08:02 / 14.10.2021
5428
Yil boshidan beri 7 nafar o‘zbekistonlik sportchida doping aniqlandi

2021 yilning 9 oyi davomida 7 nafar o‘zbekistonlik sportchida doping aniqlandi. Ularning 3 nafari xalqaro musobaqa ishtirokchisi bo‘lgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy antidoping agentligi axborot xizmati rahbari Humoyun Omonov ma'lum qildi.

Foto: TASS

Qayd etilishicha, agentlik tomonidan o‘tgan 9 oy davomida barcha sport turlari bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilardan 312 ta doping-sinamalar olindi va 4 ta sportchi taqiqlangan modda iste'mol qilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, 3ta xalqaro musobaqalarda ham doping-sinamalarni olish agentlikka ishonib topshirildi. Bunda 41 ta sportchilarda tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning 3 nafari taqiqlangan modda iste'mol qilganligi ma'lum bo‘ldi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari davomida barcha sportchilar qatori o‘zbekistonlik sportchilardan ham doping-sinamalar olindi.

O‘zbekistonlik olimpiyachilardan jami 16 ta doping-sinama olinib, ulardan 11 tasi musobaqadan oldin va 5 tasi musobaqa davriga, ya'ni bevosita musobaqalar finalidan keyinga to‘g‘ri keldi. 

Paralimpiya sportchilarimizdan esa jami 39 ta doping-sinama olindi, ulardan 21 tasi musobaqadan oldin va 18 tasi musobaqa davriga, ya'ni musobaqalar finalidan keyinga to‘g‘ri keldi. Musobaqadan oldin olingan tezkor doping-sinamalarning barchasida taqiqlangan moddalar aniqlanmaganligi bois sportchilar bahslarda ishtirok etgan. 

Musobaqa sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan jahon hamda olimpiya va paralimpiya rekordlarini o‘rnatgan sportchilar doping tekshiruvidan o‘tgan. Ular tezkor tahlil qilinmasligi bois natijalar belgilangan muddatlarda e'lon qilinishi aytilgan.

Mavzuga oid
Top