21:17 / 13.10.2021
21318
G20 sammiti: G‘arb afg‘onlarga yordam bermoqchi, ammo toliblarga emas

Seshanba kuni Italiya tashabbusi bilan Katta yigirmatalik davlatlari rahbarlari ishtirokida navbatdan tashqari virtual sammit boshlandi va unda Afg‘oniston masalasi muhokama etildi. Bu mamlakatda vaziyat gumanitar falokat sari ketar ekan, jahondagi ko‘plab siyosatchilar toliblarning yangi hukumati bilan hamkorlik muqarrarligiga ko‘nishga majbur bo‘lmoqda.

G20 davlatlari istaydimi yo‘qmi, ular baribir toliblar bilan hamkorlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Hatto insonparvarlik yordamini ularning qo‘liga topshirishga ham.

Germaniya kansleri Angela Merkel xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonda xaos yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaslikdan ogohlantirdi. U sammit ishtirokchilariga «Tolibon» boshqaruvi davrida bu mamlakat iqtisodiyoti butkul qulab tushishidan hech kim hech narsa yutmasligini aytib o‘tdi.

Kanslerlik lavozimi yakunlanayotgan Merkel Germaniya Afg‘onistonga 600 mln yevro miqdorida insonparvarlik yordami ajratishga tayyorligini tasdiqladi.

Jahon yetakchilari, jumladan AQSh prezidenti Jo Bayden afg‘onlarga moliyaviy yordam to‘g‘ridan to‘g‘ri «Tolibon» orqali emas, mustaqil xalqaro tashkilotlar orqali yuborilishi kerakligini qayd etishdi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Afg‘onistonga 1 milliard dollar miqdoridagi yordam paketi ajratishni taklif etdi, shundan 300 mln dollar gumanitar falokatning oldini olishga qaratilgan.

Fon der Lyayyen nazarda tutgan summaning qolgan qismi qaysi maqsadlarga yo‘naltirilishiga aniqlik kiritilmagan.

BMT rahbari Antoniu Guterrish mablag‘lar Afg‘onistonning yangi hukumati qo‘liga berilishiga qarshi chiqdi, u mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritishni taklif etgan.

Sammit ishtirokchilarining qator ishtirokchilari Afg‘onistonga yordamni toliblarning inson huquqlariga qay darajada rioya etishiga bog‘liq qilib qo‘yishni taklif etgan.

«Meni ayniqsa toliblarning qizlar va ayollarga aloqador va'dalari bajarilmayotgani tashvishga solmoqda», degan Guterrish.

Ayniqsa ayollarning toliblar boshqaruvidagi holati Katta yigirmatalikni tashvishga solmoqda. Suratda - Kobulda 3 sentyabr kungi namoyishlar

Kuzatuvchilarning fikricha, G‘arb amalda uddalab bo‘lmas topshiriq bilan to‘qnashmoqda: «Tolibon» bilan bevosita aloqani chetlab o‘tgan holda oddiy afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish.

«Bizda o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q. Harakat qilish, imkon qadar tezroq harakat qilish kerak», degan sammit boshida Yevropa Ittifoqining xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Terroristik tahdid
Jahon hamjamiyatini tezkorlik bilan harakat qilishga undayotgan yana bir omil shundaki, toliblar bunga yo‘l qo‘ymaslikka va'da bergan bo‘lishsa-da, Afg‘oniston yana turli terrorchi guruhlar uchun bazaga aylanib qolishi mumkin.

O‘tgan haftaning yakshanbasida Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida shialar masjidida juma ibodati vaqtida terrorchi xudkush o‘zini portlatdi. Terakt qurbonlari soni 60dan oshdi.

Toliblarning va'dalariga qaramay, Afg‘oniston terrorizm o‘chog‘i bo‘lib qolishi mumkin: xavfsizlik bo‘yicha vaziyat juda beqaror / EPA

Bu mamlakatda amerikalik harbiylar olib ketilishidan keyin ro‘y bergan eng yirik terakt bo‘ldi. Bu portlash uchun javobgarlikni «IShID-Xuroson» guruhi o‘z zimmasiga oldi. So‘nggi vaqtlarda mamlakat sharqida ham shialarga qator hujumlar amalga oshirilmoqda.

