22:01 / 03.09.2021
86112
Afg‘oniston: Panjsher vodiysi atrofida shiddatli janglar ketmoqda

Afg‘onistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, toliblarga qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan so‘nggi hudud bo‘lmish Panjsher vodiysi atrofidagi hududlarda so‘nggi kunlarda qaqshatqich janglar bo‘lib o‘tdi.

Ziddiyat tomonlari bir-biriga ters ma'lumotlar tarqatib, «axborot urushi» olib bormoqda.

Ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, toliblarning vodiy tomon keng ko‘lamli hujumlari boshlanganini ma'lum qilgan.

«Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid toliblar «Milliy qarshilik fronti»ni bir necha pozitsiyalarda vodiy ichkarisiga chekintirib, raqibga qaqshatqich zarbalar bergani haqida aytgan.

Harakatning yana bir vakili Bilol Karimi RIA Novosti muxbiriga bergan ma'lumotida, amirlik jangchilari Panjsher ichkarisiga kirib, viloyatning 20 foizlik qismini nazorat qilayotgani haqida aytib o‘tgan.

O‘z navbatida, Milliy front vakili Fohim Dashtiy BBC intervyuda vodiyga ikki tomondan qilingan hujumlar qaytarilgani, front vodiyga kirishdagi barcha yo‘llar ustidan nazoratni saqlab qolayotgani va ayrim hududlarda hatto vodiy tashqarisida yurishlar amalga oshirilgani haqida aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar so‘nggi tunda bir necha hududda bo‘lib o‘tgan janglarda 350 kishisini yo‘qotgan, jami 50 jangari asir tushgan.

Front vakillari ma'lumot berishicha, o‘tgan tunda «Tolibon» Panjsher vodiysiga hujumlarni bir necha tomondan davom ettirgan: Andarab vodiysi orqali Xovak dovoni tomondan, Shotul tumanidagi Salang dovoni tomondan, shuningdek, Parvon viloyatidagi Gulbahor shahri tomondan.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Tolibon» Xovak dovonida kamida 100 kishini yo‘qotgan, Shotul tumanidagi guruh to‘liq mag‘lubiyatga uchragan, Salang tumanidagi guruh qurshab olingan.

Shuningdek, Badaxshon viloyatida isyon ko‘tarilgani, qarshilik kuchlari hududdagi to‘rtta tumandan toliblarni quvib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toxar viloyatida ham to‘qnashuvlar boshlanib ketgani haqida xabarlar tarqalgan. Sputnik Afg‘oniston manbalari qarshilik fronti yetakchilari yaqin vaqtlar ichida viloyatdagi bir qancha tumanlarni ozod qilishni rejalashtirgani haqida xabar bergan.

Bu ma'lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirtirishning imkoni yo‘q.

Ayni vaqtda qator rus nashrlari turli mahalliy manbalarga tayangan holda Amrulla Solih Tojikistonga ketgani va toliblar Panjsherni egallagani haqida xabarlar tarqatmoqda. Herat Times esa bu ma'lumot asossiz ekanini ma'lum qilgan.

Ko‘p o‘tmay Solihning o‘zi videomurojaat qilib, tarqalgan xabarlarni toliblarning propagandasi deb atab, hozirda Panjsherdaligi va hech bir hudud toliblar qo‘liga o‘tmaganini ma'lum qildi.

Qayd etish kerakki, Panjsherda qarshilik harakati boshlangandan buyon bir necha marta Ahmad Mas'ud toliblarga taslim bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan, keyinroq bu ma'lumotlar tasdig‘ini topmagandi.

Tabiiy qal'a
Panjsher - Afg‘onistonning 34 viloyati ichida hamon toliblar hukmiga bo‘ysunmagan yagona hududi bo‘lib qolmoqda.

Viqorli tog‘lar qurshovidagi vodiy maydoni 3610 kv km bo‘lib, bu yerda 173 ming kishi istiqomat qiladi. Vodiyning boshlanish qismi Kobuldan shimoli-sharqda 125 km masofada joylashgan, hudud yaqinidan mamlakat janubi va shimolini bog‘lovchi muhim avtomagistral o‘tadi.

Geografik joylashuv vodiyni tabiiy qal'aga aylantirgan. Dara ichidan o‘tuvchi yagona yo‘l yoqasida daryo yastanib yotadi, atrofdagi tog‘lar balandligi 6 ming metrgacha yetadi. Bunday hududda hujum amaliyotlari o‘tkazish juda ham murakkab.

Panjsherda asosan afg‘on tojiklari yashaydi, ular pushtunlar tomonidan tuzilgan «Tolibon»ga hech qachon bo‘ysunmagan.

15 avgust kuni Kobul toliblar qo‘liga o‘tgach, Afg‘oniston armiyasi va xavfsizlik xizmatining qurollarni tashlab, taslim bo‘lishni istamagan harbiy xizmatchilari Panjsherga borib joylashdi.

Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih ham shu yerda, sobiq prezident Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgach, u o‘zini vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi deb e'lon qilib, qarshilik ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.

«Milliy qarshilik fronti»ga 32 yoshli Ahmad Mas'ud boshchilik qilmoqda, unga «Panjsher arsloni» deb laqab qo‘yishgan.

Uning otasi, o‘tmishda avvaliga sovetlar, keyin toliblarga qarshi kurashgan mujohidlarning yirik dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas'udni Sher deb atashgan.

2001 yil 11 sentyabridagi teraktlardan biroz oldin u jurnalistlar qiyofasida kelgan «Al-Qoida» jangarilari o‘zini portlatishi oqibatida halok bo‘ladi.

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, qarshilik fronti 12-15 ming qurolli jangchidan tashkil topgan, ularning bir qismi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan maxsus topshiriqli jangchilardir. «Tolibon» kuchlari esa 50 ming kishidan oshiq. Ammo tog‘li hududlarda son jihatdan kam bo‘lgan tomon uchun ham himoyalanish nisbatan osonroq.

Bu vaqtda turli ma'lumotlarga ko‘ra, toliblar orasida yangi hukumatni shakllantirish borasida ziddiyatlar yuzaga kelmoqda.

O‘z kuchlari bilan Kobulni nazorat qilayotgan, «Haqqoniy tarmog‘i» asoschisining o‘g‘li Sirojiddin Haqqoniy va uning qarindoshi - mamlakatning bo‘lajak ichki ishlar vaziri sifatida qaralayotgan Xalil Haqqoniy hamda harakat asoschisi mulla Umarning o‘g‘li, harbiy qo‘mondon, yangi hukumatda Mudofaa vaziri bo‘lishi kutilayotgan Muhammad Yoqub o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lgani aytilmoqda.

Harakatning amaldagi rahbari Haybatulla Oxundzoda kim tomonda ekani hozircha ma'lum emas.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top