17:53 / 19.10.2021
2818
Toshkentda bog‘chaga bormaydigan 6 yoshli bolalarning 87 foizi majburiy tayyorlov guruhlariga jalb qilindi

Toshkent shahridagi maktabgacha ta'lim muassasasiga jalb qilinmagan 1933 nafar 6 yoshli bolalarning 1685 nafari bir yillik boshlang‘ich ta'limga bepul tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Bu haqda Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nafisa Umarova ma'lum qildi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Umarovaga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha 2021/22 o‘quv yiliga jami 1933 nafar bog‘chaga bormaydigan 6 yoshli bolalarni qamrab olish rejasi shakllantirilgan. Poytaxtda jami 152 ta maktabgacha ta'lim tashkilotida bepul majburiy ta'lim guruhlari ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu majburiy ta'lim guruhlarining barchasi yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilgan.

“Shakllantirilgan 1933 nafar qamralmagan 6 yoshli bolalarni qamrab olish ro‘yxati shahardagi faoliyat yuritishga tayyorlangan guruhlarga biriktirildi. Ushbu guruhlar oliy ma'lumotli pedagoglar bilan ta'minlandi. Yangi o‘quv yilida oktabr oyi holatiga shahar bo‘yicha 152 ta guruhdan 87 tasi o‘z faoliyatini boshlab, bugungi kunga 1685 nafar 6 yoshli bolalar qamrab olindi”, – dedi Nafisa Umarova.

Ta'kidlanishicha, 6 yoshli bolalarni qamrab olish ishlari bugungi kunda ham davom etmoqda. Majburiy bepul ta'limda xarajatlar to‘liq budjet hisobidan qoplanadi. Boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlarida ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.

“Bosh boshqarma shu fursatdan foydalanib sizlarga shuni ma'lum qiladiki, agar 6 yoshli maktabgacha ta'limga qamrab olinmagan farzandingiz bo‘lsa, Toshkent shahrining barcha tumanlarida tashkil etilgan majburiy bepul maktabga tayyorlov guruhlariga yuborishingiz mumkinligini eslatib o‘tadi.

Buning uchun 71 235-47-35 raqamiga murojaat etishingiz mumkin”, – deya ma'lum qildi Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi.

Mavzuga oid
Top