09:04 / 09.07.2021
16879
Muxolifat haqidagi savoldan so‘ng kayfiyati yomonlashgan Putin – Rossiya prezidenti va xorij matbuoti
Foto: Sergey Savostyanov/TASS

O‘tgan oyda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Amerikaning NBC telekanaliga intervyu berdi. «Tet-a-tet» formatidagi ushbu intervyuda Putinga bir qator noqulay savollar berilgan, jumladan, u jurnalistning «siz qotilmisiz?» degan savoliga javoban, bunday ayblovlar uni hayron qoldirmasligini aytgan edi.  Kun.uz Rossiya yetakchisining AQSh telekanaliga bergan intervyusi fonida xorij matbuotiga qanchalik ochiq ekani bilan qiziqdi.

So‘nggi 3 yildagi ilk intervyu

Vladimir Putinning NBC telekanaliga bergan intervyusi AQSh va Rossiya munosabatlari har qachongidan ko‘ra sovuqlashgan, ikki davlat rahbarlari 2018 yildan buyon ilk marta Jyenevada uchrashishi kutilayotgan kunlarda e'lon qilindi. Bungacha AQSh prezidenti Jo Bayden ABC telekanaliga bergan intervyusida jurnalistning «Vladimir Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» degan savoliga biroz o‘ylanib turib «Ha», deb javob qaytargan va u AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashgani uchun javob berishini aytgandi. Putin amerikalik hamkasbining so‘zlariga «kim nima degan bo‘lsa, o‘zi shunaqa», deb javob qaytargandi.

Kremldagilar Amerika prezidentining bu so‘zlarini «juda yomon», deb atadi va AQShdagi elchisini chaqirtirib oldi. So‘ngra Rossiya TIV talabiga ko‘ra AQSh elchisi Jon Sallivan o‘z yurtiga jo‘nab ketdi.

Putin Baydenga jonli efirda muloqot qilishni taklif qilgandi. Biroq Oq uy AQSh prezidenti Jo Bayden juda bandligi sababli bu taklifni rad etgandi. Keyinchalik AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga telefon qilib, uchrashishni taklif qilgan. Tomonlar 16 iyun kuni Jyenevadagi La Granj villasida ilk marta uchrashishdi.

NBC Putindan aynan ushbu uchrashuv arafasida intervyu olishning uddasidan chiqqani alohida e'tirofga sazovor. Biroq na telekanal va na jurnalist Kir Simmons muzokaralar qanday kechgani, qaysi shartlar asosida Rossiya yetakchisi intervyuga rozi bo‘lganini ochiqlagani yo‘q. Shuningdek, Putinning matbuot kotibi va prezident adminstratsiyasi ham bu haqda og‘iz ochganicha yo‘q.

Faqatgina jurnalist Kir Simmons va NBC telekanalining boshqa xodimlari intervyudan oldin ikki haftalik karantinda bo‘lgani ma'lum xolos. Biroq karantin qayerda o‘tganiga oydinlik kiritilmagan. Simmonsning Putin bilan intervyusi 11 iyunda yozib olingan va AQSh va Rossiya prezidentlarining Jyenevadagi uchrashuvidan ikki kun oldin – 14 iyun kuni efirga uzatilgandi.

Kir Simmoncning aytishicha, Vladimir Putin intervyu tugaganidan so‘ng ham muloqotni davom ettirgan. Kameralarsiz kechgan suhbat davomida u amerikalik jurnalistni Rossiyadagi muxolifat G‘arb tomonidan moliyalashtirilayotganiga ishontirishga uringan.

Intervyu davomida Rossiya prezidenti savollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochib, gapni uzoqdan boshlaganda yoki savolga savol bilan javob berganida Kir Simmons uning so‘zini bo‘lib qo‘yaverganini ko‘rish mumkin. Putin esa bunga e'tiroz bildirgan va savolga javobini oxirigacha tinglashni talab qilgan. Muxbir o‘z navbatida intervyu uchun ajratilgan vaqt qisqaligi, agar bu borada muammo bo‘lmasa, Putinni istagancha tinglashga tayyorligini aytadi. Bunga javoban Putin Simmonsga xotirjam bo‘lishini, bu yerda vaqtni u belgilashini ta'kidlaydi.

