09:44 / 28.07.2021
782
Chiroqchida elektr ta'minotidagi uzilishlar sababli tarvuz yetishtirayotgan dehqonlar zarar ko‘rgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani «Taloqtepa» MFY hududida bir guruh poliz mahsuloti yetishtiruvchi dehqonlarning elektr energiyasi yetishmovchiligi oqibatida zarar ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Chiroqchi tumanida tarvuz yetishtiruvchi dehqonlar elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar sababli zarar qilgani haqidagi xabar mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan. Jumladan, Chiroqchi tumani elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Maxammadiyev, YuJShDShXK muhandisi F.Badriddinov, II va MKCh texnigi D.Qilichev masalani joyiga chiqib o‘rgangan.

Ularning xulosasiga ko‘ra, darhaqiqat Chiroqchi tumani «Taloqtepa» MFY hududida dehqonlarning murojaatida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar bo‘lgan. Kunlar isib ketganda tuman aholisining aksar qismi o‘z tomorqalarida ekinlarni sug‘orish uchun ko‘p miqdorda suv nasoslaridan foydalanishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj oshib ketgan.

Iste'mol miqdori belgilangan quvvatdan oshib ketishi hududni elektr energiyasi bilan ta'minlab turgan nimstansiyalardagi transformatorlarning zo‘riqish bilan ishlashiga olib kelgan. Oqibatda ayrim hududlarda elektr energiyasi ta'minotida muammolar yuzaga kelgan.

«Vaziyatni yumshatish uchun hozirgi kunda Chiroqchi tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan iste'molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda», - deyiladi «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati munosabatida.

Top