16:08 / 04.06.2021
29215

«Agrobiznes uchun sharoitlar O‘zbekistondan ko‘ra Qozog‘istonda yaxshiroq» - ekspert

«Qishloq xo‘jaligida biznes qilish uchun Qozog‘istondagi sharoitlar O‘zbekistondagidan ancha yaxshiroq», – deya qator misollarni keltiradi ikki qo‘shni mamlakatning agrar sektori bo‘yicha mutaxassis Arsen Kerimbekov. Shu bilan birga, uning aytishicha, agrosanoatdagi qozog‘istonlik tadbirkorlar ayrim jihatlarda o‘zbek hamkasblaridan o‘rnak olishi kerak.

Arsen Kerimbekov | Foto: Shaxsiy arxiv / Forbes Kazakhstan

Qozog‘istonliklar muayyan vaqt davomida O‘zbekistonni agrar sohada namunali davlat siyosatini yurgizib, sohani yangi bosqichga olib chiqa olgan mamlakat deb hisoblab kelishdi.

Ammo qozog‘istonlik iqtisodchi Arsen Kerimbekov bu fikrga qo‘shilmaydi va qo‘shni mamlakatning agrar sohadagi davlat siyosati Qozog‘istonnikiga qaraganda ancha noqulay deb hisoblaydi.

U O‘zbekistondagi agrosanoat kompleksi rivojini tadbirkorlarning tashabbuskorligi va moslashuvchanligi bilan bog‘laydi; qozog‘istonlik fermerlar va agrosanoat vakillariga ayni shu xislatlar yetishmaydi deb biladi.

Arsen Kerimbekov – Qozog‘iston organik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar ittifoqi direktori. U O‘zbekiston va Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi mavzusida Forbes.kz'ga intervyu berdi.

Yevropaga sabzi sotish

– Aslida qozoqlar va o‘zbeklar ikki davlatda yashovchi yagona millatdir, deydi ishonch bilan Arsen Kerimbekov. – Aynan shu tufayli O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan har bir voqea meni doim qiziqtirgan.

Mutaxassis 2010 yildan boshlab, qo‘shni davlatdagi o‘zgarishlarni shunchaki qiziqish emas, xizmat taqozosi tufayli ham o‘rgana boshlagan. Avvaliga «Qazagromarketing» AJ raisi o‘rinbosari sifatida, 2016 yildan boshlab esa, «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi markazi direktori sifatida. Ayni damda u – Qozog‘istonning organik mahsulot ishlab chiqaruvchilar ittifoqi direktori.

Arsen Kerimbekov O‘zbekistonda agrosanoat qanday odimlayotgani va ekologik toza mahsulotlar bilan xalqaro bozorga chiqib borayotganini qiziqish bilan kuzatyapti. Uning fikricha, O‘zbekiston bu masalada muayyan muvaffaqiyatlarga erishyapti va buni bozor talablariga tez moslashish bilan izohlash mumkin.

– Bir misol keltiray: o‘zbeklar Global G.A.P. sertifikatini olishdi – bu organikaga o‘tish uchun zarur standart (Global G.A.P. – Yevropa savdo tarmoqlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti talablari asosida beriladigan sertifikat – tahr.). Biz sabzavot va mevalarimizni Yevropa supermarketlariga yetkazib bermaganimiz bois Qozog‘istonda bu uncha ommalashmagan. O‘zbeklar esa u yerda ham sotishni istashdi va sertifikatsiyadan o‘tishdi.

Biroq buning o‘zi yetarli bo‘lmadi – yevropaliklar ularga odatiy konussimon emas, silindr shaklidagi sabzini olishni istashlarini aytishdi. Keyin ima bo‘ldi deb o‘ylaysiz? O‘zbeklar ikki yil davomida shunday sabzi yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, Yevropa Ittifoqiga eksport qilishni boshlashdi.

Yana bir misol: yevropaliklar yirik qovun va tarvuz olishmaydi, ularga kichikroq, bir-ikki kishiga yetarlisi kerak. O‘zbeklar aynan shunaqasini yetishtirishni boshlab yuborishdi.

Nur-sultonni karam bilan ta'minlash

2016 yilda mamlakat rahbariyati almashgach, O‘zbekistonda uzoq yillardan so‘ng iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Shunda Qozog‘istonda qo‘shni davlatda sodir bo‘layotgan voqealarga qiziqish keskin ortdi. Ammo noto‘g‘ri tasavvurlar ham paydo bo‘ldi.

