Jahon | 08:51 / 10.04.2021
38059
11 daqiqa o‘qiladi

Diplomatik boykot: Rossiya elchisini Vashingtonga qaytarmayapti. Bu nimani anglatadi?

Rossiyaning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Anatoliy Antonov 21 martdan buyon Moskvada bo‘lib turibdi. Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni qotil deb hisoblashi haqida gapirgach, Moskva o‘z elchisini «maslahatlashish uchun» chaqirib olgandi. Ha, ayni damda Rossiya AQShda elchisiz qolgan. Bu nimani anglatadi? VVS ayni mavzuda mutaxassislarning fikrlarini to‘pladi.

SERGEI SAVOSTYANOV/GETTY IMAGES

7 aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi Antonovning AQShga qaytishi «yaqin kunlarda hal bo‘ladigan masala emasligi»ni aytdi. TIV munosabatidan oldinroq TASS o‘z manbasiga asoslanib Moskva elchisini AQSh tomonidan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha qandaydir qadam tashlangachgina qaytarishi haqida yozgandi.

Rossiya elchisiz qoldimi? Bunday emas

Ayni damda Stemford universitetida dars berayotgan va o‘z vaqtida AQShning Ukrainadagi elchisi bo‘lib ishlagan Stiven Payfer bu borada fikr bildirdi.

«Elchining ayni damda ish joyida bo‘lmagani Rossiya AQShda elchisiz qoldi degani emas. Odatda elchilar biror sabab bilan vaqtincha ish joyida bo‘lmaganda uning yordamchisi elchi vazifasini bajaradi. Masalan, elchi AQShda bo‘lmaganda, diplomatik missiya rahbarining o‘rinbosari elchilik vazifasini bajaradi.

AQSh diplomatiyasida bunday holatlarda shunday ish tutiladi: AQSh elchi nega ketgani yoki chaqirib olingani borasida u ishlayotgan mamlakat tashqi ishlar vazirligiga nota yuboradi. Elchi ish joyiga qaytishi arafasida ikkinchi nota yuboriladi», deydi professor Payfer.

Yevropa va xalqaro tadqiqotlar kompleks markazi direktor o‘rinbosari Dmitriy Suslov bu haqda shunday deydi: «Endi Rossiyaning AQShdagi elchisi yo‘q, deyish xato. U bor va ayni damda Rossiyada bo‘lib turibdi. Ya'ni Rossiya AQSh bilan munosabatlarda teng diplomatik pog‘onada turishda davom etadi. Biroq elchini chaqirib olish orqali Rossiya tomoni AQShga «O‘rtoqlar, hammasi joyida emas, bunaqada normal aloqalar tuzish imkonsiz», deyapti.

Rossiya tomoni munosabatlardan norozi bo‘layotganining sababi shuki, AQSh [Baydenning gapidan keyin] na kechirim so‘radi va na bayonotda xato gapirilganini tan oldi. Hozir Amerika o‘zini hammasi joyidadek tutmoqda, lekin Rossiya tomonining fikricha, hammasi joyida emas. Elchi Antonov chaqirib olinmagan va shunchaki Rossiyada bo‘lib turibdi. Bu esa yuqorida aytganimdek, Rossiya Baydenning munosabatidan keyin AQSh o‘zini qanday tutayotganidan norozi bo‘layotganini bildiradi».

AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xerbst ham ushbu mavzu yuzasidan munosabat bildirdi: «Bu Putin uchun juda yaxshi yo‘l bo‘ldi. Moskvada Baydenning gapiga javob berish kerakligini tushunib turishgandi va elchini chaqirib olish ana shunday javob bo‘ldi. Mantiqan olib qaraganda, Bayden Putinni qotil deb hisoblashi haqida to‘g‘ri gapirdi deb hisoblayman, lekin bu Moskvada ko‘pchilikni xafa qildi. Shu sababli, Rossiya Baydenning gaplaridan keyingi holatni bo‘rttirib, undan unumli foydalanishga urinmoqda. Ya'ni, Rossiya elchisi shunchaki maslahatlashish uchun o‘z mamlakati poytaxtiga chaqirib olinganini ham siyosiy yurishga aylantirib yuborishdi».

