UzbekLife xorij mamlakatlaridagi muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatimiz qahramoni Navbahor Baudot aslida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasida tahsil olgan. Ammo, o‘zidagi iste'dod sabab hozirda moda olamida faoliyat olib bormoqda.

Birinchi ustozim – onam

Xorazm viloyati Gurlan tumanida voyaga yetganman. Onam ham tikuvchi edilar va men tikish-bichish kabilarni aynan onamdan o‘rganganman. Ammo, bundan tashqari chet tillarni o‘rganishga ham qiziqardim. Shu sababdan, 2000 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdim. O‘qish davomida ham turli modalar uylarida ishladim. 2007 yilda o‘qishni tamomlagach, Fransiyaga keldim va moda, dizayn sohasi mening kelgusi yo‘lim ekanligini tushunib yetdim.

Fransiyaga 200 AQSh dollar bilan kelganman

O‘qishni 2005 yilda bitirgach, maktabda dars berish uchun ishga kirdim. Ammo, “propiska” muammosi sabab bu yerda ishlay olmasdim. Onam bu vaziyatda mening har qanday qarorimni qo‘llab-quvvatlashini aytdi va men Fransiyaga kelish yo‘lini topdim. 2007 yil sentyabrda Fransiyaga dastlabki kelganimda faqatgina 200 AQSh dollar pulim bor edi. Bir oila bilan shartnoma tuzgandim va bu oilada 9 oy mobaynida yashashim kerak edi.

Qiyinchiliklarga o‘rganishni avvaldan boshlagandim

To‘g‘ri, bu yerda dastlab anchagina qiyinchiliklarga duch keldim. Til bilganim ham ularning madaniyatiga tez kirishib ketish imkoniyatini bermadi. Ammo, men bunday qiyinchiliklarni yengib o‘tishni avvaldan o‘rgangandim. 2000 yilda onam meni Toshkentga olib kelgan va bu yerda ham shu kabi jarayonlarni boshdan o‘tkazgandim.

Qarz olib, tikuv mashinasi olganman