18:59 / 16.09.2021
27189

Kobuldagi xaos va umidsizlik. Bir oy avval qulagan hukumatning so‘nggi soatlari qanday kechgandi?

20 yillik quvg‘inlikdan keyin toliblar Kobulga qaytishdi va yangi hukumat tuzilganini e'lon qilishdi. Muvaqqat hukumatda o‘z vaqtida ta'lim olgan, xorijiy investitsiya nimaligini his qilgan va bu orqali kelajagi demokratiya asosiga qurilishiga umid bog‘lagan avlodga ishonib bo‘lmaydi, deb hisoblashgan ko‘rinadi. Avvalgi hukumat nega bu qadar tez quladi va bu qanday sodir bo‘ldi?

2021 yil 15 avgust. Tolibon Jalolobodda.
Foto: Getty Images

Toliblar mamlakatdagi ilk yirik shaharni egallashidan Kobul darvozalarigacha yetib borishi uchun o‘n kun kifoya qildi.

Ammo o‘sha pallalarda poytaxtdagi vaziyat butunlay boshqacha kechadigandek edi. Tahlilchilarning ko‘pchiligi Kobul qandaydir tinchlik kelishuvi tuzilguncha turib bera olishiga ishonch bildirgandi. Ammo 15 avgust kuni barchasi o‘zgarib ketdi. Bir necha soat ichida prezident va oliy martabali amaldorlar mamlakatdan qochib ketishdi. Afg‘on armiyasining qolgan qismi va politsiyachilar formalarini yechib, yashirinish payiga tushishdi.

G‘arb madadiga tayanib yashab kelgan afg‘on hukumati tom ma'noda tarqalib ketdi – sarflangan trillionlab dollarlar, harbiy yordamlar va yigirma yil mobaynida xorijlik mutaxassislar tomonidan berilgan saboqlarga qaramay.

Bu voqealar ishtirokchilari bilan suhbatlashgan BBC jurnalistlari afg‘on hukumati qanday qilib bir necha soat ichida mavjudligini yo‘qotgani, hammayoqni xaos va umidsizlik qamragani kartinasini tuzishdi.

14 avgust, shanba

Yuqori martabali manbalardan birining BBC’ga ma'lum qilishicha, prezident Ashraf G‘ani atrofidagi doiralarda tashvishli muhit yuzaga kelgan, ammo hech qanday vahima yo‘q edi. Poytaxtni himoya qilish rejasi ishlab chiqilgan va uning detallari Afg‘oniston armiyasi bosh shtabi boshlig‘i, general Haybatulloh Alizay hamda mamlakatdagi eng nufuzli amerikalik qo‘mondon Piter Veysli tomonidan muhokama qilingan. Rejaning asosiy elementi toliblarning yurishini Kobul ostonasida to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish edi.

14 avgust kuni prezident Ashraf G‘ani va mudofaa vaziri Bismilla Xon Muhammadiy Kobuldagi qo‘shinlarni ko‘zdan kechirdi.
Foto: Reuters

Kobul xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yangi ishchi guruh rahbarligiga afg‘on armiyasining mamlakatdagi eng yirik viloyat bo‘lgan Hilmanddagi kuchlarining sobiq qo‘mondoni Sami Saodat taklif etiladi. Reja zarurat tug‘ilganda harbiy harakatlarga kirishishni, ammo ideal holatda «Tolibon» bilan tinchlik kelishuvini tuzishni nazarda tutar edi. Sulh tuzishga erishilmasa ham Kobuldagi ma'muriyatda evakuatsiya uchun vaqtdan yutish imkoni bo‘lardi.

Ammo general-leytenant Saodat rahbariyat bilan uchrashuv o‘tkazayotganida toliblar Afg‘oniston shimolidagi eng yirik shahar bo‘lmish Mozori Sharifni egalladi va sharqqa – Jalolobod tomon yurish qildi. Bu ikki shahar ham deyarli jangsiz taslim bo‘ldi.

