12:01 / 31.07.2021
14315
«Eski gap, eski tog‘ora» – senator Narimon Umarov Ekologiya qo‘mitasi hisobotini tanqid qildi

Senat yalpi majlisida senator Narimon Umarov Ekologiya qo‘mitasi hisobotidan qoniqmaganini aytib, ko‘zga ko‘rinarli ish olib borilmaganini tanqid qildi.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Ekologiya qo‘mitasining belgilangan davrda amalga oshirgan ishlari hisoboti eshitildi. Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari senatorlar bergan savollarga javob berdi.

Yalpi majlisda senator Narimon Umarov qo‘mita hisobotidan qoniqmaganini, moratoriy davri tugashiga oz muddat qolgani, lekin ko‘zga ko‘rinarli ish olib borilmaganini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan qo‘mitaga yetarlicha vakolatlar berilgan bo‘lsa-da, bundan foydalanilmagan.

«Men Ekologiya qo‘mitasining bu axborotidan qoniqmadim. Chunki qonunda ham, Vazirlar Mahkamasi qarorida ham hamma vakolatlar berilgan. Prezident o‘zi mutlaq vakolat berdiki, shundan foydalanish kerak edi. Moratoriy tugashiga 6 oy qoldi.

Ekspertiza degan mexanizm bor, qurilish boshlanishidan oldin ekspertiza o‘tkaziladi, ruxsat berilmasa, bankdan ishni to‘xtatadi va mablag‘ni ko‘chirtirmaydi. Qo‘mita shu mexanizmdan foydalanmayapti, ekspertiza boshqa dunyo, qo‘mita boshqa bir dunyo: ekspertiza bergan xulosani, qo‘mita inspektorlari bermaydi.

Iqtisodiy jarimalar sizlarning qo‘lingizda, Vazirlar Mahkamasiga chiqinglar, inflatsiya bo‘lyapti. To‘xtab qolgan joyi yo‘q-ku, 2010 yildagi qaror bilan 5 yoki 6 baravar jarima bilan ishlayapsiz. Prezident aytyapti-ku, iqtisodiy jazolarni kuchaytiringlar deb. Daraxt ekaman-ekmayman, kesaman-kesmayman – bu shunchaki gap, soat uchdan keyin kessa, birov qo‘lidan ushlamaydi, xohlagan ishini qiladi. Shu ma'noda qo‘mita mexanizmdan mutlaqo foydalanmayapti.

Shuning uchun taklifim, 15 kun muhlat berish kerak, shu vaqt ichida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifini tayyorlab, hukumatga va Senatga taqdim qilsin. Hozir biz 1 soatdan beri nimani muhokama qilyapmiz, moratoriyga 6 oygina qolgan bo‘lsa.

Qo‘mitada 10 yil avval men ham rais bo‘lganman. Avvalgi va hozirgi sharoitlarni taqqoslab bo‘lmaydi, foydalanish kerak, xolos.

Shuncha vaqtdan beri bizning vaqtimizni oldi: eski gap, eski tog‘ora. Yashil iqtisodiyotga o‘tish degani nima – aslida ekologiyaning talablariga mos rivojlanish kerak emasmi? Yashil iqtisodiyot alohida yuribdi, qo‘mita alohida yuribdi. Ozgina bo‘lsa ham bilim bo‘lishi kerak-ku bu sohada», deya fikr bildirdi senator.

Senat raisi Tanzila Norboyeva moratoriy aslida qo‘mitaga sohadagi ishlarni tartibga solish uchun imkoniyat bo‘lganini ta'kidladi. 

«Belgilangan moratoriy qo‘mita uchun imkoniyat edi. Shu muddatda aynan shu ishlarni to‘g‘rilab olishingiz uchun moratoriy berilgan. Moratoriy davrida kesilmasin-da keyin kesilaversin degani emas. Qonunchilikni takomillashtirish, mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish, jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rnatish – barchasini yo‘lga qo‘yib olish uchun imkon edi. Moratoriy davri tugagandan so‘ng ishlangan mexanizm o‘z-o‘zidan ishlab ketilaverardi, afsuski moratoriyga 6 oy qoldi, lekin hech narsa tayyor emas», dedi Tanzila Norboyeva.

Top