– Afsuski, yuzakilik – hamjamiyatimizning asl yuzidir, – deydi Kerimbekov. – Bugun ular virusolog bo‘lsa, ertaga o‘zbekshunosga aylanadi va hokazo. Xullas, bizning mutaxassislar shunday fikrga kelib qolishdi: «O‘zbekiston agrar sohada uddaladi – biz esa, yo‘q. Bunga aybdor – bizning og‘irkarvon Qishloq xo‘jaligi vazirligimiz». Aslida esa, bu yuzaki xulosa xolos.

Har qanday hodisa dinamikada qiziq ko‘rinadi. Hozirgi O‘zbekistonga boqsangiz, qandaydir qisqa muddatga aldamchi taassurot uyg‘onadi. Tez orada asl haqiqatni tushunib yetasiz. Vaziyat qayerdan kelib chiqib, qayerga og‘ayotganini tushunish orqali obektiv tasavvurni shakllantirish mumkin.

Arsen Kerimbekovning baholashicha, ikkala davlat o‘zaro solishtirilganda agrar sohada ustunlik Qozog‘iston tarafda.

U buni yaxshiroq tushunish uchun o‘zaro savdodagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 4 segmentga bo‘ladi: uglevodlar, yog‘lar, oqsillar va kletchatka. Dastlabki uch pozitsiya bo‘yicha Qozog‘iston yaqqol ustunlikka ega: O‘zbekiston qo‘shnisidan katta hajmda un, o‘simlik moyi va qoramol sotib oladi.

Faqatgina to‘rtinchi pozitsiya bo‘yicha vaziyat 50/50. O‘zbekistondan Qozog‘istonga ertapishar sabzavot va mevalar olib kiriladi, bu – O‘zbekistonning iqlim bo‘yicha ustunligi bilan bog‘liq.

– Bundan fojia yasash kerakmas, buni to‘g‘ri qabul qilish lozim, – deydi Arsen. – Bizning janubiy viloyatlarimiz bu borada ham o‘sishga erishyapti. Shu bahorda poytaxt Nursultondagi do‘konlarda Sariog‘ochda yetishtirilgan karamlar sotilyapti, Toshkentniki emas. Judayam sifatli, mazali va foydali. Ya'ni o‘zimiznikilar bilan o‘rnini bosishni boshladik va bu davom etishi shart.

Undan tashqari, janubning bu boradagi potensiali katta: bir paytlar «Atameken» milliy palatasi o‘tkazgan skriningda, Qozog‘istonning janubiy hududlaridagi bug‘doy ekilgan 31 ming gektar yer o‘rganilganda, iqlim sharoitlariga ko‘ra zaif bug‘doy yetishtirilayotgani aniqlangan. Solishtiradigan bo‘lsak, Tojikistonning meva yetishtiriladigan jami yerlari 30 ming gektarni tashkil etadi. Bizning janub o‘z yerlaridan ancha samaraliroq foydalanishi mumkin va Turkiston viloyati bu borada ilk qadamlarini tashladi. Eshitgan bo‘lsangiz kerak, joriy yilda u yerda 400 gektar yerda olxo‘ri bog‘lari barpo etildi. Bu judayam to‘g‘ri qadam bo‘ldi va bu – boshlanishi.

Toshkentga jo‘natilgan buqalar

Yuqoridagilarga qaramay, iqtisodchining fikricha, Qozog‘iston O‘zbekistonga nisbatan hozirgi ustunligini tezda yo‘qotishi mumkin. Agar (shu kungacha aqlli yo‘l tutib kelgan) hukumat bozorning ayrim ishtirokchilarining chaqiriqlariga berilib, savdoga oid qandaydir cheklovlar kiritishni boshlasa.

Arsen Kerimbekov misol tariqasida qoramol eksportini keltiradi. O‘tgan yili qoramol eksportiga moratoriy joriy qilingunga qadar bu mavzu muhokama markazida bo‘ldi. Oxir-oqibat taqiq faqat sigirlarga nisbatan qoldi, buqa va qo‘chqorlarni eksport qilishga ruxsat berildi. Shundan keyin minglab bosh qoramol O‘zbekistonga sotildi. Mutaxassis buning hech qanday yomon tarafini yo‘qligini aytadi.