Endilikda so‘nggi yirik shahar – Kobul qolmoqda edi.

Sobiq iqtisodchi olim, Jahon banki xodimi bo‘lgan Ashraf G‘ani Afg‘oniston prezidentligi lavozimini 2014 yil sentyabridan buyon egallab kelayotgandi. Uning siyosatidan norozi bo‘lgan prezident ma'muriyatining sobiq xodimlari BBC’ga toliblarning so‘nggi haftalardagi yurishlari vaqtida G‘ani ular tomonidan kelayotgan xavfni sog‘lom aql bilan baholay olmaganini aytishdi.

Ammo hech qanday shubha yo‘qki, G‘ani Afg‘onistonning sobiq prezidenti Muhammad Najibullaning qismatini yoddan chiqarmagan. U hatto keyinroq mamlakatni tark etishiga izoh berayotib ham uning kuni qanday tugaganini eslatib o‘tdi.

1996 yilda Kobulga kirib kelgan toliblar Najibullani tutib olishgandi. O‘shanda jangarilar uni BMT vakolatxonasi binosidan olib chiqib, jon bergunicha qiynoqqa solishgan, keyin uning tanasini prezidentlik saroyi qarshisidagi svetoforga osishgandi.

15 avgust, yakshanba tongi

15 avgust. Banklar oldida uzun navbatlar paydo bo‘ldi.
Foto: Getty Images

Tongda Kobul aholisi orasida xavotir kuchaya boshlaydi. Shahar bo‘ylab jangarilar poytaxt devorlari ostida to‘plangani haqida xabarlar tarqaladi. Banklar oldida naqd pul olish uchun uzun navbatlar yuzaga keladi, odamlar aeroportga oshiqa boshlaydi. Ammo prezident G‘anining atrofidagilar hamon shahar bir necha soatdan keyin toliblar nazoratiga o‘tishi haqida o‘ylamasdi.

Prezident apparati xodimlari odatdagidek XIX asrda qurilgan muhtasham Ark saroyidagi prezident qarorgohiga ishga chiqishadi.

Ulardagi ishonchni mustahkamlagan omil bir kun avval prezident maslahatchisi Salom Rahimiy vositachiligida erishilgan bitim edi. G‘aniga yaqin bo‘lgan manba ma'lumotiga ko‘ra, Rahimiy toliblar bilan maxfiy muzokaralarda qatnashgan va ular bilan hokimiyatni vaqtincha o‘zaro taqsimlash evaziga shaharga hujum qilmaslik bo‘yicha kelishuv tuzgandi.

Bunday kelishuv xorijliklar va toliblar hokimiyatga kelishidan xavfsiragan afg‘onlarni aeroport orqali reja bo‘yicha evakuatsiya qilishni davom ettirishga imkon berardi. Shuningdek, Qatardagi muzokaralarda tilga olingan milliy birlik hukumati tuzish haqidagi muzokaralarni yakunlash uchun vaqtdan yutish imkoni bo‘lardi.

Ashraf G‘ani "Facebook" orqali fuqarolarga murojaat qildi.
Foto: Facebook

Kobul ahlini xotirjam qilishga urinib G‘anining administratsiyasi yakshanba kuni prezidentning feysbukdagi rasmiy sahifasida prezident ichki ishlar vaziri hamda boshqa kuch ishlatar tuzilmalar rahbarlari bilan shaharni himoya qilish choralarini muhokama qilgani aks etgan videoni joylashtirdi. O‘z kabinetida, yog‘ochdan ishlangan stulida o‘tirgan G‘ani vazir bilan telefon karnayini yoqib qo‘ygan holda gaplashadi. Videoyozuvdan shunday xulosaga kelish mumkin ediki, toliblar bilan, albatta, kelishuvga erishiladi hamda Kobulda harbiy harakatlar olib borilmaydi.

