18:35 / 24.09.2021
16069
“Atigi 41 kishi suhbatga chaqirildi” – O‘zbekistonliklar Toshkentdagi elchixonani grin-karta masalasida sustkashlikda ayblamoqda

Bir guruh o‘zbekistonliklar AQShning Toshkentdagi elchixonasi DV-2021 dasturi g‘oliblariga viza berishda sustkashlik qilayotganidan shikoyat qilishdi. 16 sentyabrdan buyon atigi 41 kishi suhbatga chaqirilgan. Elchixona tahririyatning bu boradagi so‘roviga javoban dastur g‘oliblariga viza berish eng oxirgi o‘rindagi masala ekanini ma'lum qildi.

141 mamlakatdan 24 ming nafardan ortiq odam, jumladan, 350 nafar o‘zbekistonlik “Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi” (Diversity Immigrant Visa Program – AQSh rezidenti maqomini olish huquqini beruvchi vizalar olish dasturi) g‘oliblarining arizalarini ko‘rib chiqishdan bosh tortayotgani sababli AQSh hukumati bilan sudlashayotgani haqida avvalroq xabar berilgandi.

Sudda da'vogarlar manfaatlarini himoya qilayotgan amerikalik advokat Kyortis Morrison va o‘zbekistonliklar o‘rtasida vositachilik qilayotgan O‘tkir Rahmatullayevning aytishicha, Kolumbiya okrug sudining 9 sentyabrdagi qarorida javobgar [AQSh Davlat departamenti] zimmasiga 2021 yil 30 sentyabrga qadar DV-2021 dasturi g‘oliblarining arizalarini ekspress rejimida ko‘rib chiqishi, buning uchun o‘z vakillari orqali vijdonan harakat qilishi kerakligi ta'kidlangandi.

Shuningdek, sud qarorida boshqa turdagi, ya'ni DV bo‘lmagan vizalar bo‘yicha arizalarini ko‘rib chiqishda 2020 yilning noyabr oyida Davlat departamenti tomonidan AQShning xorijdagi elchixonalari faoliyatiga tatbiq etilgan ustuvorlik siyosatiga tayanmaslik haqida so‘z boradi. Ya'ni yuqoridagi ustuvorlik prinsipi bo‘yicha grin-karta lotereyalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish eng oxirgi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, sud AQShning xorijdagi elchixonalari tomonidan bu tamoyilga amal qilmaslikni, balki bu bo‘yicha arizalar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi kerakligini o‘z qarorida belgilab qo‘ygan.

Biroq Kun.uz’ga murojaat qilgan vatandoshlar AQShning Toshkentdagi elchixonasi sudning ushbu qarorini ijro etmayotgani, garchi sayt savollariga javoban elchixona “O‘zbekistondagi “Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi”ga bo‘lgan qiziqishni e'tirof etishi, qadrlashi hamda konsullik bo‘limi ayni paytdagi va kelgusi viza arizalarini ko‘rib chiqish uchun vijdonan harakat qilishi”ni ta'kidlagan bo‘lsa-da, amalda bu so‘zlarga teskari harakat qilayotganini aytishmoqda.

“Sud o‘z qarori bilan bir viza talabnomasidan ikkinchisining ustun qo‘yilishini vaqtincha bekor qilgan bo‘lsa-da, amalda bu sezilayotgani yo‘q. To‘g‘ri, AQShning Toshkentdagi elchixonasi 16 sentabr kuni o‘zbekistonlik DV-2021 dasturi g‘oliblarini viza suhbatlariga chaqirishni boshlagandi. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, shu kuni 20ta ariza bo‘yicha jami 41 kishi 28 sentabr kungi suhbatga chaqirilgan.

Biroq negadir keyingi kunlarda bu jarayon to‘xtab qolgan. Ya'ni 17 sentyabrdan beri 41 kishidan boshqa hech kim suhbatga chaqirilmadi. Elchixona bu harakati bo‘yicha hech qanday izoh bermayapti.