– Ha, biz doim «O‘zbeklar Qozog‘istondagi bor qoramolni olib chiqib ketyapti» qabilidagi xabarlarni o‘qiymiz. Bunga javoban men hamkasblarimga bu tarixan shakllangan tizim, deyman. Shunchaki avvallari bu narsaga ko‘p ham e'tibor qilinmagan, chunki bizda qoramol ko‘proq edi. Hozir ham yechim o‘sha – eksportni to‘smaslik kerak, qoramol boshini ko‘paytirish darkor. Bu ikki tarafga ham manfaatli – bizning fermerlar ko‘proq sotishadi, o‘zbeklar – ko‘proq sotib olishadi.

Ha, ona sigirlar olib ketilmasligini nazorat qilish shart. Boshqa cheklovlar faqat zarar keltiradi. Oldimizda turgan vazifa – O‘zbekistonga olib chiqib ketilayotgan qoramol ichki bozorga ta'sir ko‘rsatmasligini ta'minlaydigan darajada qoramol yetishtirish.

Kerimbekov: «O‘zbeklar qoramolni o‘zlari yana biroz boqib olishni afzal ko‘rgani bois hech qachon nimtalangan go‘sht sotib olmaydi», degan fikrida qat'iy. Undan tashqari, Qozog‘istonda teri, ichaklar va boshqa qismlardan foydalanish urfda emas. O‘zbekistonda esa, qoramolning barcha a'zolaridan foydalaniladi va bu rentabellikni oshiradi. Bu esa, o‘zbek xaridorlarining qozog‘istonlik fermerlarga yuqoriroq narxlar taklif qilish imkonini beradi.

Agar Qozog‘iston cheklovlar kiritsa, O‘zbekistonning qoramol va go‘sht bozoridagi o‘rnini boy berishi xavfi bor, deydi u. Bu holatda o‘zbeklar qozoq moliga alternativa qidirishi tayin. Bunda bir necha variantlar bor.

Birinchidan, O‘zbekiston baliqni sun'iy yetishtirish bo‘yicha katta qadamlar tashladi. Mahsulot juda sifatli bo‘lmasa-da, ichki bozorda talab yuqori va ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda. Ikkinchidan, o‘zbeklar Qozog‘istondan bug‘doy va moy sotib olib, ularni qayta ishlagan holda parranda va tuxum yetishtirishni rivojlantirishga zo‘r beryapti.

– Yana bir narsa. Savdo cheklovlari haqida gapirganda Rossiya omilini ham unutmasligimiz kerak, – deydi Arsen Kerimbekov. – Rossiya hozirda O‘zbekistonga juda ko‘p miqdorda parranda go‘shtini yetkazib bermoqda. Albatta, bu mol go‘shtining o‘rnini bosa olmaydi, lekin har qalay qandaydir alternativa. Bu omil ham bizga raqobatning bir ko‘rinishi. Boshqacha qilib aytsak, qachondir o‘zbeklar bizdan go‘sht sotib olishni shunchaki to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Shu haqda bosh qotirish kerak. Axir sotish bizning chorvadorlik rivojining masalasi, O‘zbekiston esa, hozircha bizning eng asosiy xaridor.

Rossiya mahsulotlari uchun bozor

Mutaxassis O‘zbekistonga bug‘doy eksporti bo‘yicha ham ayni shaklda baho berdi. Qayta ishlovchilar bug‘doy eksportini tegirmon sanoatiga zarar deb hisoblashadi. Arsen Kerimbekov esa, bunga boshqacha nigoh bilan qaraydi:

– Tayyor unni urush o‘chog‘iga yaqin davlatlar sotib olyapti. Shuning uchun ham Turkiya un sotib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Qo‘shnilarimizda ham urush bo‘lsinmi? Yo‘q. Demak, qo‘shnilarning o‘z tegirmon sanoati rivojlanishiga tayyor turishimiz kerak. Bizdagi biznes ham, qayta ishlovchilar ham mana shu voqelikka moslashishlari shart. Bundan fojia yasamasak ham bo‘ladi, axir bizda egalari O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan tegirmonlar juda ko‘p. Ular o‘z bizneslarini vatanlariga ko‘chirishlari mumkin – bor-yo‘g‘i shu. Biz bug‘doyni Markaziy Osiyoga sotishni paysalga solsak (bizdagi ayrim xomkallalarning gapiga quloq solib yo‘llarni bekitib, bug‘doy eksportiga boj qo‘yib), O‘zbekistondagi bizning bozor o‘rnini bug‘doy yetishtirish juda tez o‘sgan Rossiya egallashi tayin.

