20:01 / 09.09.2021
9834
Shimoliy Koreya 2022 yil oxirigacha XOQda a'zolikdan mahrum etildi

Shimoliy Koreya Olimpiya qo‘mitasi 2022 yil oxirigacha Xalqaro Olimpiya qo‘mitasida a'zolikdan mahrum etildi. Bunga Shimoliy Koreyaning Tokio Olimpiadasida ishtirok etishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

“Koreya Xalq Demokratik Respublikasi milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokio Olimpiadasida ishtirok etmaslik haqidagi bir tomonlama qarori sababli 2022 yil oxirigacha chetlatildi”, deb aytilgan XOQ prezidenti Tomas Bax bayonotida.

Baxning aytishicha, ushbu qaror Shimoliy Koreya Olimpiya qo‘mitasi belgilangan davr ichida moliyaviy ko‘mak olmasligini va sanksiyalar sababli taqdim etilmay kelingan ko‘makdan to‘liq mahrum etilishini anglatadi. 

Shu bilan birga, XOQ 2022 yil fevralda Pekinda o‘tadigan qishki Olimpiadada ishtirok etishga da'vogarlik qilayotgan shimoliy koreyalik sportchilar bo‘yicha alohida qaror qabul qilishi mumkin.

Shimoliy Koreya Tokio Olimpiadasiga o‘z sportchilarini yubormagan yagona davlat bo‘ldi. Pxenyan bu qarorni sportchilari koronavirus yuqtirib olishi mumkinligi xavotirida qabul qilgan.

XOQ prezidentining ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya Olimpiadada ishtirok etmaslik oqibatlaridan va bu Olimpiya xartiyasida ko‘zda tutilgan sanksiyalar va cheklovlarga olib kelishidan ogohlantirilgan.  

Avvalroq Shimoliy Koreya televideniyesi 23 iyuldan 8 avgustgacha o‘tgan Tokio Olimpiadasi musobaqalarini 3 haftalik kechikish bilan ko‘rsatishni boshlagani ma'lum qilingan.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top