AQShning 44-prezidenti Baraka Obama so‘nggi 4 yilda mamlakatda odamlarni bo‘lib yuboradigan darajada yomon voqealar sodir bo‘lganini aytib o‘tdi. Sobiq prezident VVS bilan intervyuda yana ko‘plab mavzularga to‘xtalgan.

Obamaning aytishicha, Baydenning saylovda g‘olib bo‘lishi «tuzalish yo‘liga o‘tgan» mamlakat tiklanishi uchun ilk qadam, xolos. «Hammasi tartibga kelishi uchun bitta saylov kamlik qiladi», dedi Obama.

U 4 yil davomida yuzaga kelgan chidab bo‘lmas beboshlikdan qutulish uchun siyosiy qarorning o‘zi kamligi, bu uchun tizimli o‘zgarishlar zarurligi haqida gapirgan. U odamlar bir birini eshitishni o‘rganishi kerak deb hisoblaydi: «Faktlarni tan olish va shundan keyingina ular borasida bahslashish mumkin», degan Obama.

U kelajakka nekbinlik bilan qarayotgan yoshlardan umidi katta ekanini aytib, ularning energiyasidan ilhomlanayotgani haqida xursand bo‘lib gapirgan. Obama yoshlarni ehtiyotkor optimizm ruhida ulg‘ayishga chorlamoqda va yoshlar o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lishini xohlaydi.

Amerikada nega bo‘linish avj oldi?
Obamaning fikricha, AQShdagi immigratsiya masalalari, shaharlardagi to‘qnashuvlar mamlakatdagi ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirib yuborgan va bu ish ba'zi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yanada bo‘rttirib yuborilgan.

«Biz 2007-2008 yildagidan ham yomonroq bo‘linib ketdik. O‘shanda men kurashib saylovda g‘olib bo‘lgandim», deydi Obama. Sobiq prezidentning aytishicha, Tramp uchun tartibsizliklar manfaatli bo‘lgan va shu tufayli ularni qo‘llab-quvvatlagan.

Obamaning nazdida bu qadar bo‘linishning yana bir sababi shuki, fakt hech qanday ahamiyat kasb etmaydigan bo‘lmag‘ur ma'lumotlar tarqalishi urf bo‘lgan. «Millionlab odamlar «Jo Bayden sotsialist» yoki Hillari Klinton pedofillar bilan aloqador sektaga qo‘shilgan», degan safsatalarga ishongan», deya tushuntiradi fikrini Obama.

Obamaning hisoblashicha, AQShning keyingi prezidenti Jo Bayden Amerika uchun hozirgi pallada zarur bo‘lgan barcha fazilatlarga egadir