Carnegie.ru sayti bosh muharriri Aleksandr Baunov bu borada boshqacha fikrda: «Bu o‘zaro munosabatlarda pasayish hisoblanadi. Mamlakatlardan birining manfaatini munosabatlarda elchi emas, vaqtincha ishonchli vakil himoya qilsa, buning o‘zi siyosiy jihatdan pasayish hisoblanadi. Diplomatik norozilikni ifodalashning ko‘p yo‘llari bor. Masalan, elchixonani yopish yoki diplomatlarning sonini kamaytirish. Yana bir usul elchini maslahatlashish uchun chaqirib olish va bu yurish Moskva tomonidan amalga oshirildi. Ikkinchi yurish elchini qaytarmaslik. U qancha uzoq vaqt o‘z ish joyida bo‘lmasa, bu norozilik qanchalik darajada kuchli ekanini ko‘rsatadi. Masalan, elchi 3 kun qaytib kelmasligi boshqa narsa, bir oy qaytib kelmasligi boshqa narsa. Hozirgi holat Rossiya diplomatiyaga zid bo‘lgan chiqishlarga nisbatan noroziligini bildiradi».

Diplomatik missiya elchisiz ham ishlashi mumkinmi?

Suslov: «Ayni damda Rossiya-AQSh munosabatlari normal emas. Ular nafaqat ziddiyatli, balki sog‘lom bo‘lmagan holatda. Antonov uzoq yillar Vashingtonda AQSh hukumati bilan muloqotda qiyinchiliklarga duch kelgan. Baydenning kelishi ham vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirmadi.

Rossiya elchini qaytarishga shoshilmayapti. Tomonlar yadro kelishuvi imzolangach bu borada hech qanday muzokara o‘tkazishmadi. Shuningdek, o‘rta masofadagi raketalar va kiberxavfsizlik bo‘yicha ham muzokara boshlanmadi. Ya'ni ikki tomonlama muloqot o‘rnatilmagan. Bunday holatda esa Rossiya AQShda elchisi doimiy bo‘lishiga ehtiyoj sezayotgani ham yo‘q.

AQSh hammasi joyida demoqchi, lekin Rossiya bunday fikrda emas. Bayden keyinchalik ham bunday chiqishlarni davom ettirishi mumkin, chunki saylovchilar mehrini qozonishni o‘ylashi kerak. [Intervyu bergani] borib saqich chaynab turib Putinni qotil deyish va keyinchalik bezrayib uni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitga taklif etish shunchalik oson deb o‘ylaysizmi?»

Baunov: «Taxminan 2016 yildan buyon Rossiya diplomatik korpusi AQShda xuddi izolyatsiyada yashagandek bo‘lib turibdi. Ularni hech kim qabul qilmaydi, hatto davlat departementiga chaqirishmaydi. Rossiya elchisiga qo‘rqinchli odam deb qarashadi. Rasman Rossiya elchisi «hamkor va do‘st davlatning ishonchli vakili», lekin aslida u amerikaliklar uchun qo‘rqinchli odam. Amerikaliklar ruslar bilan gaplashgani qo‘rqishadi. Kislyak vaqtida trampchilar Rossiya elchisi bilan aloqada bo‘lgani uchun mojaro ostida qolib ketganini eslang.

Albatta, Rossiyaning AQShda vakili yo‘q emas, vaqtincha elchi vazifasini bajaruvchi bo‘lsa ham, uni federal rahbarlar qabul qilishi, eshitishi mumkin. Biroq uning gapi davlatning gapi deb qabul qilinmaydi. Shu sabab ayni damda Rossiya AQShda davlat nomidan gapira oladigan rasmiy vakilga ega emas».

Payfer: «Albatta, elchixona odatiy rejimda ishlashda davom etmoqda».

Xerbst: «Qisqa javob beraman: ha, elchixona ishlayveradi. O‘zi Antonov oxirgi yillarda qilgan ishlarga e'tibor bersangiz, hukumat vakillari bilan uchrashuvlar yo‘qligidan noligan va turli doiralarda u bilan uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortilayotganini aytgan».

Elchining bunchalik uzoq vaqt ortga qaytmayotgani nimani anglatadi? Vaziyat qanday rivojlanishi mumkin?