Bundan tashqari, 41 kishi qanday tartib asosida suhbatga chaqirilganini ham bilmaymiz. Agar arizalarning tartib raqami bo‘yicha chaqirishayotgan bo‘lsa, u holda nima uchun 2021EU293, 340, 577, 622, 792 va 938 keyslaridan oldin 2021EU1029 keys suhbatga chaqirilgan?” – deydi O‘tkir Rahmatullayev.

Kun.uz o‘rganishlar davomida yuzaga kelgan yangi savollar bilan AQShning Toshkentdagi elchixonasiga takroran murojaat qildi.

“AQShdagi Milliy viza markazi elchixonalardagi DV talabgorlari orasidan viza suhbatlari uchun barcha nomzodlarni tanlab oldi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi alohida holatlar bo‘yicha izoh bera olmaydi. Biz yana bir marta ta'kidlamoqchimizki, konsullik bo‘limi COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan cheklovlar resurslar yetishmayotganiga qaramasdan, DV dasturi bo‘yicha hozirgi va kelgusi arizalarni ko‘rib chiqish uchun vijdonan harakat qilmoqda.

Elchixona immigratsion vizalar bilan bog‘liq ishlarni Davlat departamentining ustuvorlik jadvaliga muvofiq ko‘rib chiqishni davom ettirmoqda. Ushbu jadvalga ko‘ra DV vizalari ustuvorlik bo‘yicha eng quyi o‘rindadir”, – deyiladi rasmiy javobda.

Biroq elchixona tahririyatning o‘zbekistonlik DV-2021 dasturi g‘oliblari qaysi tartib asosida suhbatga chaqirilgani, viza suhbatlari nima uchun 28 sentyabrga belgilangani, ularni avvalroq, masalan, 20 sentyabrdan boshlab suhbatga chaqirishga nima to‘sqinlik qilgani, jarayon 16 sentyabrdan keyin qaysi sababga ko‘ra to‘xtab qolgani, ishlar bu qadar sust olib borilsa, 30 sentyabrgacha yana necha kishi suhbatga chaqirilishi mumkinligi haqidagi savollarini “ularga o‘tgan safar javob berilgani” haqidagi iddao bilan javobsiz qoldirdi.

Kun.uz muxbiri so‘zlashgan o‘zbekistonliklarning aytishicha, AQShning Toshkentdagi elchixonasidan farqli o‘laroq Rigadagi elchixonasi tomonidan viza suhbatlari 6 kun ichida tashkillashtirilmoqda. Vatandoshlarimiz esa bu kunni 12 kun kutishlariga to‘g‘ri kelyapti.

30 sentyabrgacha arizalarni ko‘rib chiqish muddati yakuniga yetadi. Shundan keyin grin-karta g‘oliblarining imkoniyati kuyib ketadi. Bu elchixonaning Kun.uz’ga taqdim etilgan javobida ham ta'kidlangan.

Ishlar bu qadar sust olib borilsa, 30 sentyabrgacha yana necha kishi suhbatga chaqirilishi noma'lum. Xuddi shunday sharoitda ishlayotgan AQShning Tbilisidagi elchixonasi DV-2021 g‘oliblarini 30 sentyabrda ham suhbatga chaqirgan. “Mana buni vijdonan ishlash deb aytish mumkin”, demoqda O‘tkir Rahmatullayev.

Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya okrugi sudi tomonidan DV-2020 dasturi g‘oliblariga oid ish bo‘yicha yakuniy qaror e'lon qilinishi kutilmoqda. Da'vogarlar suddan AQSh Davlat departamenti grin-karta vizasini 2021 yil 30 sentyabrgacha bermagan taqdirda DV-2021 dasturi g‘oliblari uchun vizalarni zaxiralashga majburlaydigan sud buyrug‘i chiqarib berishni so‘rashmoqda. DV-2021 dasturida 2082 nafar o‘zbekistonlik g‘olib chiqqan.

Jamshid Niyozov

Top