12:28 / 15.09.2021
50075
Tojikiston Baydenning bayonoti yuzasidan e'tiroz bildirdi

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi AQShning Dushanbedagi elchisi Jon Mark Pommershaymni chaqirtirib, unga AQSh prezidenti Jo Baydenning Tojikiston haqidagi so‘zlari uchun norozilik notasi topshirdi.

Ta'kidlanishicha, notada “bunday bayonotlar do‘stona munosabatlar va sheriklik ruhiga to‘g‘ri kelmasligi” aytilgan.

Shu bilan birga, Tojikiston AQSh bilan hurmat va o‘zaro ko‘makka asoslangan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligi aytilgan.

Bir necha kun avval Bayden Tojikiston nomiga bahsli so‘zlar aytgan. U o‘z nutqlaridan birida Kobul aeroportida afg‘onlar AQSh samolyoti qanotlari va shassisiga chirmashib qochishga uringan, so‘ngra balandlikdan qulagan vaziyat Tojikistondan AQSh tarafdorlari evakuatsiya qilinganda ham yuz berishi mumkinligini aytgan. 

“Misol uchun, biz Tojikistonda bo‘lganimizda va S-130 samolyotini uchish yo‘lagiga olib chiqib, bizni xush ko‘ruvchi barchaga samolyotga chiqishni aytganimizda, u yerda ham shassiga osilib olgan odamlarni ko‘rgan bo‘lardik”, deb aytgan Bayden.

AQSh prezidenti shu so‘zlari bilan Afg‘oniston bo‘yicha qarorini yana bir bor himoyalashga uringan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top