14:52 / 21.10.2021
26174

Afg‘onistondagi iqtisodiy tanazzul qo‘shni mamlakatlarga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin?

Afg‘oniston iqtisodiyoti 30 foizga qisqarishi prognoz qilinmoqda. Bu millionlab odamlarning qashshoqlashib ketishi va ayanchli gumanitar inqirozga olib kelishi mumkin.

Foto: Getty Images

Afg‘onistonda vaziyat kundan kunga og‘irlashmoqda. Shu paytga qadar xalqaro moliyaviy yordamlar evaziga jon saqlab kelgan iqtisodiyot deyarli tanazzul holatiga kelib qoldi. Mamlakatdagi beqarorlik va qishloq xo‘jaligida hosil kam bo‘lgani sabab havo soviy boshlashi natijasida yordamga muhtoj aholi soni oshib bormoqda. Bu esa bir qancha salbiy oqibatlarga olib keladi.

Afg‘oniston iqtisodiyoti qanday edi?

So‘nggi yillarda Afg‘oniston iqtisodiyoti zaiflik va yordamga qaramlik natijasida shakllanib keldi.

JST ma'lumotlari asosida oxirgi 20 yillik bo‘yicha mamlakat YaIM o‘sishi tahlil qilib chiqilganda ham, 2003 yildan keyingi 10 yillik davr mobaynida mamlakat iqtisodiyoti o‘rtacha 9 foizdan yuqori o‘sdi. Bundan keyingi yillarda esa (xalqaro yordamlar kamayishi ta'sirida) o‘sish sur'ati sekinlashdi va 2015–2020 yillar oralig‘ida yillik o‘rtacha ko‘rsatkich 2,5 foizga tushib qoldi.

2020 yilda aholisi 40 millionga yaqin bo‘lgan Afg‘onistonda YaIM hajmi 19,8 mlrd dollar bo‘lib, aholi jon boshiga bu ko‘rsatkich 509 dollarni tashkil qiladi.

Mamlakat tashqi savdo aylanmasiga e'tibor qaratilsa, 2019 yilda mamlakat eksportining umumiy hajmi 870 mln dollarni, import esa 8,6 mlrd dollar (salbiy tashqi savdo saldosi deyarli 10 baravar yuqori) atrofida bo‘lgan.

Bundan tashqari, siyosiy nizolar sabab xavfsizlik uchun ajratiladigan budjet iqtisodiyotining 29 foizini tashkil qilgan.

Qochqinlar inqirozi

«Tolibon»ning hokimiyatga kelishi fonida Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston markaziy bankining AQShda saqlanayotgan aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, aprel oyi oxirida Afg‘oniston markaziy bankining valuta zaxiralari 9,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan so‘ng AQShning ta'siri kuchli bo‘lgan Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVF), Jahon banki (JB) kabi tashkilotlar tomonidan Afg‘oniston iqtisodiyotiga ko‘rsatib kelinayotgan yordamlar ham to‘xtatildi. Natijada valuta hisoblari muzlatilishi ortidan Afg‘onistonda naqd pul yetishmasligi tufayli oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘i narxi keskin qimmatlashib ketdi.

XVFning oxirgi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Afg‘oniston iqtisodiyoti 30 foizga qisqarishi kutilmoqda. Bu millionlab odamlar qashshoqlashib ketishi va ayanchli gumanitar inqirozga olib kelishi mumkin, bu esa birinchi navbatda qochqinlar soni ortishiga sabab bo‘ladi.

Qochqinlarning katta oqimi ularni qabul qiladigan qo‘shni respublikalarda davlat resurslariga yuk bo‘lishi, mehnat bozorida bosimni kuchaytirishi va ijtimoiy keskinlikka olib kelishi mumkin.

Avgust oyidagi eng yomon ssenariyda mintaqada yana 500 ming yangi afg‘on qochqini paydo bo‘lishi kutilayotgani aytilgan bo‘lsa, ayni paytda bu raqamlar qariyb 1 million kishigacha yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, havo harorati pasayib borishi natijasida uysiz qolgan afg‘onlarning ahvoli yomonlashmoqda. Yordamga muhtoj afg‘onistonliklar soni 20 millionga yetgan va ularning soni har kuni o‘sishda davom etmoqda.

Qo‘shni mamlakatlar qochqinlarni qabul qilishi mumkinmi?

Afg‘on qochqinlarini qabul qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shni mamlakatlar sifatida asosan Tojikiston, Pokiston va Eron ko‘rilmoqda. XVF hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Tojikiston uchun 100 million dollar, Eronga 300 million dollar va Pokistonga 500 million dollarga tushishi mumkin. Shuningdek, qochqinlarni qabul qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari asosiy nomzodlar sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati buni mutlaqo xohlamaydi.

Mintaqa mamlakatlaridan faqatgina Tojikistonda afg‘onlarni qabul qilish bo‘yicha qisman xohish bo‘lsa-da, mamlakatning iqtisodiy holati bunga to‘la darajada imkon bermaydi. Shu sabab Tojikiston xalqaro moliyaviy yordam olmaguncha ko‘p sonli qochqinlarni qabul qila olmasligini ma'lum qilgan.

O‘zbekiston hukumati ayni paytda afg‘on qochqinlarini qabul qilish rejalari mavjud emasligini bildirgan. Bunga asosli sabablarni ham keltirish mumkin.