Ammo aftidan, bu hukumatning barcha a'zolarini ham ishontirish uchun yetarli bo‘lmagan. BBC ma'lumotiga ko‘ra, prezident o‘shanda boshqa yuqori martabali vazirlar bilan bog‘lana olmagan. Masalan, vitse-prezident Amrulla Solih bu vaqtda Kobuldan o‘nlab kilometr uzoqdagi Panjsher vodiysiga ketgandi. Mudofaa vaziri Bismilla Xonni ham topib bo‘lmay qoladi. Va barcha reja chippakka chiqa boshlaydi.

***

Bu vaqtda o‘nga yaqin yuqori martabali afg‘on siyosatchilaridan iborat guruh odatiy yo‘lovchi reys orqali Islomobodga uchib ketish uchun aeroportga yo‘l olgandi. Bu guruhda parlament quyi palatasi spikeri Mir Rahmon Rahmoniy va sobiq vitse-prezident Karim Xaliliy ham bor edi.

Delegatsiya a'zolaridan biri, qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimi Shahib Sharifiy keyinroq OAVning bu safar aslida niqoblangan evakuatsiya bo‘lgani haqidagi xabariga raddiya berdi. «Bizning oldimizda Pokiston hukumatini Afg‘onistonda qon to‘kilishidan qochish uchun vositachi bo‘lishga ko‘ndirish vazifasi qo‘yilgandi», – deydi u.

Ammo prezident G‘ani bu tashrifga qarshi bo‘lgan. «U biz Pokiston yordamida uning hokimiyatdan chetlatilishiga olib keladigan kelishuvga erishishimizdan qo‘rqardi. U bizning safarimizga qat'iyan qarshi edi», – degan Sharifiy.

Kuzatuvchilarning taxmin qilishicha, prezident parlament spikeri mamlakatni tark etishi jamoatchilikda yanada ko‘proq vahima uyg‘otishidan cho‘chigan bo‘lishi ham mumkin.

Sharifiy aeroportgacha bo‘lgan yo‘l davomida kuzatganlari asosida shahardagi vahimali vaziyatni tasvirlaydi.

Tolibon Kobulga yaqinlashganida butun shaharda tirbandlik yuzaga keldi.
Foto: Getty Images

«Biz toliblar darvoza ortida turganini eshitdik, ammo ular bu qadar tezlik bilan shaharga kirishini o‘ylamagandik. Avvalgi tun haddan tashqari notinch o‘tgandi, biz tom ma'noda qo‘limizdan qurolni qo‘ymasdan uxlagandik. Banklarda navbatlar hosil bo‘lgan, odamlar naqd dollarlarni yechib olishga shoshilardi. Aeroportga kirishda ham navbatlar yuzaga kelgandi. Hammayoqda misli ko‘rilmagan tirbandliklar edi», – deya xotirlaydi u.

Yo‘llar shu qadar tiqilinch bo‘lganki, aeroportga guruhning boshqa a'zolaridan alohida yo‘l olgan sobiq vitse-prezident Xaliliy yo‘lda mashinani qoldirib, reysga ulgurish uchun qolgan o‘n daqiqa davomida piyoda harakatlanishiga to‘g‘ri kelgan.

Aeroportdaligida delegatsiya vakillariga daqiqa sayin toliblarning harakatlari to‘g‘risida so‘nggi ma'lumotlar kelib turgan. «Har daqiqada bizga ular shahardagi muhim joylarni egallagani to‘g‘risida yangidan yangi xabarlar kelardi. Bu juda qo‘rqinchli edi», – deydi u.

Aeroport ichkarisida xaos hukmron edi.

Kobul aeroportida tartibsizlik boshlanadi

BBC jurnalisti odamlar muntazam reyslarga so‘nggi chiptalarni qo‘lga kiritish uchun qanday kurash olib borishganiga guvoh bo‘lgan. Qo‘lida chiptasi bo‘lgan ayrim yo‘lovchilar navbat oxirida qolib ketgan, chunki ularning o‘rnini aeroportga kelgan parlament a'zolari, qo‘shiqchilar va boshqa VIP-shaxslarga berib yuborishgan.