Boshqa bir masala: Qozog‘iston O‘zbekistonga moyni xomashyo shaklida eksport qilgani ma'qulmi yoki tayyor moy sifatidami? Arsen Kerimbekov bu borada ham yuqoridagidek fikrda ekanini aytadi. Rossiya O‘zbekistonga moy eksportini oshirib, bemalol Qozog‘iston o‘rnini egallashi mumkin, deydi u.

Mutaxassisning fikricha, O‘zbekistonga eksport qilinayotgan mahsulotlarning birortasiga cheklov joriy qilsa, Qozog‘iston istiqbolda ko‘proq narsa yo‘qotadi va qoramol bozorini ham, bug‘doy bozorini ham, yog‘-moy bozorini ham raqobatchilariga (avvalo Rossiya) boy beradi.

– O‘zbekistonning YeOIIga kirish ehtimolini ham hisobga olmog‘imiz darkor, deydi Kerimbekov. – Unaqada biz bu yo‘nalishda hech qancha cheklovlar joriy qila olmaymiz. Ha, bahsga o‘rin yo‘q – o‘zimizning qayta ishlash sohasini rivojlantirishimiz kerak. Lekin bunga taqiqlar yo‘li bilan emas, balki o‘zbekistonlik hamkasblar bilan stol atrofiga o‘tirib, o‘zaro manfaatli yechim topishga urinib harakat qilishimiz kerak.

Honkongga gilos sotish

Mutaxassis shu yerda yana bir muammoni ko‘radi: ikki yaqin qo‘shnilarning agrar idoralari bir-biri bilan kam muloqot qiladi. Vaziyat esa, jipsroq bo‘lishni talab qilmoqda. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi qozog‘istonlik hamkasblaridan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi, deb hisoblaydi Arsen Kerimbekov.

– Biz Qozog‘istonning avvalgi va hozirgi qishloq xo‘jalik vazirlariga qanday munosabatda bo‘lmaylik, ular o‘zbekistonlik hamkasblaridan aqlliroq ish tutishmoqda. Umuman olganda, Qozog‘istonda hukumat agrar biznesdagi tadbirkorlarning aksariyatiga qaraganda ancha aqlliroq. O‘zbekistonda esa, aksincha: tadbirkorlar hukumatga qaraganda aqlliroq va donoroq. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Misol tariqasida Kerimbekov O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi asosiy muammosini aytadi – qishloq xo‘jaligiga tegishli yerlardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar. Xususan, avvalgi prezident Islom Karimov davrida jami yerlarning 10 foizigina paxta va bug‘doydan boshqa narsa ekishga ruxsat berilgan. Ya'ni 90 foiz yerlarda paxta va bug‘doy yetishtirilgan va davlat hosilni o‘zi belgilagan narxda sotib olgan.

Bunday qarorning ildizlari O‘zbekistonda non yetishmovchiligi kuzatilgan 90-yillarga borib taqaladi. O‘shanda o‘zbeklar o‘z muammolari girdobiga o‘ralashib qolgan, na Rossiya va na Qozog‘iston ularga yordam bergan. Non yetishmovchiligi ko‘p davom etmagan – atigi bir mavsum, lekin asosiy oziq-ovqat mahsulotining yetishmovchiligi O‘zbekiston hukumatini shunchalar qo‘rqitib qo‘yganki, yerdan foydalanish me'yori joriy qilingan va hanuz amalda.

O‘zbekiston iqlimi sifatli bug‘doy yetishtirish uchun mos emas. Undan tashqari, bug‘doy dalalarida foydalaniladigan o‘g‘itlar paxta uchun zararli yoki aksincha. Bu ikki ekinni ushlab turish qiyin – bundan yer aziyat chekadi.