Birinchidan, qochqinlarni joylashtirish O‘zbekiston budjeti uchun katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan bu borada aniq dastur va miqdorlarga asoslangan amaliy ishlar qilinmadi, ya'ni xalqaro moliyaviy yordam qaysi davlatlar tomonidan ko‘rsatilishi yoki uning aniq miqdori mavjud emas. 2015 yildagi og‘ir migratsion inqirozdan keyin Yevropa Ittifoqi afg‘on qochqinlarini qabul qilmasligini va ularni qo‘shni mamlakatlarga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar qilinishini aytishgan bo‘lsa-da, yakuniy va yakdil qaror qabul qilinmadi.

Ikkinchidan, afg‘on qochqinlarini qabul qilish mamlakatdagi ijtimoiy kayfiyatga jiddiy ta'sir o‘tkazadi. Aholining ko‘pligi afg‘onlardan xavfsirashadi va ularga nisbatan ishonchsizlik yuqori darajada.

Uchinchidan, O‘zbekiston oldida hech qanday xalqaro majburiyat ham mavjud emas. Mamlakat BMTning qochqinlar to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilmagan.

To‘rtinchidan, pandemiya holatidagi sanitariya-epidemiologiya muammolari, transchegaraviy jinoyatlar va giyohvand moddalar savdosi kengayish xavfining ortishi kabi muammolarni ham ko‘rsatish mumkin.

Afg‘onistondagi vaziyatning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy holatiga ta'siri

REUTERS/Zohra Bensemra

Afg‘oniston qadimdan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan faol savdo aloqalarida ishtirok etib kelgan va o‘ziga xos ko‘prik vazifasini ham o‘tagan. Ayni paytdagi iqtisodiy beqaror holat bir qancha salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi:

Birinchidan, Afg‘oniston ilgari katta miqdordagi xorijiy yordam olgan. Birgina Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti davlatlari 2001 yildan 2019 yilgacha Afg‘onistonga 65 milliard dollar xayriya qilgan. Bu mablag‘ning katta qismi savdo aloqalari orqali yaqin qo‘shni mamlakatlar Eron, Pokiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bozoriga kirib borgan. Ayni vaziyatda esa ko‘plab davlatlar va tashkilotlar Afg‘onistonga «terrorizmni moliyalashtirish»dan o‘zlarini tiyish uchun pul ajratishni to‘xtatganini ma'lum qilgan.

Ikkinchidan, beqaror siyosiy holat Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarning xalqaro imiji va ichki investitsion muhitiga ta'sir o‘tkazadi. Masalan, Afg‘oniston inqirozi natijasida Pokistonning dollardagi obligatsiyalari narxi taxminan 1 foizga, O‘zbekistonning 2030 yilda to‘lanadigan dollarlik obligatsiyalari esa qariyb chorak foizga kamayib ketdi.

Shuningdek, beqarorlik xorijiy investorlar va biznes vakillariga Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiya kiritishdan o‘zlarini tiyishga majbur qiladi.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining oxirgi uchrashuvlarida Afg‘oniston ham bevosita mintaqadagi savdo aloqalarida teng huquqli a'zo davlat sifatida ko‘rilayotgandi. Xususan, Qozog‘istonning Afg‘onistonga eksporti 2017 yilda 560 mln dollar, 2018 yilda 510 mln dollarni, 2019 yilda esa qariyb 400 mln dollarni tashkil etgan. O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi 2020 yildagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasiga e'tibor qaratiladigan bo‘lsa, 777 mln dollarni tashkil etib, shundan 774,6 mln dollar eksport ulushiga, 2,3 mln dollar esa import hissasiga (ijobiy TSA saldosi 337 barobar ko‘p) to‘g‘ri kelgan. Moliyaviy holat yomonlashishi oqibatida esa Afg‘onistonning qo‘shni respublikalardan qarzdorligi ortib bormoqda. Xususan, mamlakatdagi DABS energetik korporatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, birgina Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar oldida elektr energiya uchun qarzi 62 mln dollarga yetgan. Ta'kidlanishicha, Tojikistonga 11,2 mln dollar, O‘zbekistonga 9,9 mln dollar va Turkmanistonga 5,1 mln dollar to‘lab berishi kerak. Bu kabi holatlar ortib borishi esa moliyaviy jihatdan qudratli bo‘lmagan qo‘shni respublikalar bilan munosabatlarga salbiy ta'sir o‘tkaza boshlaydi. Xavf yuqoriligi sabab mahalliy tadbirkorlar tavakkalchilik asosida savdo-sotiq uchun mablag‘ jalb qilishda katta risklarga duch keladi (avval ham risklar yuqori bo‘lgan, ammo xalqaro yordamlar evaziga afg‘on xalqida hozirgiga qaraganda ko‘proq mablag‘ bor edi).

To‘rtinchidan, Afg‘oniston hududi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan o‘ziga xos yo‘lak vazifasini bajaradi. Birgina «Termiz-Hayraton» ko‘prigidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali har yili 5 million tonnagacha turli yuklar tashilgan, ularning qariyb 70 foizi Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga olib o‘tilgan. Gumanitar inqirozning kuchayishi ortidan esa tahdidlar ortib boraveradi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi haqida gapirishga hali ancha erta va bu borada asosli omillar ham mavjud emas. Gumanitar inqirozning kuchayishi ortidan qochqinlar sonining ortib borishi esa qo‘shni mamlakatlarga nisbatan salbiy ta'sir o‘tkazadi va bosimni kuchaytiradi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top