22:08 / 29.09.2021
36912
OAV: AQSh Afg‘onistondan uzoqlashmaslik uchun Markaziy Osiyodagi bazalardan foydalanmoqchi

AQSh Afg‘onistondagi ehtimoliy tahdidlarga qarshi turish uchun rossiyaliklarning Markaziy Osiyodagi bazalaridan foydalanish imkoniyatlarini rasmiy Moskva bilan muhokama etmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Ekspertlarning hisoblashicha, amerikaliklarga birinchi navbatda razvedka ma'lumotlari kerak bo‘ladi / GETTY IMAGES

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, AQSh harbiylarining Markaziy Osiyodagi Rossiya bazalaridan foydalanish imkoniyatlari AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli hamda uning hamkasbi - Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov o‘rtasida Finlyandiyada o‘tgan yuzma-yuz uchrashuvda muhokama qilingan.

Amerika nashri xabarida Gerasimov hamkasbiga hech qanday va'da bermagani qayd etilgan. Ta'kidlanishicha, bu mavzu Jo Bayden ma'muriyati Afg‘onistondan qo‘shinlarni tezlik bilan olib ketganidan so‘ng, bu mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan terrorchilik tahdidlarni kuzatish va ularga javob qaytarish uchun yangi imkoniyatlarni qidirayotgani tufayli o‘rtaga chiqqan.

«AQSh va Rossiya terrorizm xavfidan xavotirda bo‘lsa-da, Rossiya bilan terrorizmga qarshi kurashish g‘oyasi, ayniqsa, siyosiy jihatdan, qiyinchiliklarga to‘la», deyiladi nashrda.

Rossiyaning «Kommersant'» gazetasi xabar berishicha, Rossiya va AQSh prezidentlarining iyun oyidagi sammiti chog‘ida Vladimir Putin Jo Baydenga Afg‘oniston borasidagi harakatlarni muvofiqlashtirishni taklif etgan. Xususan, u go‘yoki amerikaliklarga Tojikiston va Qirg‘izistondagi rus harbiy bazalaridan foydalanish taklifini bildirgan.

Putin va Bayden muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston masalasini muhokama qilgani haqidagi ma'lumotni sammit yakunida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqlagandi, lekin u uchrashuvda harbiy bazalar mavzusi tilgan olingan-olinmagani haqidagi savolga aniqlik kiritmagandi.

Endi, WSJ materiali e'lon qilinganidan so‘ng, Dmitriy Peskov aytmoqdaki, «bu muzokaralar [Putin va Baydenning] bo‘yicha aytish mumkin bo‘lgan barcha gap aytib bo‘lingan». «Interfaks» agentligining prezidentlarning yoki bosh shtablar boshliqlari muzokaralarida harbiy bazalar masalasi muhokama qilingan-qilinmagani to‘g‘risidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savoliga u javob bermadi.

«Assoshieyted Press» agentligi ikki generalning 22 sentabr kungi uchrashuvi to‘g‘risidagi xabarida Mark Millining so‘zlarini keltirgan - amerikalik harbiy uchrashuv «samarali» kechgani haqida aytgan: «Bu samarali uchrashuv bo‘ldi. Buyuk davlatlarning harbiy rahbarlari muloqot qilganda, dunyo xavfsizroq joyga aylanadi».

Rossiya bir necha yil mobaynida o‘z hududi va havo kengliklaridan harbiy yuklar olib o‘tilishiga ruxsat berib, NATO mamlakatlariga Afg‘onistonda amaliyotlar o‘tkazishda yordam ko‘rsatgandi. Bu de-fakto 2009 yilda boshlangan va 2015 yilga qadar davom etgan.

Mark Milli va Valeriy Gerasimov Helsinkida / ALEXEI YERESHKO/TASS

2010 yilda Lissabondagi NATO sammitiga taklif etilgan Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bu yordamni rasman qo‘llab-quvvatlab tasdiqlagandi. Hatto Rossiyaning Ulyanovsk shahrida NATOning maxsus yuk tushirish va qayta yuklash punktini ochish rejalashtirilgandi.

Shu bilan birga, natochilarning yuklari Rossiya hududi orqali rus samolyotlari va rus poyezdlarida tashilgan. 2012 yilda, o‘sha vaqtda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Rogozin Rossiya harbiy yuklar tranzitidan pul ishlayotganini ma'lum qilgandi.

Senatorlar qarshi
Amerika Senatidagilar bu xabarlarga munosabat bildirishda ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Kongress yuqori palatasi veb-saytida bir necha respublikachi senatorlarning AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostinga murojaati joylashtirilgan, unda ular Jo Bayden ma'muriyatini «terrorizmga qarshi kurashda ruslar bilan qandaydir harbiy hamkorlik qilish»dan tiyilishga chaqirgan.

Bayonotda aytilishicha, ular Barak Obama davridagi o‘zaro hamkorlik tajribasidan kelib chiqqan holda «Rossiyani terror tahdidlari to‘g‘risida ma'lumot berishdan ko‘ra AQSh va uning ittifoqchilari to‘g‘risidagi razvedka ma'lumotlari yig‘ish ko‘proq qiziqtiradi» deb hisoblashadi.

