21:07 / 03.10.2021
16300
Andijon xalqaro aeroportida qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan

O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvga berilgan shaxs Andijon xalqaro aeroportida ushlangan.

Namangan viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, qidiruvdagi shaxs 2021 yilning 28 sentyabr kuni o‘tkazilgan “Qidiruv” tadbiri davomida qo‘lga tushgan. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi (167-modda. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 228-moddasi 2- va 3-qismlari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan.

Rasmiy xabarda qo‘lga olingan shaxsning 1975 yilda tug‘ilgani, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashagani qayd etiladi. Biroq viloyat IIB xabarida gumonlanuvchining jinsiga, qachondan buyon qidiruvda ekanligiga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tuman IIB JQB tezkor vakili tomonidan qo‘lga olingan ushbu shaxs Andijon xalqaro aeroportida nima qilayotgani, qaysi davlatga uchib ketishga harakat qilgani, yonidan nimalar topilgani ham ochiq qolgan. Holbuki, ochiqlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talabiga ko‘ra rasmiy relizlarda bu kabi savollar tug‘ilishiga imkon qoldirilmasligi kerak.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida huquqbuzarlik sodir etib, yashirinib yurgani uchun qidiruv e'lon qilingan shaxslarning ro‘yxati keltirilgan. 2021 yil 3 oktabr holatiga ko‘ra, IIV rasmiy saytida qidiruv e'lon qilingan shaxslar soni 3450 nafarni tashkil qilmoqda. Andijon xalqaro aeroportida qo‘lga olingan shaxsning ism-sharifi ochiqlanmagani va tug‘ilgan sanasi to‘liq ko‘rsatilmagani uchun u qachondan beri qidiruvda ekanini IIV rasmiy saytidan aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Avvalroq qariyb 6 yildan beri qidiruvda bo‘lgan buxorolik shaxs Moskva viloyatidan topilgan, 1999 yilda Toshkentda uyushtirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida qatnashgan va 23 yil davomida qidiruvda bo‘lgan shaxs xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan, Surxondaryoda o‘g‘rilik jinoyatini sodir etib qochib yurgan shaxs qo‘lga olingan edi.

Top