Ko‘p o‘tmay aeroport va chegara xizmati xodimlari o‘z ish joylaridan yo‘qolib qola boshlagan, odamlarni tekshirish to‘xtagan. Natijada odamlar oqimi uchish maydoniga yopirilgan.

Delegatsiya nihoyat Pokiston xalqaro avialiniyalari reysiga chiqqan. Ammo aviadispetcherlar ekipajga uchishga ruxsat bermagan va keyingi ko‘rsatma – kutish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

«Biz jangarilar istalgan daqiqada aeroportni egallab olishi mumkinligini o‘ylardik. Agar toliblar kutilmaganda samolyotga kirib kelsa, qanday himoyalanishni ham muhokama qildik. Mening qo‘limdagi eng og‘ir buyum leptop batareykasi edi», – deya eslaydi Shahib Sharifiy.

Yakshanba – kun yarmi

Bu vaqtda prezidentlik saroyidagi vaziyat ham yomonlashib borardi. G‘ani hamon o‘z hukumati harbiy boshliqlari bilan bog‘lanishga urinar, ammo bu besamar ketardi.

«Shunday tasavvur uyg‘ondiki, hukumat mexanizmi shunchaki ishlashdan to‘xtadi, odamlar, shu jumladan, eng muhim lavozimlardagi odamlar alohida guruhlarga ajralib ketgandi. Va bu guruhlar bir-biri haqida hech narsa bilmasdi. Biz saroydan qandaydir ko‘rsatma kutardik, ammo bunday ko‘rsatma kelmadi», – deydi BBC bilan suhbatda G‘ani hukumatidagi lavozimlardan birini egallagan manba.

G‘anining atrofidagi odamlar kamaya boshladi va ular tashqi dunyodan ihotalanib qoldi. Bir necha manbalarning aytishicha, o‘sha vaqtda muhim qarorlarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan uch kishi qolgandi: uning o‘zidan tashqari prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Mohib va prezident apparati rahbari Fozil Fazliy.

G‘ani 38 yoshli Mohibga hammadan ko‘proq ishongan. U G‘arbda ta'lim olgan, o‘tmishda Afg‘onistonning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan; mudofaa va xavfsizlik sohasida tajribasi yo‘qligiga qaramay, G‘ani 2018 yilda uni harbiy masalalardagi eng muhim qarorlar uchun mas'ul bo‘lgan maslahatchisi etib tayinlagandi.

Saroydagi manbalarning hikoya qilishicha, tushga yaqin Mohib evakuatsiya jarayonini boshlashga kirishadi. Bundan biroz oldinroq qarorgoh yaqinida otishma ovozi eshitilgandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, G‘ani saroyni tark etishni istamagan. Ammo Mohib prezidentni gap uning hayotiga tahdid haqida ketayotganiga ishontirgan. «Mohib G‘aniga toliblar shu yerga kelayotgani, ular uni qo‘lga olib o‘ldirmoqchiligini aytdi. U juda tashvishda edi», – deydi manba.

Bu vaqtda butun Kobul bo‘ylab mavhumlik oldidagi qo‘rquv holati yuzaga kelgandi.

15 avgust. Toliblar Lag‘mon viloyatida.
Foto: Getty Images

«Men ofisda edim va taxminan soat 14:00 larda ijtimoiy tarmoqlar shahar ko‘chalaridagi toliblarning suratlari bilan to‘lib-toshgandi. Hamkasblar narsalarni yig‘ishtirib, uy-uyiga tarqala boshladi. Bir-birimiz bilan gaplashmasdik. Men ofisdan chiqqanimda, ko‘chalarni odam bosib ketgandi. Do‘konlar yopilgandi. Men otishma ovozlarini eshitdim. Qarshimdan chiqqan har bir odamni tolib deb gumon qilardim», – deydi BBC bilan suhbatda Kobulda yashovchilardan biri.

