13:10 / 19.10.2021
273
Toshkent shahrida internet tezligini 5 barobarga oshirish rejalashtirilgan 

Toshkent shahrida internet tezligini 5 barobarga, raqamli xizmatlar hajmini 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: AKKet.com

“Kelgusi besh yilda shaharda internet tezligini 5 barobarga, raqamli xizmatlar hajmini 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan. 

Shu maqsadda, “Raqamli Toshkent” va “Aqlli shahar” dasturlari amalga oshirilib, ular doirasida: shaharda quriladigan har bir ko‘p qavatli uy-joy, ta'lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa obektlar yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan jihozlanishi shart bo‘ladi; mavjud 2 mingta tibbiyot tashkilotlari, bog‘cha, maktab, oliygoh va mahalla idoralari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi; barcha metro stansiyalari, avtobus bekatlari va boshqa jamoat joylari simsiz internet tarmog‘i bilan ta'minlanadi; davlat xizmatlari va pensiya tizimi to‘liq raqamlashtiriladi; shahar aholisi uchun yagona tibbiy karta, tibbiy sug‘urta va elektron retsept axborot tizimlari ishga tushiriladi.

Shuningdek, barcha tumanlarda “Xavfsiz shahar” tizimi joriy etiladi. Bunda, sun'iy intellekt qurilmalaridan keng foydalangan holda, aholi gavjum joylar, dam olish maskanlari, vokzal va aeroportlar hamda chorrahalarda shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumanida “AyTi park” foydalanishga topshirilib, raqamli mahsulotlar hajmi 100 million dollarga yetkaziladi. Bunda zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, telemeditsina, elektron tijorat, transport va logistikada masofaviy boshqaruv, onlayn ta'lim kabi raqamli xizmatlar keng joriy etiladi. Bu orqali axborot texnologiyalari sohasida 21 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top