Ta'kidlash kerakki, bu Putinning so‘nggi uch yil ichida Amerika telekanaliga bergan ilk intervyusi bo‘ldi.

Fox News va Kris Uolles

Rossiya prezidenti bungacha 2018 yilning 16 iyul kuni Fox News telekanali muxbiri Kris Uollesning savollariga javob bergan, ushbu intervyu  Finlandiya poytaxti Xelsinkida tashkillashtirilgandi. Intervyuning boshqa mamlakat hududida tashkillashtirilganining sababi AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp va Vladimir Putin aynan shu yerda uchrashishgani bilan bog‘liq. Odatga ko‘ra, AQSh OAVsi bunday vaziyatda otni qamchilashadi. Uloqni esa o‘shanda Fox News ilib ketgandi.

Finlandiya prezidenti saroyidagi ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvidan so‘ng uyushtirilgan intervyu ancha keskin savollarga boy bo‘lgan.Kris Uolles savollariga Putinning uzoqdan kelib javob berishi unchalik ma'qul kelmagani bois bir necha marta suhbatdoshining so‘zlarini bo‘lib, uni asosiy mavzuga tortishga uringan. Bu esa, tabiiyki, Rossiya prezidentining e'tirozlariga sabab bo‘lgan. Har holda ushbu intervyu ikki davlat rahbarlarining Finlandiyadagi uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanidagiga nisbatan xiyla jonli o‘tgan.

Uollesning Putin bilan intervyusi “Onlayn efirdagi eng yaxshi intervyu” nominatsiyasida Emmi nomzodiga nomzod bo‘lgani ham uning muvaffaqiyatli kechganidan darak beradi. Garchi intervyu mazkur nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilmagan esa-da, u Fox News tashkil etilgandan beri AQSh milliy televizion san'at va fan milliy akademiyasi mukofotiga tavsiya etilgan ilk mediamahsulot hisoblanadi.

Amerikalik jurnalist futbol bo‘yicha 2018 yilgi JCh arafasida Putindan intervyu olishga bir necha oy muvaffaqiyatsiz uringanini yozadi. Uning aytishicha, Tramp bilan Xelsinkidagi uchrashuv aniq bo‘lgach, Rossiya tomoni uning taklifiga rozi bo‘lgan. Uollesga ko‘ra, Rossiya prezidenti administratsiyasi intervyuni to‘liq efirga uzatish sharti bilan intervyu berishga rozi bo‘lgan. «Shunda u [Putin] G‘arb tomoshabinlari, birinchi navbatda, amerikalik teletomoshabinlar bilan aloqa o‘rnatishni istashini tushunib yetdim va biz bunga rozi bo‘ldik», deya xotirlaydi jurnalist.

«Nyu York tayms»ga bergan intervyusida Kris Uolles ijodiy jamoasi bilan kelishilgan vaqtda Rossiyaning Finlandiyadagi elchixonasiga yetib borgan bo‘lsa-da, suhbat boshlanguncha bir necha soat kutganini ta'kidlaydi. U buni Putinning suhbatdoshni muvozanatdan chiqarish usullaridan biri sifatida baholagan. Jurnalistga ko‘ra, Putinning ko‘plab muxoliflariga suiqasd qilingani yoki kutilmaganda o‘lim topgani haqidagi savol Rossiya prezidentining kayfiyatini yanada yomonlashtirgan. Intervyudan so‘ng Uolles suhbatdoshiga ta'til paytida Rossiyaning bir nechta shaharlariga tashrif buyurish rejalari haqida aytgan va tez orada buni amalga oshirgan.