Ko‘plab manbalarning so‘zlariga ko‘ra, prezident tansoqchilarining aksar qismi u saroydan ketishiga qarshi bo‘lgan. G‘ani, uning oilasi va maslahatchilari uchun uch vertolyot keltirilganida, xavfsizlik xizmati xodimlari va qarorgohni tark etayotganlar o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan: ular bir-biriga baqira boshlagan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyotga chiqish jarayonida ketayotganlar pastga bir necha sumka tashlagan. Ayrim manbalar ularda qo‘riqchilarni tinchlantirish uchun naqd pullar solingan bo‘lganini taxmin qilishdi, ammo bu ma'lumotni tekshirish imkonsiz. Keyinroq Birlashgan Arab Amirliklarida turib qilgan videomurojaatida G‘ani Afg‘onistondan sumkalarga solingan yirik miqdordagi pullarni olib ketgani haqidagi ma'lumotlarni rad etdi.

Soat 15:30 atrofida prezident G‘ani va uning yaqinlari, shu jumladan, Mohib va Fazliy ham vertolyotlar orqali prezident saroyini tark etishadi.

Ular avvaliga Termizga, keyin BAAga uchadi. Bir necha soat vaqt o‘tib butun dunyo nashrlarida bir necha soat oldin Ashraf G‘ani o‘tirgan stol atrofida prezident saroyiga kirib kelgan toliblar turgani aks etgan surat tarqaldi.

Tolibon Ashraf G‘anining prezident saroyidagi kabinetida.
Foto: AP

G‘anining ish stolida hamon u ertalabki majlis vaqtida qoldirgan kitob o‘sha sahifasi ochilgan holda yotardi. Ammo «Tolibon» yangi sahifani yozishni boshlagandi.

***

Bu vaqtda aeroportda bo‘lgan hukumatning boshqa yuqori martabali vakillari yangiliklarni kutib turishardi. G‘ani qochib ketgani haqidagi xabar hali ularga yetib kelmagandi.

«Men o‘ndan ortiq vazirlar va boshqa mansabdorlarni sanadim. Ular uchish-qo‘nish yo‘lagi atrofida turar va kutardi. Ular bir-biridan G‘ani qayerdaligini so‘rashardi, ammo hech kim bu haqda hech narsa bilmasdi», – deya hikoya qiladi hukumatning sobiq a'zosi.

Uchish maydonida Pokiston havo yo‘llarining PK6250 reysini amalga oshirayotgan samolyoti turardi. Sharifiy va delegatsiyaning boshqa a'zolari bortda o‘tirganiga to‘rt yarim soat vaqt bo‘lgandi. Aviadispetcherlar jim edi.

 Samolyot uchuvchilari zudlik bilan qaror qabul qilishi talab etilardi.

 Aerodromning harbiy qismida doimiy ravishda «Chinuk» vertolyotlari va AQSh harbiy-havo kuchlari samolyotlari uchib turardi.

Shunda pilot Maqsud Bayroniy dispetcherlar ruxsatisiz uchib ketishga qaror qildi, keyinroq uning bu qarori Pokistonda qahramonlik sifatida qabul qilindi. Jurnalistlar bilan suhbatda u shunchaki ikki harbiy bort ortidan uchish yo‘lagiga chiqqanini aytib berdi.

Sharifiyning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on delegatsiyasi shundan keyin yengil tin olgan. «Biz nihoyat uchishni boshlaganimizdan baxtiyor edik, ammo shu bilan birga qaytganimizda nima bo‘lishini bilmaslikdan qayg‘uda edik», – deydi u.

Ular bu vaqtda prezident mamlakatdan qochib ketganidan xabardor emasdi.

***

Bir necha kun o‘tib prezident G‘ani BAAda turib Feysbuk orqali efirda paydo bo‘ldi – bu yerda unga «insonparvarlik yuzasidan» qolishga ruxsat berilgandi.

U mamlakatni og‘ir damlarda tashlab ketganini izohlashga urindi.

