Nizomga muvofiq, mazkur mexanizm orqali talabalar o‘z o‘qishini davom ettirish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlov olishi, ish beruvchilar esa o‘z ehtiyojiga mos kadrlarni oldindan tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, oliy ta’lim tashkiloti, talaba va buyurtmachi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalarda buyurtmachi sifatida ishchilar soni 50 nafardan ortiq bo‘lgan yoki qiymati kamida 1 mln AQSh dollarlik investitsiya loyihasiga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.

Nizomda talabalarni saralab olish tartibi ham belgilangan. Xususan:

  • talabalar har yili 20 sentabrgacha saralashda qatnashish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi va unga o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotnomani ilova qiladi;
  • saralovda ishtirok etish uchun talabgorning joriy o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi;
  • tanlov komissiyasi har yili 15 oktyabrgacha talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi;
  • saralashda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, nizomga ko‘ra, talabalar o‘qishni tugatgach, buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi. Uch tomonlama shartnoma tuzgan va ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar bitiruvdan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinishi nazarda tutilgan.