09:50 / 23.09.2021
3888
Jazoir Marokash uchun havo hududini yopdi

Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun mamlakat havo hududi Marokash aviatsiyasi uchun yopilishini e'lon qildi. Ushbu qaror Tabbun boshchiligida o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha oliy kengash yig‘ilishida qabul qilingan. 

Foto: AFP

“Marokash tomonidan chegaradagi dushmanona va ig‘vo harakatlarini hisobga olib, xavfsizlik bo‘yicha oliy kengash Marokashning barcha fuqaro va harbiy samolyotlari hamda u yerda ro‘yxatdan o‘tgan barcha samolyotlar uchun mamlakat havo hududini yopishga qaror qildi”, deb aytilgan Jazoir hukumati bayonotida.

Bundan avval, 24 avgustda Jazoir Marokashni “mintaqada birdamlik o‘rniga mojarolarga olib kelgan dushmanona harakatlarda” ayblab, u bilan diplomatik aloqalarni uzgandi.

Iyulda Jazoirda mamlakat aholisi Marokash tomonidan josuslik dasturi yordamida kuzatilgan bo‘lishi mumkinligi gumonlari bo‘yicha tergov boshlangan. Gap Isroilning NSO Group kompaniyasi ishlab chiqqan dastur haqida borgan. 

Bundan tashqari, avgust boshida Jazoirda kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgan. Mamlakat prezidenti bu yong‘inlarni uyushtirishda Jazoir shimolida yashovchi qabila xalqini qo‘llab-quvvatlovchi harakat a'zolarini ayblagan. Tabbunning ta'kidlashicha, harakat a'zolari Marokashdan moliyaviy ko‘mak oladi.

Natijada Jazoir Marokash bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qilgan.

Ko‘p yillar davomida Jazoir va Marokash o‘rtasidagi ziddiyatga Jazoir, Marokash va Mavritaniya bilan chegaradosh G‘arbiy Sahroi Kabir hududi masalasi sabab bo‘lib kelmoqda. 1976 yilgacha ushbu mintaqa Ispaniyaning mustamlakasi bo‘lgan, keyin esa uning katta qismini Marokash bosib olgan. Shundan keyin hududdagi isyonchilar Jazoir ko‘magida Marokashning boshqaruviga qarshi kurashni boshlagan. 1976 yilda G‘arbiy Sahroi Kabir hududida qisman tan olingan Sahroi Kabir arab demokratik respublikasi tashkil etilgan.

Top