Toliblarga qarshi chiqayotgan bu guruh faol harakatlanayotgani shuni ko‘rsatadiki, toliblar mamlakatdagi vaziyatni to‘liq nazorat qilishga qodir emas.

Masalan, Qatar xavfsizlik bo‘yicha bunday tashvishli vaziyatda va gumanitar inqiroz fonida toliblarning hokimiyati legitimligi tan olinish-olinmasligi kun tartibidagi masala emas deb hisoblaydi.

Qatar TIV rahbari Mutlaq al-Qahtoniy ular hozirda muhim masalalarni yechishda hisoblashishga to‘g‘ri kelayotgan yagona ma'muriyat ekanini ta'kidlagan.

Muzokaralar
Amerikaliklar Afg‘onistonni tark etganidan keyin ilk bor 9-10 oktabr kunlari Qatar hukumati vositachiligida AQSh delegatsiyasi Dohada toliblar vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi.

Afg‘oniston iqtisodiyoti o‘z holiga tashlab qo‘yilgan va sarmoyalarga juda muhtoj / EPA

«Uchrashuvlar ochiq va professional ruhda o‘tkazildi, AQSh delegatsiyasi yana bir bor toliblarga so‘zlari uchun emas, qilgan ishlariga qarab baho berilishini eslatdi», deyiladi Davlat departamenti saytida uchrashuv yakunlari bo‘yicha berilgan hisobotda.

Tomonlar xavfsizlik masalalari hamda terrorizmga qarshi kurash, inson huquqlariga rioya etish, xususan, ayollar huquqlari, gumanitar kun tartibi, shuningdek, amerikalik fuqarolar, boshqa mamlakatlar fuqarolari, xalqaro missiyalar va kompaniyalarning afg‘onistonlik xodimlarining mamlakatdan chiqib ketishi uchun xavfsiz yo‘laklar ochib berilishi masalalarini muhokama qilishgan.

Toliblar bu masalalarning ko‘p qismi bo‘yicha avval ham va'dalar berishgan, ammo amalda buning aksini qilishgandi. Xususan, qizlar baribir maktablarga qaytishmadi, oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun dress-kod bo‘yicha qat'iy tartiblar joriy etildi hamda ayollar ko‘chalarga mahramsiz chiqishi taqiqlandi.

Mamlakatda avvalgi hukumat davrida G‘arb davlatlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarga hamda jurnalistlarga qarshi reydlar amalga oshirilmoqda. Ayrim holatlarda ularni uydan topa olmagan toliblar ularning oila a'zolari va qarindoshlarini o‘ldirishmoqda.

Dohadagi uchrashuv arafasida AQSh Davlat departamentidagilar bu muzokaralar Vashington toliblarning Afg‘onistondagi hokimiyatini rasman tan olishini anglatmasligini alohida qayd etishgandi.

O‘z navbatida, muzokaralar chog‘ida toliblar delegatsiyasi amerikaliklarni ogohlantirib, yangi hukumatga tashqaridan bo‘ladigan har qanday bosim birinchi navbatda Afg‘oniston xalqiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini qayd etib o‘tishgan.

«Biz ularga aniq qilib aytdik, bizning hukumatimizni beqarorlashtirishga bo‘lgan urinishlar hech kimga foyda keltirmaydi», dedi Afg‘onistonning yangi tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Dohadagi uchrashuv yakunlangach jurnalistlarga bergan intervyusida.

«Afg‘oniston bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish barcha uchun foydali. Afg‘onistonning hozirgi hukumatini kuchsizlantiradigan qandaydir harakatlar qilish kerak emas, chunki bu faqat xalq uchun muammolar keltiradi», deya uning so‘zlarini keltirgan «Frans press» agentligi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top