09:43 / 30.07.2021
8484
Boturov chorakfinalda yutqazdi va medalsiz qoldi

30 iyul kuni boks bo‘yicha -69 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasi yarimfinali uchun o‘zbekistonlik Bobousmon Boturov va britaniyalik Pet Makkormak o‘rtasida jang o‘tkazildi.

Turnirga o‘rta vazn toifasi favoritlaridan biri sifatida tashrif buyurgan britaniyalik bokschi buni amalda ham isbotladi. Birinchi raundda u o‘z harakatlari bilan Boturovni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, hakamlarning uch nafari raundni uning foydasiga yozishdi, o‘zbekistonlik bokschi esa o‘zining tezkorligi evaziga ikki hakamning ochkolariga ega bo‘ldi.

Ikkinchi raundda esa barcha hakamlar bir ovozdan o‘zining texnik harakatlari bilan katta taassurot qoldirgan Makkormakning g‘alabasini qayd etishdi. Boturov vaziyatni o‘zgartirishi uchun uchinchi raundda raqibni nokautga uchratishi talab etilardi, u aynan shu maqsadda harakat qildi va raqibning boshiga qator zarbalar berdi va unga jarohat ham yetkazdi. Ammo Makkormak g‘alabani saqlab qolib yarimfinalga yo‘l oldi, Boturov esa Olimpiadani medalsiz tark etadigan bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston erkaklar boks jamoasining 8 a'zosidan 5 nafari ishtirokini erta yakunladi. Endi Bahodir Jalolov, Shahobiddin Zoirov va Elnur Abduraimov O‘zbekistonga medal olib kelish uchun harakat qilishadi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top