20:22 / 27.09.2021
14814

Makronga Lionga tashrifi vaqtida tuxum uloqtirildi

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronga Liondagi Eurexpo ko‘rgazmasiga tashrifi vaqtida tuxumga o‘xshash buyum uloqtirildi. Buyumni uloqtirgan erkak qo‘lga olingan, deb xabar berdi Lyon Mag nashri.

Buyum Makronning yelkasiga tegib, undan qaytgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, uloqtirilgan buyum suvda pishirilgan tuxum bo‘lgan.

Tuxumni uloqtirgan shaxs 20 yoshli yigit bo‘lgan. U tuxumni otishdan oldin “Yashasin inqilob!” deb hayqirgan. U ushlanib, qo‘llariga kishan taqilgan. Nashrning ta'kidlashicha, Makron yigit buni nima sababdan qilganini bilish uchun u bilan gaplashishni so‘ragan.

Iyulda 28 yoshli Damiyen Tarel Makron Drom departamentida aholi bilan muloqot qilayotgan vaqtda uning yuziga tarsaki tushirgan. Keyinroq erkak “hokimiyat vakiliga” hujum qilishda aybdor deb topilib, 4 oylik qamoq jazosiga mahkum qilingan.

Top