22:59 / 24.07.2021
124777
16 fevral voqealari sabab jinoiy javobgarlikka tortilganlar 22 yildan so‘ng oqlandi

24 iyul kuni Toshkent viloyat sudining apellyatsiya hay'ati tomonidan 1999 yil 16 fevral kuni Toshkent shahrida sodir etilgan portlashlar sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan 5 nafar shaxsga oqlov hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent viloyat sudi matbuot kotibi Sh.Xudoyberdiyev Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Foto: Karimov Foundation
Foto: Karimov Foundation

Sud hukmiga ko‘ra, oqlangan sobiq 5 nafar bojxona xodimlari 16 fevral voqealarining asosiy ijrochilari emas deb topilgan. Ular 1999 yilda o‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmagani ayblovi bilan JKning 208-moddasi bilan jazoga tortilgan edi.

Sudlov hay'atining oqlov hukmiga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi Kamolov Yolqin To‘laganovich, Xo‘jayev Muhammadzohir Nabiyevich, Yunusov Ibrohim Shavkatovich, Begmatov Baxtiyor Nabijonovich va Bo‘riyev Iskandar Tojiboyevichga nisbatan sud hukmi bekor qilinib, ular Jinoyat kodeksining 208-moddasi bo‘yicha aybsiz deb topildi.

Ish bo‘yicha ularning qilmishlarida jinoyat alomati mavjud bo‘lmagani sabab JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilindi va jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatildi.

Oqlangan sobiq bojxonachilar haqida ma'lumot:

Kamolov Yolqin To‘laganovich. 1968 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti oliy, oilali, «G‘isht ko‘prik» bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan.

Xo‘jayev Muhammadzohir Nabiyevich. 1973 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti oliy, oilali, «G‘isht ko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan.

Yunusov Ibrohim Shavkatovich. 1970 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti oliy, oilali, «G‘isht ko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan.

Begmatov Baxtiyor Nabijonovich. 1974 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti oliy, oilali, «G‘isht ko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan.

Bo‘riyev Iskandar Tojiboyevich. 1973 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma'lumoti oliy, oilali, «G‘isht ko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan.

Bunga qadar mazkur holat yuzasidan Human.uz axborot portali jurnalistik surishtiruvlarini olib borgan va aybsiz ekaniga ishongan sobiq bojxonachilarning murojaatiga jamoatchilik e'tiborini qaratgan edi.

Top