NBC va Megan Kelli

Aslini olganda Putin eng ko‘p Amerikaning NBC telekanaliga intervyu bergan. Xususan, jurnalist Megan Kelli 2017 yilning 5 martida Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida, shuningdek, 2018 yil 1 mart kuni Kremlda va 2 mart kuni Kaliningradda Rossiya prezidentidan intervyu olgan.

Megan Rossiya telekanaliga bergan intervyusida kadr ortida va kamera qarshisida ikki xil Putinni ko‘rganini ta'kidlaydi. “U bilan kamera qarshisida bahslashish ancha qiziq bo‘ldi. Agar u bilan bahsga kirishadigan bo‘lsang, uning siyosatini keskin muhokama qilsang yoki Rossiya Amerikaga qarshi ekanini uqtirsang, albatta, shunga yarasha javob qaytarishini, agar suhbat yumshoq kechadigan bo‘lsa, u ham muloyim bo‘la olishini tushundim. Putin bilan ikki uchrashuvdan so‘ng uni ko‘proq tushuna boshladim”, deydi amerikalik jurnalist.

Shuningdek, u AQShda Putinni ko‘pchilik qotil va shafqatsiz, deb bilishini ta'kidlab, Rossiya yetakchisi amerikaliklar tasavvur qilganidan ancha murakkab inson ekanini aytadi. Megin Kellining aytishicha, u Putin va rossiyalik hakerlar AQSh prezidenti sayloviga aralashganiga shubha qilmaydi va intervyu davomida Putin ham buni tan olishga qarshi emasdek tuyulgan.  

Umuman olganda, Putin Amerika ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilishga jiddiy yondashadi. Kreml bu masalaga amerikalik tomoshabinlar qalbini zabt etish, ularga Rossiya haqida imkon qadar ko‘proq ma'lumot berish vositasi deb qaraydi. Bunga hatto Putin bilan yuzma-yuz intervyu vaqtida Fox News telekanali muxbiri Kris Uolles ham shama qilgan. Mashhur amerikalik rejissyor Oliver Stounning “Putin bilan intervyu” filmida nima uchun suratga tushganini izohlar ekan, Rossiya prezidenti bu ishga uni matbuot kotibi Dmitriy Peskov ko‘ndirganini ta'kidlaydi.

So‘zamolligi, har qanday murakkab savolga ham savol yoki latifa bilan chap berib ketish hadisini olgan Rossiya yetakchisi Amerika telekanallaridagidan tashqari ko‘plab xorij ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan. Bloomberg (AQSh), «Assoshieyted Press» (AQSh), «Anado‘li» (Turkiya), Sinhua (Xitoy), IANS (Hindiston), Azertag (Ozarboyjon), PTI (Hindiston) axborot agentliklari, TF1 (Fransiya), ARD (Germaniya), CBS (AQSh), PBS (AQSh), KBS (Janubiy Koreya), ORF (Avstriya), «Nippon» (Yaponiya), Al Arabiya (BAA), Sky News Arabia (BAA), RT Arabic (Rossiya) telekanallari, The Financial Times (AQSh), Bild (Germaniya), Le Figaro (Fransiya), «Korrere della Sera» (Italiya), «Jenmin Jibao» (Xitoy), «Iomiuri» (Yaponiya), «Al-Ahram» (Misr), «Odriyn sonin» (Mongoliya) gazetalari shular jumlasidan. Bular so‘nggi yillardagi intervyular xolos va aksari Rossiya prezidentining qaysidir davlatga tashrifi oldidan uyushtirilgan.

Shu bilan birga, Putin har yili to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda rossiyaliklarning savollariga javob qaytaradi, tez-tez u yoki bu mahalliy OAVga intervyular beradi. Rossiya prezidentlarining xorij va mahalliy OAVga bergan intervyulari to‘liq stenogramma qilingan holda, foto va videolari bilan birgalikda Kreml saytida saqlanadi. Bu yerdan Dmitriy Medvedovning intervyularini ham, Vladimir Putinning OAVdagi ancha oldingi chiqishlarini ham topish mumkin.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Top