Bundan tashqari, senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya harbiy hamkorligi yuridik jihatdan mumkin emas. «Amerika qonunlaridan biriga ko‘ra, Rossiya «Ukraina hududidagi agressiya va okkupatsiyani to‘xtatmas hamda Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi Minsk protokollari shartlariga rioya etishni boshlamas ekan», ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni ta'minlash uchun moliyaviy mablag‘lardan foydalanishga ruxsat etilmaydi», deyiladi bayonotda. Senatorlarning fikricha, Rossiya bu shartlarni bajarmagan.

Umuman olganda shunday bo‘lishi mumkinmi?
Karnegi.ru bosh muharriri Aleksandr Baunov BBC bilan suhbatda aytishicha, vaziyat shunga olib bormoqdaki, AQSh Markaziy Osiyodagi Tojikiston va Qirg‘iziston hududida joylashgan bazalardan foydalanishi imkonsiz ish emas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik hamisha afg‘on yo‘nalishida «unutib turiladi».

AQSh 2014 yilgacha Qirg‘izistondagi «Manas» aerodromidan foydalangan / AFP

Bundan tashqari, Baunov G‘arb va Rossiyaning Afg‘onistondagi munosabatlari boshqacha xususiyatlarga ega: «Osiyo Yevropadan farq qiladi - u yerda qutblanish yo‘q. Bo‘lsa ham, «yoki-yoki» shaklida emas».

«U yerda NATO yo‘q, hech qanday Rossiya-Amerika munosabatlari yo‘q. NATO va «kulrang maydon» bor bo‘lgan Yevropada Rossiya-Amerika munosabatlari bor. Sharq bor, Moskva, G‘arb va o‘z tanlovini qilgan yoki qila olmagan bir qancha davlatlar hamda hududlar bor, ularning qaysisidir Moskvadan, qaysisidir G‘arbdan norozi - ushbu «kulrang maydon» uchun kurash kechadi. Osiyoda esa NATO yo‘q, Rossiyaga qarshi harbiy blok yo‘q, Amerika harbiylarining Pokistonda bo‘lishi ularning Polshada bo‘lishi kabi og‘riqli qabul qilinmaydi», deydi ekspert.

Iqtisodiyot oliy maktabining Jahon iqtisodiyoti va jahon siyosati fakulteti professori Andrey Kazansevning hisoblashicha, aksincha, Rossiyadagilar mintaqada amerikaliklar bo‘lishidan xavfsirashadi - buni hatto jahon terrorizmidan jiddiyroq xavf deb bilishadi.

Uning hisoblashicha, bu vaziyat o‘zgarishi ham mumkin: «Yoki Rossiya uchun muhim bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda kelishib olinadi, bu holatda qarama-qarshilik darajasi pasayadi va AQSh xalqaro terrorizmdan ko‘ra xavfsiz bo‘lib qoladi. Yoki, aksincha, xalqaro terrorizm xavfi hozirgidan ham ko‘ra orsa».

Kazansevning fikricha, bunday maslahatlashuvlar o‘tkaziladi, ammo yuqoridagi ikki shart o‘zgarmaydi, ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik sezilarli darajada yo‘lga qo‘yilmaydi.

Razvedka va ma'lumotlar
Tojikistonda Rossiyaning 201-harbiy bazasi joylashgan. Ma'lumotlardan biriga ko‘ra, bazada olti mingdan ortiq harbiy xizmatchi borligi aytilgan, boshqasida - bu raqam uch ming atrofida. Baza tarkibiga Mi-8 va Mi-24 vertolyotlari aviaguruhi ham kiradi, aviatsiya qurilmalari Dushanbe yaqinidagi «Ayni» harbiy aerodromiga joylashtirilgan.

Qirg‘iziston ko‘p vaqt davomida o‘z hududida ham ruslarning, ham amerikaliklarning harbiy bazasini joylashtirgan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib keldi. Bular harbiy aerodromlar - rossiyaliklarning harbiy samolyotlari va vertolyotlari joylashgan Chuy oblastidagi «Kant» aviabazasi hamda Rossiya bazasidan 30 kilometr masofada joylashgan amerikaliklarning «Manas» aviabazasi.

«Manas» harbiy yuklar tranziti uchun muhim vazifani bajargan - 2001 yildan 2014 yilga qadar aviabaza orqali 26 mamlakatga mansub bo‘lgan besh million askar o‘tgan. 2014 yilda Qirg‘iziston AQSh bilan shartnoma muddatini uzaytirishdan bosh tortadi.

Rossiyalik harbiy ekspert Viktor Muraxovskiyning so‘zlariga ko‘ra, nazariy jihatdan AQSh afg‘on chegaralari yaqinida razvedka vositalari, uchuvchisiz uchish qurilmalari boshqaruv punktini joylashtirishdan manfaatdor bo‘lgan bo‘lardi. «Ammo men gap harbiy guruhlarni joylashtirish haqida ketishi mumkin deb o‘ylamayman. Men hatto maxsus topshiriqli kichik bo‘linmalar joylashtirilishi haqida ham o‘ylamayman. Bu faqat qandaydir texnik vositalar, aviatsiya, radioelektron qurilmalar bo‘lishi mumkin», degan u.

Muraxovskiyning hisoblashicha, AQSh Rossiya bilan munosabatlarda sanksiyalar qo‘llash siyosatini to‘xtatmas ekan, «ikkinchi Ulyanovsk» bo‘lmaydi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top