15:30 / 13.08.2021
10011

Kun.uz tanqididan so‘ng ta'mirga tushgan ko‘cha 29 mlrd so‘m mablag‘ sarflanib foydalanishga topshirildi

Foto: KUN.UZ

2020 yil mart oyida saytimiz orqali "Namangan shahridagi abgor yo‘l: haydovchilar asabidan, mashinalar ballonidan ayrilmoqda" nomli maqola e'lon qilingan edi. 

Ushbu yo‘l Namangan shahriga Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan kelishda asosiy kirish yo‘li bo‘lgan Markaziy Marg‘ilon ko‘chasi achinarli holatda edi.

Tanqidiy maqoladan so‘ng shahar hokimligida ushbu yo‘l ta'mirlanishi bo‘yicha matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tgan edi. 

Aslida ushbu ko‘chada Hukumat qarori bilan tasdiqlangan shahar bosh rejasiga asosan, yo‘lning ikki chetidagi aholi xonadonlari shaharning boshqa hududiga ko‘chirilishi, yo‘lni kengaytirish va ko‘p qavatli uylar, tashkilot binolari jami 82ta obekt qurilishi belgilangan edi.

2020 yil sentabr oyida viloyat hokimi almashganidan so‘ng ko‘chada "snos" ishlari olib borish rejasi ham bekor qilingan edi.  

Oradan bir yil o‘tib ushbu ko‘cha to‘liq ta'mirlandi.

Marg‘ilon ko‘chasining 3,5 km qismida 29,6 mlrd so‘mga qurilish ishlari yakunlanib,  foydalanishga topshirildi.

Mavjud yaroqsiz holga kelgan  2,18 km (4.443.6 mln so‘m) ichimlik suv tarmog‘i rekonstruksiya qilindi, “Marg‘ilon”, “Navoiy” va “O‘zbekiston” ko‘chasi kesishmasi 750 metr qismida oqova suv tarmog‘i qurildi hamda Marg‘ilon ko‘chasi bilan Janubiy aylanma yo‘li kesishmasigacha oqova suv tarmoqqa ulash uchun ko‘chaning har ikki tomonida 1.25 km tarmoq tortib, nazorat quduqlari ishga solindi.

Mavzuga oid
Top