01:43 / 22.09.2021
15252
Tailandlik taksichilar norozilik sifatida mashinalari tomlarini “tomorqa”ga aylantirishdi

Tailandda pandemiyada vaqtida sayyohlar oqimi kamayib ketgani sababli ishsiz qolgan taksichilar o‘z mashinalari tomini “kichik tomorqa”ga aylantirib, unda turli ekinlar yetishtira boshlashdi. Bangkoklik taksichilar shu yo‘l bilan hukumatning e'tiborini og‘ir ahvolda ekanliklariga qaratishga qaror qilishgan.

Ta'kidlanishicha, kimdir mashinasi ustidagi “tomorqa”da pomidor ekkan bo‘lsa, yana kimdir bodring, loviya yetishtira boshlagan.

Taksichilar pandemiya bilan bog‘langan cheklovlar sababli moliyaviy zarar ko‘rganlari tufayli ushbu aksiya birinchi navbatda namoyishkorona ko‘rinishga ega hisoblanadi. Misol uchun, taksi xizmatlari ko‘rsatuvchi Ratchapruk va Bovorn Taxi kompaniyalarida Bangkokda mijozlarni tashish bilan shug‘ullanayotgan 500 mashina faoliyat yuritmoqda, qolgan 2500 mashina esa avtoturargohlarda bekor turibdi. Boz ustiga, ushbu mashinalardan bir qismi kreditga olingan.

“Bu bir vaqtda ham norozilik akti, ham og‘ir davrda xodimlarim qornini to‘yg‘azish yo‘lidir. Tailand ko‘plab yillar davomida siyosiy silsilalarni va 2011 yilda katta toshqinni boshdan kechirgan, biroq biznes hozirgidek falokatli holatda bo‘lmagandi”, deb aytgan kompaniyalardan biri rahbari.

Uning aytishicha, Ratchapruk va Bovorn Taxi vakillari bankka umumiy hisobda 2 mlrd Tailand bati (60,8 mln dollar) to‘lashlari kerak. Hukumat esa pandemiya vaqtida kompaniyalarga hech qanday moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmagan.

Ta'kidlash joiz, bu Tailand poytaxtida taksichilarning norozilik aksiyasi orqali hukumat e'tiborini qaratishga birinchi urinishi emas. Avgust boshida minglab taksichilar o‘z mashinalarida bir vaqtda shaharning asosiy ko‘chalaridan biriga chiqqandi. Haydovchilar shu yo‘l bilan hukumatdan koronavirus cheklovlarini yengillashtirishni talab qilishgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top