«Kobulni tark etish qarorini men emas, shaxsiy tansoqchilarim qabul qildi, agar men qolganimda bu qon to‘kilishiga olib kelgan bo‘lardi. Afg‘onistonda 25 yil muqaddam ro‘y bergan voqealar takrorlanardi. Meni afg‘on xalqi ko‘z o‘ngida osardilar va bu ham tariximizdagi yana bir falokatga aylanardi», – deydi G‘ani.

***

O‘sha yakshanbada Kobulda ko‘pchilik bu qadar tezlik bilan qo‘lga kiritganidan ajablangan bo‘lishi mumkin, lekin mamlakatning qolgan qismidagilar buni yaxshi tushunardi.

BBC ixtiyoriga janubdagi viloyatlardan biri toliblarga topshirilishi bilan yakunlangan muzokaralar haqida ma'lumot kelib tushgan.

Pokiston bilan chegaradagi Zobul viloyatidagi toliblardan birining so‘zlariga ko‘ra, bu hududdan 2014 yilda amerikalik harbiylarning olib ketilishi oqibatida afg‘on armiyasi moddiy qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘lgan. «Amerikaliklar Zobulga kelib, bu yerda professional blok-postlar va bazalar qurishgan, ammo ular ketishgach, afg‘on armiyasi bularning barchasini saqlab tura olmay qolgan. Toliblar ularning ta'minot liniyalarini to‘sib qo‘yishdi va ularning ishlashiga imkon bermadi», – deydi muzokaralarda ishtirok etgan toliblardan biri.

Qishloq hududlarning katta qismini nazoratiga olib bo‘lgan «Tolibon» asta-sekin blok-postlarni ham egallab ola boshladi va afg‘on harbiylarini kazarmalarga qamalishga majbur qildi. 2021 yil iyunida Zobuldagi vaziyat «Tolibon» foydasiga o‘zgara boshlagandi.

«Biz mahalliy qabilalar kengashi orqali o‘z an'analarimizga muvofiq tarzda muzokaralar o‘tkazishga qaror qildik», – degan manba.

15 iyun kuni ikki tomondan o‘nlab kishilar ishtirokida muzokaralar boshlandi va ikki kun davom etdi. Muzokarachilar delegatsiyalariga toliblarning mahalliy bo‘limi qo‘mondoni Muxlis hamda Zobul gubernatori o‘rinbosari Inoyatulloh Xotak rahbarlik qildi. Ikki asosiy masala muhokama qilingan: afg‘on harbiylari xavfsizligi kafolati hamda toliblar va mahalliy aholi o‘rtasidagi qurol taqsimoti.

Keyingi kuni ular kelishishdi. Oqsoqollar qurollarni toliblarga topshirishga rozi bo‘lishadi, shuningdek, harbiylar viloyat markazi Qalot shahriga xavfsiz o‘tishi ta'minlanadi. Har bir harbiy xizmatchiga 5 ming afg‘oniy (taxminan 55 dollar) hamda o‘z xavfsizligi uchun bitta yengil qurol beriladi. Harbiylarga evakuatsiya uchun yetarli miqdorda texnika ham qoldiriladi. 16 iyun kuni yuzlab harbiy xizmatchilar toliblar kuzatuvi ostida Qalotga keta boshlaydi.

Zobuldagi manbalarning aytishicha, viloyatning boshqa qismlaridagi harbiylar ham toliblar bilan xavfsiz yo‘lak bo‘yicha kelishuvlar tuzishgan.

Bu vaqtda Kobul qulashiga bir necha hafta qolgandi.

***

Afg‘onistonda ko‘pchilik uchun 15 avgust – umidlar ko‘milgan va umidsiz hayot boshlangan qora kun bo‘ldi.

Afg‘onistonliklardan biri o‘sha kuni kech tushgach hayot butunlay o‘zgarganini anglagani haqida gapirgandi: «Deraza ortida zulmat va sukunat. Bu tarixdagi eng qayg‘uli kun edi. Kobul xo‘rsinib nafas olardi».

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top