Suslov: «Antonov ikkita holatda Vshingtonga qaytishi mumkin: a) AQSh tomoni Baydenning aytgan gapi uchun kechirim so‘raydi. Bunday bo‘lishi esa haqiqatdan ancha uzoq; b) yoki bo‘lmasa AQShda Rossiya masalasida qandaydir mavzu dolzarblashsa. Aytaylik, Bayden administratsiyasi Rossiya borasida siyosatini belgilab olsa. Ikkinchi holatda Antonovning AQShda bo‘lishi muhim bo‘ladi».

Baunov: «Bu isyon Baydenning aytgan gaplari uchun sodir bo‘lgani yo‘q. Albatta, bu ham ta'sir qildi, lekin elchi chaqirib olingani oxirgi 4 yildagi munosabatlar ifodasi. So‘nggi yillarda Rossiya elchixonasi AQShda normal holatda amalga oshiradigan ishlarini qilayotgani yo‘q. Bir qarashda Bayden kelgach, holat yaxshilanadigandek ko‘ringandi va tomondar «keling, kelishib olaylik» qabilida ishlaydigandek edi, ammo aslida bunday bo‘lmadi. Ayniqsa, Navalniy bilan sodir bo‘lgan voqea vaziyatni yomonlashtirib yubordi. Bu o‘ziga xos norozilik belgisi. Rossiya o‘zaro muloqot to‘xtab qolgan bir vaqtda elchining keragi yo‘q deb hisobladi».

Payfer: «Rossiya tomonining ma'lum qilishicha, elchi Rossiya va AQSh munosabatlari borasida maslahatlashish uchun chaqirilgan. Ular bu narsani qanchalik noroziliklarini bildirish uchun dabdabali tarzda e'lon qilishdi».

Xerbst: «Menimcha, Antonovning Vashingtonda emasligi ikki tomonlama munosabatlarga ta'sir qilmaydi. Chunki munosabatlar ancha avval buzilib bo‘lgan. Bunga esa Moskvaning Ukraina sharqidagi harakatlari va AQSh saylovlariga aralashgani, shuningdek, boshqa namoyishkorona tarzda qilgan nodo‘stona harakatlari».

Elchining uzoq vaqt ish joyida bo‘lmasligi odatiy holmi?

Suslov: «Rossiya-Amerika aloqalarida bunaqasi bo‘lmagan. Hatto sovuq urush vaqtida ham munosabatlar ziddiyatli bo‘lgan esa-da, muloqot to‘xtatib qo‘yilmagan. Ikki tomon ham o‘zaro muloqotni milliy xavfsizlik uchun muhim deb hisoblangan. Hozir esa Amerika Rossiya bilan munosabatlarga jiddiy e'tibor qaratmayapti va Rossiyadan shunchaki ichki siyosatidagi o‘yinlarda vosita sifatida foydalanmoqchi».

Baunov: «Franko 1945 yilda muxolifat vakillarini qatl ettirganda xalqaro hamjamiyatning chaqiruvlariga qaramay, 14 nafar elchi maslahat uchun ortga qaytarilgan va faqat Frankoning o‘limidan keyin Ispaniyaga qaytib borgan. Ya'ni bu avvaldan qo‘llangan uslub».

Payfer: «Rossiya o‘z elchisini bunday namoyishkorona chaqirib olishi odatiy hol emas. Menimcha, Antonov tez orada Vashingtonga qaytadi».

Xerbst: «Albatta, bu odatiy holat emas. Lekin Vashingtonda allaqachon Moskva bilan aloqalar konsensusi shakllangan. To‘g‘ri, Rossiya 2020 yilgi saylovlarga 2016 yildagi kabi aralashgani yo‘q, lekin bu hech narsani o‘zgartirmaydi».

Ma'lumot uchun, Bayden sobiq hamkasbi Trampdan farqli o‘laroq, Rossiya bilan munosabatlarda keskin bo‘lishini ma'lum qilgan. U Kremlga bosim qilishini aytgan. Putin bilan bo‘lib o‘tgan ilk telefon muloqotida ham Bayden hamkasbidan bir necha masalada hisob so‘ragan va bu orqali bo‘lajak munosabatlar qanday bo‘lishiga ishora qilgandi. Mahalliy telekanallardan biriga intervyu berar ekan, Bayden «Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» deya berilgan savolga «Ha» deb javob qaytargandi. Bu esa Kremlning noroziligiga sabab bo‘lib, bu bo‘yicha Putinning o‘zi ham munosabat bildirgandi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid