11:08 / 10.06.2021
36346
Yangibozorda voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgan. Tergov 6 oydan beri tugatilmayapti

Xorazm viloyati, Yangibozor tumanida voyaga yetmagan qizning nomusiga tegish bilan bog‘liq voqea sodir bo‘lgan. Gumondorlar ma'lum, tergov harakatlari qariyb 6 oydan beri davom etmoqda. Qizning ota-onasi ishning bosti-bosti qilinishi, zo‘ravonlar jazosiz qolishidan xavotirda.

Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi oila endigina 15 yoshga qadam qo‘ygan qizi mahalladoshlari tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berishdi.

Qiz oddiy ishchilar oilasida katta bo‘lgan. Otasi qurilishda ishlaydi, onasi ta'lim muassasasida farroshlik qiladi.

Qizning buvisining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil sentabr oyida nabirasi mahalladoshi tomonidan zo‘rlangan.

«2020 yil sentabr oyida Farhod (ism o‘zgartirildi, gumondorning asl ismi-sharifi tahririyatga ma'lum) ismli kirakash taksichi maktabdan qaytayotgan nabiramni uyga tashlab qo‘yishini aytib, mashinasiga o‘tqazgan. Biroq, Farhod uni uyga emas, balki kimsasiz joyga, suv idorasining binosiga olib borgan. Shundan so‘ng, kuch ishlatib, qo‘rqitib, qizning qo‘l oyog‘ini mashina tasmasi bilan bog‘lab, zo‘rlab nomusiga tekkan. Bu voqeani hech kimga aytmaslikni talab qilib, agar aytsa o‘ldirishi bilan tahdid qilgan. Afsuski, biz bu voqeadan bexabar qoldik. Nabiram qattiq qo‘rquv va andisha tufayli bu voqeani hech kimga aytmagan. 2021 yil yanvar oyida esa bu voqea yana takrorlandi», deydi qizning buvisi.

Onasining so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil yanvar oyidagi voqealardan so‘ng hammasi oshkor bo‘lgan.

«2021 yil 13 yanvar kuni qizim maktabga ketib, qaytib kelmadi. Qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar orasidan izladik. Samara bermagach, Yangibozor tumani IIBga murojaat qildik. 14 yanvar kuni tongda qizim topildi. Shunda ma'lum bo‘lishicha, kirakash-taksichi Farhod qizimni yo‘lda mashinasiga majburlab o‘tqazgan. Shundan so‘ng, Madaniyat qishlog‘idagi bir uyga olib borgan. U yerda ikki hamtovog‘i Erkin va Yorqin (ismlar o‘zgartirildi, gumondorlarning asl ismi-sharifi tahririyatga ma'lum) ham bo‘lgan. Ular qizimga majburlab aroq ichirishgan, so‘ngra yalang‘ochlab, o‘rtaga olib, tahqirlashgan. Kamida ikki nafari uni zo‘rlagan», deydi ona.

Holat yuzasidan Urganch shahri IIB surishtiruv o‘tkazib, ekspertiza tayinlagan. Ammo voqealarning keyingi rivoji oilada xavotir uyg‘otmoqda.

«Urganch shahar IIB arizamizni qabul qilib, surishtiruv o‘tkazdi, ekspertiza tayinladi. So‘ngra ish materiallarini Yangibozor tumani IIBga yubordi. Ishni tergovchi Bobur Yuldashev olib boradigan bo‘ldi.

Ammo Urganch shahridagi ekspertiza qizimni bokira ekani haqida, unda hech qanday tan jarohati yo‘qligi haqida xulosa berdi. Vaholanki, uning tanasida ko‘kargan joylari ham bor edi. Biz ekspertizadan fotosuratlarni taqdim qiling desak, «suratlar telefon xotirasidan o‘chib ketdi», degan javobni oldik. Shundan so‘ng, Buxoro shahrida ekspertiza tayinlandi. Uning xulosasida qizimning bokira emasligi aniqlandi. Ammo vaqt o‘tib ketgani tufayli, ko‘kargan joylarini aniqlash imkoni bo‘lmadi», dedi qizning otasi.

«Bundan tashqari, qizim dastlabki surishtiruvda voqea sodir bo‘lgan joyni tavsiflab bergan edi. Ammo ertasi kuni IIB xodimlari bilan u yerga borsak, xonadagi vaziyat umuman boshqacha ekanini ko‘rdik. Ya'ni mebellar o‘rni o‘zgartirilgan, ko‘rpachalar yig‘ishtirilgan, ba'zi buyumlar boshqa xonaga olib kirib qo‘yilgan. Katta ehtimol bilan, kechasi kelib, xonadagi holatni o‘zgartirishgan. Qizimni yolg‘on ko‘rsatma berganlikka chiqarmoqchi bo‘lishgan», deydi u.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

«Bizga jinoyat ishi 118-modda bilan ochilgani haqida aytishdi. Ya'ni nomusga tegish, zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilganlikni ko‘zda tutuvchi modda. Biroq, keyinchalik, bilsak, jinoyat ishi 128-moddaga malakalangan. U 118-moddaga qaraganda ancha yengil jazoni ko‘zda tutadi. Bundan karaxt ahvolga tushdik», deydi otasi.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, ishni bosti-bosti qilish uchun bir qancha urinishlar bo‘lgan.

«Farhodning qarindoshlaridan biri bizga katta miqdorda pul – 46 mln so‘m taklif qildi. U «hammani rozi qildik, endi sizlar ham rozi bo‘linglar, ishni yopaylik, bir oila buzilib ketmasin», deb iltimos qildi. Biz rozi bo‘lmadik.

So‘ngra, Yangibozor tuman IIB binosi oldida qizimga noma'lum ayollar tashlanib, do‘pposlashdi. Ammo IIB xodimlaridan birortasi ajratmadi, ularga chora ko‘rmadi. Hech kim e'tibor bermadi», dedi u.

Yanvar oyidagi voqeadan so‘ng, oila qizni boshqa maktabga ko‘chirishga majbur bo‘lgan. Qiz ta'lim olgan sobiq maktab direktori unga tavsif berib, axloqsizlik va tarbiyasizlik alomatlari yo‘qligini aytdi.

Oila manfaatini himoya qilayotgan advokat Farrux Niyozmetov tergov jarayoni tugamagani sababli, hech qanday izoh bera olmasligini ma'lum qildi.

«Hozirgi vaqtda bu ish Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda. Shu sababli, tafsilotlar haqida hech qanday ma'lumot berolmayman», dedi u.

Xorazm viloyati prokuraturasi mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qabul qilingan qaror bekor qilingani, qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish va tashkillashtirish uchun 9 iyun kuni Yangibozor tuman prokuraturasiga yuborilgani haqida ma'lumot berdi.

Xorazm viloyati IIB ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hozirgi kunda tergov harakatlari davom etayotganini bildirgan.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top