14:55 / 25.08.2021
6847

Uzimei tizimida mobil qurilmalarni noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘payishi ortidan javobgarlik kuchaytirilmoqda

Fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan foydalangan holda mobil uskunalarni Uzimei tizimidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlar soni keskin ortgan.

Foto: iStock

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a'zolari kecha, 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni yalpi majlisga kiritish borasida qaror qabul qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-2-moddasida nazarda tutilgan shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonun 27-1-modda bilan to‘ldirilishi ortidan, Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“O‘zkomnazorat” boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Rustamovning ma'lum qilishicha, ushbu qonun ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida fuqarolarning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma'lumotlar ularning roziligisiz olinishi, tarqatilishi va foydalanishi holatlari ko‘paygani sababli, fuqarolarni bunday huquqbuzarliklardan himoya qilish maqsadida qabul qilinmoqda.

Doniyor Rustamov bu borada mas'ul tashkilotlar taqdim qilgan statistik ma'lumotlarni keltirib o‘tdi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUK taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan foydalangan holda UZIMEI tizimidan mobil uskunalarni noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlar umumiy soni 2021 yil boshidan buyon oshib kelmoqda.

Xususan, joriy yilning fevral oyida 3987 kishi bunday huquqbuzarliklar yuzasidan murojaat qilgan bo‘lsa, mart oyida 9 ming 234 kishi, aprelda 12 ming 871 kishi, may oyida 8 ming 489 nafar o‘zbekistonliklar pasport ma'lumotlaridan foydalangan holda tizimdan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tish holatlari yuz berganini aytib, murojaat qilgan.

Ichki ishlar vazirligi “O‘zkomnazorat”ga taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, MJtKning 46-2-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik – shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish holatlari ham yildan yilga oshib bormoqda.

Xususan, 2019 yilda bu borada faqat 1 huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, 2020 yilda 27 nafar shaxs tomonidan 20 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. 2021 yilning 1-choragida esa 12 nafar shaxs tomonidan 8 ta ma'muriy huquqbuzarlik sodir etilgan.

Oliy sud taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 141-2 moddasida sodir etilgan jinoyat (Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)ni sodir qilishi ortidan sudlanganlar 2019 yilda bo‘lmagan, 2020 yilda esa 2 ta jinoyat yuzasidan 8 nafar shaxs sudlangan.

Xuddi shu huquqbuzarlik yuzasidan ma'muriy ish doirasida sudlanganlar soni esa 2019 yilda 2 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda 27 nafar shaxs sudlangan.

JK va MJtKga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi ushbu qonun loyihasi “O‘zkomnazorat” tomonidan ishlab chiqilgan va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan. U kuchga kirishi uchun Senat tasdiqlashi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Top