18:52 / 24.10.2021
15158
«Oilaviy» ovoz berish holatlari hamon uchramoqda - Bahrom Qo‘chqorov

MSK raisi o‘rinbosari ayrim saylov uchastkalarida «oilaviy» ovoz berish holatlari uchrayotganini tasdiqladi. 519-saylov uchastkasida olingan videolavha ham tahlil qilingan, o‘rganish natijalari prokuraturaga yuborilgan.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Ayrim saylov uchastkalarida «oilaviy» ovoz berish (oilaning bir a'zosi boshqa qarindoshlari uchun ham ovoz berishi holati, bu qonun bilan taqiqlangan) holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda brifing chog‘ida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma'lum qildi.

«Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kuni o‘tkazilgan monitoring natijalari ba'zi saylov uchastkalarida oilaviy ovoz berish holatlari qayd etilganini ko‘rsatmoqda. 

Ta'kidlash joizki, ko‘rilgan keng targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan ushbu salbiy amaliyotdan hali-hanuz to‘laqonli voz kecha olmaganimizni ko‘rsatmoqda. Shuning uchun barcha fuqarolardan «Bir saylovchi – bir ovoz» tamoyiliga qat'iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz», degan Bahrom Qo‘chqorov.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 519-saylov uchastkasida olingan videoyozuv tarqalgan edi. Unda saylovga o‘g‘li bilan kelgan erkak qo‘lida ikki pasportni tutganicha ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tayotgani, ayni vaqtda uchastka saylov komissiyasi a'zolari uni ogohlantirmayotgani aks etgan. Shundan so‘ng erkak va bola byulletenni to‘ldirib, ovoz berish urnasiga borgan.

Foto: Makon / Telegram

«Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari bilan hamkorlikda butun saylov jarayonini monitoring qilib, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan xabarlar, fotosuratlar va videoroliklarni o‘rganib bormoqda. 519-saylov uchastkasida olingan videoyozuv ham tahlil qilindi. O‘rganish natijalariga ko‘ra to‘plangan ma'lumotlar prokuratura organlariga topshirildi», deya MSK raisi o‘rinbosari so‘zlarini keltiradi Gazeta.uz.

U Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston saylov amaliyotida «oilaviy» ovoz berish illati to‘liq barham topishi uchun bundan keyin ham tizimli choralar ko‘rishiga va'da berdi. «Saylov natijalarini soxtalashtirishga qarshi kurashning eng samarali yo‘li — bu jamoatchilik nazoratidir», deya qayd etadi Qo‘chqorov.

MSK ma'lumotiga ko‘ra, soat 17:00 ga qadar O‘zbekiston bo‘yicha jami saylovchilarning 71,8 foizi yoki 14 mln 258 ming kishi ovoz berdi.

Eng faol saylovchilar Andijon (77,1) Buxoro (75,2) va Farg‘ona (74,2) viloyatlarida kuzatilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Toshkent vaqti bilan 15:00 holatiga saylovda qonunbuzarlik holatlari yuz bergani bo‘yicha ma'lumot kelib tushmaganini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top