– O‘zbekiston hukumati yaqindan boshlabgina, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev davridan paxta va bug‘doydan boshqa ekin yetishtirish mumkin bo‘lgan yerlar ulushini rasman 20 foizgacha, norasman 30 foizgacha oshirdi, – deydi Arsen Kerimbekov. – Natijada nimani ko‘rdik deb o‘ylaysiz? O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavotlar oqimining misli ko‘rilmagan darajada ko‘payishini! Qolaversa, bizga ham.

O‘zbek tadbirkorlari hozirda haligi ikki ekindan tashqari ekiladigan yerlar ulushini 50 foizga ko‘tarishni talab qilishmoqda. Hukumat ikkilanmoqda. Menimcha, sabablari siyosiy: Toshkent elitasining asosiy qo‘rquvi shundaki, qishloq xo‘jaligi rivojlanib ketsa, pul oqimi nazorati qo‘ldan chiqib ketishi mumkin. Bu esa, oxir-oqibat amaldagi hukumatning barqarorligiga tahdid soladi, deb o‘ylashadi.

Shu tarafdan olib qaralsa, Qozog‘istonning agrar siyosati ancha sog‘lom va egiluvchan. Umuman olganda, mutaxassis vaziyatni quyidagicha baholaydi: qozog‘istonlik agrar soha vakillari Qishloq xo‘jaligi vazirligidan doim yordam qilishni so‘rasalar, o‘zbek fermerlari xalal bermaslikni so‘rashadi.

– O‘zbekistonda 10 gektar yerga bug‘doy o‘rniga turp ekkani uchun dehqonni javobgarlikka tortish holatlarini hanuz kuzatish mumkin, – deydi Kerimbekov. – Men o‘zbek manbalarini diqqat bilan kuzatmoqdaman va shunday jinoiy ishlar haqidagi xabarlarni ko‘raman. Ya'ni politsiya dron uchirgan va «jinoyatchi»ni qo‘lga olgan. Hukumatning qilayotgan ishlari saviyasini qarang! Odamni yerni bo‘sh qoldirgani uchun emas, turp ekib, «noqonuniy boyishga uringani» uchun javobgarlikka tortishmoqda. Shunaqa narsani ko‘rib, qanday qilib o‘zimizning Qishloq xo‘jaligi vazirligidan shikoyat qilish mumkin?!

Agrar sohadagi O‘zbekiston hukumatining xatolaridan biri deb qishloq xo‘jalik mahsulotlariga – ular hatto eksportga mo‘ljallangan bo‘lsa-da – narxlarning belgilab berilishidir, deb aytadi qozoq iqtisodchisi.

Masalan, dunyoning ko‘plab mamlakatlari – Janubiy Koreya, Honkong, Tayvan va hokazoga samolyot orqali yetkazib beriladigan mashhur o‘zbek gilosiga xaridorlar olishi mumkin bo‘lgan narxlardan baland summa aytiladi. Pirovardida, hosilga xaridor chiqmaydi va chiriy boshlaydi, hukumat esa janjaldan so‘ng narxni pasaytirishga majbur bo‘ladi.

Mutaxassis, hududlarda fermerlarga muammo tug‘diruvchi korrupsiya holatlarini ham tilga olmay ketmaydi. Masalan, issiqxonasi bor tadbirkor vaqtida mahalliy amaldorning ko‘nglini olmasa, qishda gazsiz qolib ketadi (hosilni esa, tabiiyki, sovuq uradi).

– Binobarin, har qanaqasiga qaraganda ham, qishloq xo‘jaligida biznes qilish uchun Qozog‘istondagi sharoitlar O‘zbekistondagidan ancha yaxshiroq, – deya fikriga yakun yasaydi Arsen Kerimbekov. – Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziriligi bu yo‘lda ko‘p narsa qilyapti. Biznes tarafdan esa, tashabbus ancha kam.

Tadbirkorlarni koyimoqchi emasman, boshqa ko‘plab sohalarda ancha muvaffaqiyatli rivojlanib kelmoqdamiz. Lekin o‘zbek hamkasblar ancha tashabbuskor va moslashuvchan. Aynan shuning uchun ham, agrar sanoat kompleksining rivojlantirish milliy loyihasining yaqin besh yillikdagi istiqbolida sohani rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilinishini istardim. Biz ko‘p narsalarda bir-birimizga bog‘liqmiz va buni nazardan qochirish kerakmas. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishimiz kerak.

Top