13:25 / 19.07.2021
4249

«Ochiq budjet» portaliga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi «svet», suv va yo‘l bilan bog‘liq

3 123ta murojaatning asosiy qismi elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minoti va yo‘l ta'mirlash kabi muammolar yechimi bilan bog‘liq.

Moliya vazirligi tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalining yangi talqini test rejimida ishga tushirildi.

Portalda «Tashabbusli budjet» bo‘limi bo‘lib, unda respublikadagi barcha tuman va shaharlar aholisi o‘z mahallasidagi mablag‘ bilan hal qilinadigan muammoni yozib qoldirishi mumkin.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, portalga ayni paytgacha kelib tushgan tashabbuslar soni 3 123tani tashkil etdi. Talablarning asosiy qismi ichimlik suvi, yo‘l ta'mirlash, elektr va internet muammolari yechimi bo‘yicha bo‘ldi. 

Ma'lumot uchun, 2021 yilda «Tashabbusli budjet» loyihasiga har bir tuman yoki shaharga mahalliy budjet daromadlarining 30 foizi ajratiladi. Shuningdek, 14ta tuman va shaharga mahalliy budjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida sarflanishi belgilab qo‘yildi. 2022 yildan bu tizim barcha hududlarga amal qiladi.

Joriy yilda mazkur jarayonga davlat budjetidan jami 156 mlrd 72 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

1 avgustgacha respublikadagi barcha tuman va shaharlar aholisi o‘z hududidagi yo‘l yoki binolar ta'miri, ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash, yoritish tizimi bilan bog‘liq muammolarni «Ochiq budjet» portaliga yozib qoldirishi mumkin. Jamoatchilik tasdig‘idan o‘tgan loyihalar mahalliy budjet daromad va xarajatlarining ma'lum qismidan moliyalashtiriladi.

 

Top