni xavotirga solyapti. Ular bu bilan xuddi uyimizning ichigacha bostirib kirganday bo‘lishadi. Biz qirg‘inning 100 yilligi arafasida turibmiz va Grinvud endi mashhur sayyohlik markaziga aylandi. Shahrimiz va shtatimiz buni rag‘batlantiradi, ammo bu biz azob chekkan narsalardan pul ishlash, qadr-qimmatimizga esa hech qanday ahamiyat bermaslikdir», deydi Tulsa qirg‘inidan bobosi va buvisi omon qolgan, otasi esa ushbu voqealardan bir necha oy o‘tgach dunyoga kelgan Tereza Adunis.

Adunis, shuningdek, va'da berilganiga qaramay, qirg‘indan omon qolganlarga hech qanday tovon puli berilmagani va shahardagi ijtimoiy va iqtisodiy bo‘shliqlarni bartaraf etish uchun oldinga qadam tashlanmayotganidan g‘azablanadi.

Grinvud qora tanlilarning iqtisodiy muvaffaqiyati edi

Grinvud 1921 yilgi qirg‘indan oldin Black Wall Street (Qora devor ko‘chasi) nomi bilan tanilgan bo‘lib, 300ga yaqin ish joyiga ega bo‘lgan eng boy qora tanlilar mahallasi edi.

Shuningdek, mahalla afsonaviy jaz pianisti Graf Basining ijodiga chuqur ta'sir ko‘rsatgan jaz markazi edi.

1921 yilgi qirg‘indan omon qolgan Grinvud aholisi o‘z mablag‘lari bilan, ya'ni davlat tomonidan hech qanday yordam va tovon puli olmasdan mahallani tiklaydilar. Shundan so‘ng mintaqada bir muncha vaqt jonlanish hukm suradi. Ammo u hech qachon avvalgi holiga qaytmaydi. Bugun esa bir necha tarixiy binolarni hisobga olmaganda, bu mintaqada obodlik va farovonlikdan asar ham qolmagan.

Otabek Tillayev tayyorladi

Top