10:59 / 15.09.2021
14738
O‘zbekistonda DXX xodimlari kuni o‘zgardi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabrni DXX organlari xodimlari kuni etib belgilash ko‘zda tutilgan qonunni imzoladi.

DXX xodimlari kasb bayrami 5 apreldan 26 sentabr sanasiga o‘zgarishi kutilayotgani shu yilning 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma'lum qilingan edi.

Ushbu yig‘ilishda so‘zga chiqqan senator Tolibjon Umarov 2018 yilda belgilangan DXX xodimlari kuni avvalgi sanaga qaytarilishining ahamiyatini xavfsizlik xizmatining yubileyini o‘tkazishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, mana shu narsa hisobga olinib, kasb bayrami sanasi o‘zgartirilishi bo‘yicha maxsus bir topshiriq berilgani bilan izohlagandi. Biroq u topshiriq kim yoki qaysi organ tomonidan berilganiga aniqlik kiritmagan.

“O‘zi asli 2018 yilda qabul qilingan qonun bilan DXX xodimlari kuni 5 aprel etib belgilangan edi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, DXX xodimlari kuni aslida O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentyabrdagi farmoniga borib taqaladi. Mana shundan beri 26 sentabr xavfsizlik xizmati xodimlarining kuni sifatida nishonlanib kelgan.

2018 yil 5 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganini inobatga olib, 2018 yilning 2 oktyabrida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq 5 aprel DXX xodimlari bayrami deb e'lon qilingandi.

Mazkur qonun bugungi kunda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ish yurituvida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. 2019 yilgacha DXX xodimlari kuni 26 sentyabrda nishonlab kelingan. Shu sanada xizmatning 10, 20, 25 yillik yubileylari o‘tkazilgan. Mana shu narsa hisobga olinib, maxsus bir topshiriq berildiki, DXX xodimlari kunini oldingi holatga qaytarish masalasi bo‘yicha. Shunda bevosita 2021 yil 26 sentyabrda ularning 30 yilligi nishonlanadi”, deya Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senator bayramlarni ko‘chirish qonunchilik amaliyotida uchraydigan holat ekani, jumladan, 1993 yildagi qonun bilan xalq ta'limi xodimlarining kuni belgilangani, biroq 1996 yilda qonunga o‘zgartirish kiritilib, o‘qituvchi va murabbiylar kuni 1 oktyabrga ko‘chirilganini ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 1991 yil 26 sentyabrda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov chiqargan farmon bilan O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tugatilgan va prezidentga bo‘ysunuvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tuzilgan edi. 1991 yil 2 noyabrda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan va MXX 2018 yilgacha sohaga oid qonunlarsiz, faqatgina ushbu matni jamoatchilikka ma'lum bo‘lmagan nizom asosida faoliyat yuritib kelgan.

2018 yil 14 martda prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirildi.

2018 yilning 5 aprelida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi ​qonun qabul qilingan va ushbu sana DXX xodimlari kuni etib belgilangan edi.

5 aprel DXX xodimlari kuni sifatida 2019 yilda ilk marta nishonlangan.

Top