11:40 / 27.09.2021
14726
Ikkinchi va undan keyingi ta'limni olish tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan oliy ta'lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta'limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Oliy ma'lumotga ega bo‘lgan bakalavr (diplomli mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta'limni olishi mumkin.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim bo‘yicha qabul parametrlari OTM kengashi tomonidan belgilanadi. 

O‘qishga kirish uchun abituriyentlar har yili 10 iyuldan 10 avgustgacha (shu kuni ham) Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Qabul tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o‘tkazish muddatlari) har yili 1 iyulgacha OTM rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Qabul natijalari har yili 30 avgustgacha OTM tomonidan e'lon qilinadi. 

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta'limda o‘qish 2-kursdan boshlanadi. Bunda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi. 

Nizom oliy harbiy ta'lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Mazkur tartib 2022 yil 1 maydan kuchga kiradi.

Top