20:25 / 14.06.2021
34424

Dehqonlar «suvtekin» bo‘lib qolgan piyoz hosilini shudgorlashdi. Bu hol takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rish kerak?

Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida dalalarda tonnalab giloslar sotilmay turib qolgani, piyoz narxi 300 so‘mga tushib ketgani haqida gapirgandi. Mazkur muammoga oydinlik kiritish maqsadida fermer va mas'ullar bilan bog‘landik.

Surxondaryo viloyatida o‘nlab gektar yerlarga ekilgan piyozlar yetilgan bo‘lishiga qaramay, dehqonlar tomonidan nobud qilinmoqda. Bunga sabzavot narxi keskin tushib ketgani va mahsulotga bo‘lgan talab pastligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

«Qumqo‘rg‘on Chorbog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari Abdurasul Sharopovning aytishicha, bu yilgi piyoz hosili yaxshi bo‘lsa-da, narxlar achinarli darajada past. Shu sababli hosilni yig‘ishtirib olish ikki karra moliyaviy zarar keltiradi. Undan ko‘ra, piyozning ustidan traktorda haydab yuborib, o‘rniga boshqa ekin ekilgani yaxshiroq.

«Bizda 1 kilo piyoz narxi 300 so‘m. Bu yil 5 gektar yerga piyoz ekkan edik. Afsuski, uning 3 gektari ustidan traktorda haydab yuborib, o‘rniga paxta ekishga majbur bo‘ldik. Chunki bu narx bilan xarajatlarni qoplash ilojsiz. Bir nafar odam kuniga 65 ming so‘mdan ishlaydi, 6 oy ekin tagiga qarab o‘tiramiz. Unga o‘g‘it solamiz, suv beramiz. Buncha muddat yerni bo‘shatmay ushlab turish ham xarajat. 1 gektar yerdan hech bo‘lmaganda 80 tonna hosil olardik. Arzimagan narxni ko‘rib, traktorga 75 litr kerosin quydik-da, 3 gektar piyozning ustidan haydab tashladik. Ko‘p fermerlar shunday qilishdi. Piyoz o‘rniga paxta ekildi», deydi fermer.

Piyoz narxi nega arzonlab ketdi? Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Husniddin Karimov narxlar pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni sanadi.

«Bu yil Markaziy Osiyoda ob-havo deyarli bir xil haroratda bo‘ldi. Shu sababli bizning piyozlar Qozog‘istonniki bilan teng yetildi. Bu O‘zbekiston piyozlari sotilmay qolib ketishining asosiy sabablaridan biri.

Avvallari Surxondaryo piyozi Qozog‘istonnikidan 20 kun oldin chiqardi. Bu vaqt ichida ancha tonna mahsulotni sotib bo‘lardik. Bu yil esa «propka» bo‘lib qoldi. Dehqonlar, fermerlar, tomorqa yer egalari piyozni sotishyapti, lekin foyda qilishmayapti. Vaholanki, ular hosil va daromadni 9 oy kutishgan edi.

Eng yomon tomoni – dehqonlarning oldindan tuzilgan shartnomasi yo‘qligi. Tadbirkorlarning 80 foizi ular bilan shartnoma tuzishga va mahsulotni oldindan sotib olishga rozi. Lekin tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Dehqonlar bozorga qarab sotamiz, deyishadi. Yo‘q, endi bunday amaliyotdan voz kechish kerak. Odamlar hosilni oldindan baholab sotib, masalan, may oyida 20-30 mln so‘m daromadim bor, deydigan tizimga o‘tishimiz kerak», dedi u.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yillik ehtiyoji uchun 233 ming tonna zarur bo‘ladi. Shuningdek, 200 ming tonna mahsulot eksport qilinadi. Surxondaryo viloyatida 2021 yil hosili uchun hozirgacha 106,3 ming tonna piyoz yetishtirilgan. Ammo narx va talab risoladagidek emasligi ta'kidlanmoqda.

Vazirlik yer holati va ob-havoga qarab gektariga 30-60 tonna piyoz hosili olish mumkinligini ma'lum qildi. Agar 30 tonnalik hosil olinsa, 1 kg piyoz narxi 700-800 so‘mdan, 50-60 tonna bo‘lsa, o‘rta hisobda kilosiga 500 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, mahsulot narxi o‘z xarajatlarini qoplashga ham yetmayotgani kelgusi yillarda oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita salbiy ta'sir qilishi mumkin. Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov kelgusi yillarda piyoz narxi keskin qimmatlashi va mahsulot yetishmovchiligi kuzatilishi mumkinligini aytdi.

«Piyozlari sotilmagan dehqonlarning yarmi keyingi yil piyoz ekmaydi. Buning natijasida kelasi yil uning narxi ko‘tarilib ketadi. Bu yerda boshqacha tizim kerak. Oziq-ovqat sohasida dehqon va tadbirkorlarda muvofiqlashtiruvchi organga ehtiyoj bor. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga aynan hozir davlat aralashuvi juda muhim. Bu borada muvofiqlashtiruvchi organ tadbirkor va dehqonlarga, masalan, bu yil piyozni 100 ming tonnadan ortiq ekish kerak emas, degan tavsiyaviy xabar berishi lozim. Ya'ni yerlarni o‘lchab, qayerga qancha mahsulot ekilganini bilish va shunga qarab tahlil qilish zarur.

Hozirgi kunda brokkoli va shunga o‘xshash ko‘katlarga talab yuqori. Eksportyorlarimiz ularni qidirib yuribdi. Lekin biz piyoz ekkanmiz. Ya'ni tahlil yo‘q», deydi tashkilot rahbari.

Umuman olganda, bunday sharoitda hukumat zarur choralarni ko‘rishi kerakligi ta'kidlanmoqda. Oziq-ovqat insonlarning birlamchi ehtiyoji hamda daromad manbayi ekan, undagi yetishtirish va sotish muvozanatini saqlash muhim ahamiyatga ega.

Islombek Umaraliyev

Top