Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 11 dekabr tongida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi, 6,2 mingdan ortiq iste’molchi vaqtincha svetsiz qoldi.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, soat 05:53 da “Botanika” podstansiyasidan chiquvchi “Astronomiya-1,2”, “L-Bosmaxona” va “L-Karamurt” kabel tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan. Shuning natijasida ushbu tarmoqlarga ulangan iste’molchilar elektr ta’minotidan uzilgan.
Soat 09:06 da “Astronomicheskaya-2” kabel tarmog‘idagi nosozlik bartaraf etildi va 3 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minoti qayta tiklandi. Hozirgi vaqtda energetiklar qolgan kabel tarmoqlaridagi nosozlikni bartaraf etish, barcha iste’molchilarni elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda.











