09:08 / 01.10.2021
4940

Arxiv ishi va ish yuritish sohasida yangi reglamentlar qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti (1);

mavzuli so‘rovlarni ijro etish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti.
 
Ma'muriy reglament (1) jismoniy shaxslarga yoki ularning yaqin qarindoshlariga (eri yoki xotini, farzandlari, nevaralari, aka-uka va opa-singillari) (keyingi o‘rinlarda – ariza beruvchi) davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Mehnat daftarchasidagi yozuvlar davlat arxivlarida saqlanayotgan tashkilotlar hujjatlariga asosan tasdiqlanadi.

Ushbu xizmat davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari markazlari va davlat arxivlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi ERIni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etishi kerak yoki xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi. Ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilganda, so‘rovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi ilova qilinadi.

YaIDXP orqali so‘rovnoma berilganda uni ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi bitta tashkilotdagi ishga kirgan va ishdan bo‘shaganligi bo‘yicha yozuvlarni tasdiqlash uchun 0,08 BHM miqdorida yig‘im undiriladi. Bunda YaIDXP orqali so‘rovnoma berilganda belgilangan summaning 90%i miqdorida yig‘im undiriladi.

Ariza beruvchi tomonidan yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ma'lumotlar so‘rovnoma tushgan vaqtdan boshlab 20 ish kunidan oshmagan muddatda davlat arxivi tomonidan shakllantiriladi hamda tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali elektron shaklda ariza beruvchiga yuboriladi.

Top